Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:02

“Birdamlik” faollaridan fleshkalari olib qo‘yildi


"Birdamlik" harakatining O‘zbekiston bo‘yicha rahbari Malohat Eshonqulova.
"Birdamlik" harakatining O‘zbekiston bo‘yicha rahbari Malohat Eshonqulova.

“Birdamlik” harakatining O‘zbekiston bo‘yicha rahbari Malohat Eshonqulova va shu harakatning Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i Saida Qurbonova 21 noyabr kuni kechqurun Navoiy viloyatining Karmana tumani ichki ishlar bo‘limiga olib kelinib, ikki yarim soat ushlab turildi. Birdamlikchilar foto va videoapparatlaridagi fleshkalar militsiya xodimlari tomonidan olib qo‘yilganini idaao qilmoqdalar.

“Birdamlik” harakatining O‘zbekiston bo‘yicha rahbari Malohat Eshonqulova va shu harakat faoli Saida Qurbonova 22 noyabr kuni kechqurun militsiya xodimlari tomonidan Navoiy shahri shohbekatida ushlanib, Karmana tumani ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, ular elektr energiyasi berilmayotgani uchun ochlik e‘lon qilgan Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi kollej o‘qituvchisi Ilhom Jo‘rayevning holidan xabar olgani va boshqa ijtimoiy muammolarni o‘rganish uchun Buxoro viloyatiga safar qilgan:

- Biz Ilhom Jo‘rayevning uyiga bordik, u ochlikni to‘xtatgan ekan. Suhbatlashdik, suratlar videolar oldik. Keyin ertasi kuni Qorako‘l tumanini aylandik, masalan, 17-maktabda o‘tin, ko‘mir, suv uchun o‘quvchilardan pul yig‘ib olinarkan yoki o‘quvchilar hovuzga quyib qo‘yilgan suvdan bir-ikki oy iste‘mol qilisharkan. O‘sha haqdagi videolar bor edi. Kechalari shamning yorug‘ida aholi bilan gaz va svet muammosi haqidagi suhbatlar videolari bor edi. Keyin fermerlar muammolarini o‘rgandik, suratlar, videolar oldik,- deydi Malohat Eshonqulova.

Uning aytishicha, ularni kun bo‘yi noma‘lum shaxslar kuzatib yurgan va kechqurun Samarqandga qaytish uchun Navoiy shohbekatiga kelganda militsiya xodimlari ushlab ketgan:

- Biz taksida o‘tirganimizda bir militsiya xodimi mashinaga o‘tirib haydovchini majburlab, Karmana tumani ichki ishlar bo‘limiga haydattirdi. Biz tinchlikmi desak, sizlar bilan gaplashishadi ekan, dedi. Olib borib, bizni topshirib o‘zi ketdi. Ichkaridan o‘zlarini Erikjon va Feruz deb tanishtirgan fuqarolik kiyimidagi militsionerlar chiqib, hamma narsamizni olib qo‘yib, o‘zimizni bir kabinetga olib kirib qo‘ydi. Kutinglar, sizlar bilan nachalnik gaplashadi, hozir keladi, dedi.

Ikki yarim soatdan so‘ng, nachalnik kelmas ekan, sizlarga javob dedi. Chiqsak so‘mkalarimizni berishdi. Darhol ochib tekshirdik, alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib yotibdi narsalar. Saida opani telefonini meni so‘mkamga, menikini unikiga solib qo‘yishibdi. Qarasak ikkita foto va video apparatlarimizdagi 4 GBlik fleshkalar yo‘q. Topib beringlar, desak, bizga tuhmat qilmang opa, deb turib olishdi,- deydi Malohat Eshonqulova.

Malohat Eshonqulovaning iddao qilishicha, ulardagi foto va videotasvirlarni olish uchun militsiya xodimlari atayin ularni ikki yarim soat kabinetda ushlab turishgan.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish maqsadida Karmana tumani ichki ishlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildi. O‘zini tanishtirmagan navbatchi xodim ularda Erikjon degan odam ishlamasligi, biroq Feruz ismli militsiya xodimi borligini, besh minutdan keyin qo‘ng‘iroq qilsak, bu voqeani surishtirib javob berishini aytdi.

Ozodlik besh minutdan so‘ng yana qo‘ng‘iroq qildi. Navbatchi xodim bitta javob bilan cheklandi:

- Ularni olib kelgan bizlarni bollar emas ekan, ular SNBni odamlari ekan,- dedi Karmana tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan navbatchi xodimi.
XS
SM
MD
LG