Линклар

Chelyabinsk viloyatining Kopeysk shahrida 29 yoshli o‘zbekistonlik Hakim Ochilov to‘rt odamni yong‘indan olib chiqdi. Shahar ma‘muriyati o‘zbek muhojiriga mahalliy o‘t o‘chiruvchilar safida ishlashni taklif etmoqda.


Chelyabinsk qaxramonlik ko‘rsatgan o‘zbek yigitini qutladi


Janubiy Ural markazi Chelyabinsk shahrining yon biqinida joylashgan Kopeyskda shahar ma‘muriyati va viloyat Yong‘inga qarshi kurash xizmati rahbariyati ko‘p bolali oilani olovdan olib chiqqan o‘zbekistonlik Hakim Ochilovni qutlash maqsadida maxsus marosim o‘tkazdi.

Bu haqda Ozodlikka gapirib bergan Chelyabinsk viloyati Yong‘inga qarshi kurash xizmati bo‘lim boshlig‘i Svetlana Korenkova Kopeyskda oddiy haydovchi bo‘lib ishlayotgan bu yigitning yong‘in paytidagi o‘zini tutishi va u bajargan hatti-harakatlardan hatto ko‘pni ko‘rgan o‘t o‘chiruvchilar qoiyl qolganini aytadi.

- Bu juda g‘aroyib hodisa! Gap shundaki, o‘t o‘chirish xizmatiga mutlaqo aloqasi yo‘q odam yong‘in boshlanganida mutlaqo to‘g‘ri harakatlarni bajardi: u avvaliga “112” raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan, xona ichidagi bolalarni kurtkasi bilan yopgan, ularni pastlab olib chiqqan, xonada turgan gaz ballonini uydan olib chiqqan. Bu harakatlarni bajarish sarosimaga tushib qolgan har qaysi odamning qo‘lidan kelavermaydi! Bilmadim, u armiyada desantchi bo‘lib xizmat qilganimi, umuman o‘zi shunaqa tartibga o‘rgatilgan odammi, har holda u to‘rt kishining jonini saqlab qoldi,- deydi o‘t o‘chiruvchilar boshqarmasi rasmiysi Svetlana Korenkova.

Yong‘inga qarshi kurash boshqarmasi va Kopeysk shahar ma‘muriyati vakillari O‘zbekiston fuqarosi 29 yoshli Hakim Ochilovning qahramonligi tafsilotlari to‘g‘risida so‘zlab berishdi.

Kopeysk yaqinidagi Potanino qo‘rg‘onida 4 oktyabr kuni kechasi ko‘p bolali oila yashaydigan xonadon yonayotgani to‘g‘risida mahalliy yong‘inga qarshi kurash bo‘limiga telefon orqali xabar yetib keldi.

Qo‘ng‘iroq qilayotgan o‘zini Hakim Ochilov deb tanishtirgan.

Jurnalistlarga bergan intervьyusida Hakim yonayotgan qo‘shnining uyi atrofida dod solayotgan ovozdan uyg‘onganini gapiradi:

- Baqiriq eshitib qoldim, keyin mashina signali ishga tushib ketdi. Yugurib kelsam, uy atrofida bir bolacha baqirib yugurib yuribdi. Keyin ichkaridagi bolalarni qutqarishga kirishdim,- deydi Hakim Ochilov.

U uy oldida nima qilarini bilmay turgan ayolning nogiron eri va bolalari olov ichida qolib ketganini bilib, ikkilanmasdan yong‘inga tashlangan. Birpasda Hakim ko‘chaga bir yashar qizaloqni olib chiqqan va yana ichkariga kirib ketgan.

Olov va tutun bosgan xonalardan birida u 8 yashar bolakayni topib, mahkam quchoqlagan holda uni olib chiqqan. Orqaga qaytayotib Ochilov bolalariga yordam beraman deb ichkariga kirgan va qalin tutundan zaharlanib xushidan ketgan onani yo‘lakda ko‘rib qolgan. Hakim Ochilov ona bolani ko‘tarib tashqariga olib chiqqan va ularni yonayotgan uydan uzoqroqqa joylashtirgan.

