Линклар

Toshkentning "Paxtakor" futbol klubi besh yillik tanaffusdan so'ng futbol bo'yicha yana O'zbekiston chempioni unvonini qo'lga kiritdi.

21 noyabr kuni Oliy Liganing so'nggi, 26-tur o'yinlari doirasida "Paxtakor" jamoasi o'z uyida "Buxoro" jamoasini qabul qilib, 4:1 hisobida g'alaba qozondi.

Ushbu g'alabadan so'ng "Paxtakor" ochkolar sonini 59 ga yetkazib, chempionlikka asosiy da'vogarlardan bo'lgan "Bunyodkor" jamoasini ikkinchi o'rinda qoldirdi. 26-tur o'yinida "Mash'al" klubi ustidan 0:2 hisobida g'alaba qozongan "Bunyodkor" jami 57 ochko to'plagan.

O'zbekiston chempionatidagi uchinchi o'rinni yana bir poytaxtlik klub - "Lokomotiv" egalladi. 26 turda "Lokomotiv" "Sho'rtan" jamoasini 4:1 hisobida mag'lub etib, ochkolari sonini 39 ga yetkazdi.

Chempionatning to'purarlari birinchi uchtaligidan joy olish viloyat klublarida to'p suruvchi futbolchilarga nasib etdi.

To'purarlar ro'yxatida "Neftchi" jamoasi hujumchisi Anvar Berdiyev 13 gol bilan birinchi, "Sho'rtan"lik Igor Taran 12 go'l bilan ikkinchi, "Dinamo" o'yinchisi Ro'zimboy Ahmedov 10 gol bilan uchinchi o'rinni egallashdi.

Oliy Ligani "Andijon" (15 ochko) va "Masha'l" (23 ochko) jamoalari tark etdi. UIar o'rniga Birinchi Ligadan "So'g'diyona" va "Guliston" jamoalari chiqdi.

Eslatamiz, 2012 yilgi g'alaba "Paxtakor" jamoasi uchun to'qqizinchi chempionlik bo'ldi. Bungacha toshkentliklar 1992, 1998, 2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007 yilgi mavsumlarda ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olishgandi.
XS
SM
MD
LG