Линклар

logo-print
Andijon viloyatining Izboskan tumanida tijorat narxida sotilayotgan bir kilogramm ko‘mirning narxi 700 so‘mga chiqdi. Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbalariga ko‘ra, hukumat va‘da qilgan arzon ko‘mir juda cheklangan miqdorda keltirilmoqda va u bilan hammani ta‘minlashning imkoni bo‘lmayapti.


"Ko‘mir hech qachon buncha qimmatlamagan"


Ob-havoning sovib ketishi va gaz yo‘qligi bois tijorat do‘konlarida sotilayotgan ko‘mir bir hafta ichida yana 100 so‘mga qimmatladi, deydi Izbosgan tumanida yashovchi, ismi sir qolishini so‘ragan Ozolik suhbatdoshi:

- Hozir bizda bir kilosi 700 so‘mga sotilyapti. Angren ko‘miri, tozasi, yirik-yirigi. Qozog‘iston ko‘miri 750 so‘m. Bu tijorat do‘konlaridagi narx. Hokimiyat ham aholiga sotyapti, navbati bilan, kilosi 91 so‘mdan, unga e‘tirozimiz yo‘q. Lekin hammaga ham yetmayapti. Masalan, yosh bolasi bor, kasallari bor xonadonlar navbat kutib o‘tirmaydiku,- deydi izboskanlik Ozodlik manbasi.

"Mahallaga beriladigan ko‘mirni ham qimmat sotishyapti"


Andijon viloyatining Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi ikkinchi guruh nogironi, bu suhbatdoshimiz ham ismini oshkor qilishni istamadi, tumanda ko‘mirning bozordagi narxi 650-700 so‘mga chiqqan:

- Bizda kim oldindan ko‘mirning bir tonnasiga 130 ming so‘mdan to‘lab qo‘ygan bo‘lsa, o‘shalarga 500 kilodan mahalliy hokimiyat tarqatdi. O‘tgan yili 85 ming so‘mdan berishgandi, bu yil esa 130 mingga chiqarib qo‘yishibdi. Biroq, men bir tonna ko‘mir uchun bir oylik pensiyamni sarflashim kerak ekan. Bunga kuchim yetmaydi, och qolamiz bo‘lmasa. Biroq o‘shani ham berishmayapti, navbat ekan. Kim biladi, navbatimiz qish tugaganda keladimi, qishni qanday chiqarishni bilmay boshimiz qotgan. Yaxshiyam o‘zbeklarda aka-ukachilik, qarindosh-urug‘ bor, yordam berishadi, bo‘lmasa sovuqdan qotib o‘lardik,- deydi marhamatlik ikkinchi guruh nogironi.

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida ham hukumat qarori bilan bir kilosi 91 so‘mdan qilib qo‘yilgan ko‘mir baland narxda aholiga sotilyapti:

- Bizning Paxtaobodda 500 kilo ko‘mir 65 ming so‘mdan mahallalarga berilyapti,- deydi Paxtaobod tumanida istiqomat qiladigan o‘qituvchi, 42 yoshli A‘zamjon Parpiyev.


“Qishni ko‘rpaga yopinib o‘tkazamiz”


Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida istiqomat qiluvchi, 70 yoshli pensioner Sadiroxun So‘piyevning aytishicha, hukumat tarqatadigan har tonna ko‘mirni mahallalar o‘zlari istagan nraxda sotyapti:

- Bitta mahalla 120 ming sotyapti, bittasi 150 ming. Lekin bu ko‘mir hammaga ham yo‘q. Misol, men 2 oydan beri ko‘mir ololmayapman. Ana beramiz, mana beramiz deydi, lekin bermayapti. Bir yashar nevaram bor, o‘shanga u yoq bu yoqdan o‘tin topib faqat kechqurun pechka yoqyapmiz. Endi bozordan 600-700 so‘mdan ololmayman, bunga pulim yo‘q. Endi bir narsa qilib ko‘rpaga o‘ranib qishni chiqaramiz, shekilli. O‘zi 160 ming so‘m pensiya bersa men 700 ming so‘mga qanday qilib ko‘mir olaman,- deydi Sadiroxun So‘piyev.


"Ko‘mir emas bu, tuproq"


Sadiroxun So‘piyevning aytishicha, aholi mahalliy hukumat tomonidan tarqatilayotgan ko‘mirning sifatidan norozi:

- Bu ko‘mirni Angrenniki deyishadi, lekin Angrenda ham bu mahallaga desa, nuqul tuprog‘ini yuklab berishadi, shekilli. Lekin shunga ham zormiz. Mayli o‘shani molni go‘ngiga aralashtirib ham yoqardik,- deydi Sadiroxun So‘piyev.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 23 oktyabrdagi 305-raqamli qaroriga ko‘ra, viloyatlar va Toshkent shahri aholisini ko‘mir bilan ta‘minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan.

Biroq bu qarorning Andijon viloyati tumanlarida bajarilishi dargumon bo‘lib qolmoqda.

Qishning erta kelishi va havo haroratining keskin pasayib ketishi natijasida odamlar pechka yoqqani qiynalmoqda.

Andijon viloyati hokimliginining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ko‘mirni yetkazib kelishda transport muammosi bois shunday uzilishlar bo‘lib turganini tasdiqladi:

- Biz imkoni boricha, eng birinchi navbatda yosh bolali oilalarga, nogironlarga ko‘mir berishga harakat qilyapmiz. Lekin ta‘minotda uzilishlar bo‘lib turibdi. Ko‘mir vagonda Tojikiston orqali olib kelinadi. Lekin Tojikiston faqat bir kunga vagonlarga o‘tishiga ruxsat bergani bois, hammaga ham yetmay qolyapti, - deydi Andijon viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

O‘zbekistonda o‘tgan yilda 3,84 million tonna ko‘mir qazib olingan edi.

O‘zbekiston hukumati ikki yildan buyon aholini kuzgi-qishki mavsumda gaz bo‘lmasligi va qishlash uchun oldindan o‘tin-ko‘mirni g‘amlab qo‘yish kerakligi to‘g‘risida ogohlantirib keladi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi gaz ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi qudratli davlatlardan biri hisoblansa-da, qish ostonasida gaz bilan ishlaydigan barcha xususiy korxonalar gaz tarmog‘idan uzilib qo‘yiladi, aholiga beriladigan gaz hajmi sezilarli tarzda cheklanadi.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati Rossiyaning Gazprom¸ qolaversa Xitoy va Janubiy Koreya shirkatlari bilan o‘zbek gazini eksport qilish yuzasidan ko‘plab milliard dollarlik shartnoma imzolagan.
XS
SM
MD
LG