Hakim Ochilov uchinchi marotaba yonayotgan uyga kirib ketadi va xonalarni qoplagan tutundan hech narsa ko‘rib bo‘lmaydigan xonalardan birida paypaslab 10 yashar bolani topib oladi va bolaning ustida allaqachon yonayotgan kiyimlarini yechib o‘zining kurtkasiga o‘rab oladi va tashqariga eson-omon olib chiqadi.

Hakim ichkarida yana bolalar va nogiron uy egasi borligini bilgan va yonayotgan eshikdan kiraolmasdan oshxona derazasini sindirib kirgan. Oshxonada u gaz balloniga ko‘zi tushib qolgan va portlashni oldini olish maqsadida qizib ketgan gaz ballonini kurtkasiga o‘rab tashqariga uloqtirib yuboradi. Shundan keyin Hakim tanasining 60 foizi kuygan va o‘zi yuraolmaydigan uy egasini ham ko‘tarib tashqariga olib chiqqan. Hakim uyda yana ikkita bola qolib ketgani va ularni olib chiqishning iloji bo‘lmaganidan afsuslanishini aytdi, matbuotga bergan intervyusida.

Uy egasi Anna Bolshakova eri endigina shifoxonadan chiqqani va soppa-sog‘ farzandlari bilan qarindoshlarining uyida yashayotganini ma‘lum qildi.

- Hakimni bizga Xudoning o‘zi jo‘natdi. U qaytib-qaytib erimni, bollarimni olovdan olib chiqdi, uy esa to‘liq yonayotgan edi,- deydi Ozodlikka uyi kuygan Anna Bolshakova.

Shundan keyingina sobiq o‘zbek desantchisi Hakim Ochilov qutqarib olgan oila a‘zolarini o‘zining uyiga olib kirgan va keyinroq yetib kelgan tez yordam xodimlariga topshirgan.

Ozodlik radiosi Hakim Ochilov bilan bog‘lanib, suhbatlashishga harakat qilmoqda.


"Menga medalning keragi yo‘q"


Koypeysk ma‘muriyatida Hakim Ochilovning boshi va qo‘li yengil kuyganini ma‘lum qilishdi.

29 yoshli o‘zbekistonlik bu yigit 7 yildan beri Chelyabinsk shahrida yashab, katta yuk mashinalarini boshqarar ekan.

Ma‘lum bo‘lishicha, o‘t o‘chiruvchilar boshqarmasida qahramon yigitni medalga sazovor deb hujjatlarni rasmiylashtirishga kirishishgan, biroq u O‘zbekiston fuqarosi ekanligi tufayli unga sovg‘a berishga qaror qilishdi.

Yong‘inga qarshi kurash xizmati va shahar ma‘muriyati rahbariyati tomonidan sovg‘alar bilan taqdirlangan Hakim Ochilov unga hech qanday medalning keragi yo‘qligi, chunki o‘zi ham 10 yashar o‘g‘il va 2 yashar qizchani tarbiyalayotgani va shu sababli o‘ylanmasdan yonayotgan uyga kirib ketganini aytdi.

Uning bexato va aniq harakatlarini alohida qayd etgan Chelyabinsk viloyati Yong‘inga qarshi kurash xizmati boshlig‘i Gennadiy Vedernikov Hakimni Faxriy yorliq bilan taqdirlar ekan, uning o‘t o‘chiruvchilar safiga qo‘shilishi mumkinligini ehtimoldan holi qilmadi.

- U hozircha Rossiya emas, O‘zbekiston fuqarosidir. Ammo o‘ylaymanki, istak-xohish bo‘lsa bu masalani hal etish mumkin. Axir istisnosiz qoidalar bo‘lmaydi-ku,- deydi o‘t o‘chiruvchilar safiga Hakim Ochilovni taklif etgan Gennadiy Vedernikov.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG