Линклар

logo-print
Pragaga kontsert dasturi bilan kelgan Gugushning Ozodlik radiosini ham ziyorat qilishi haqidagi xabarni radioning fors tilidagi Fardo radiosi jurnalistlari oshig‘ich ehtiros bilan bizga bildirishdi.

Radio binosiga Fardo radiosi jurnalistlari qurshovida kirib kelgan Gugush xonim eng avvalo Ozodlik radiosi o‘zbek xizmati jurnalistlari bilan uchrashdi.

Bo‘g‘irsoq shaklida qavilgan jigar rang yumshoq charm kamzul va ayni charmdan bo‘lgan shlyapa kiyib olgan Gugush 62 yoshga kirganiga qaramasdan tetik va o‘ktam ko‘rindi.

Gugush xonimga bergan ilk savolimiz siz O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova o‘ziga Gugusha deb taxallus qo‘yib olganidan xabardormisiz, deya so‘radik.

- Xabarim bor. Los-Anjelesda Gugusha degan yozuv ulkan banner tarzida turganini ko‘rdim. Meni taniganlar sen kontsert bermoqchimisan deb so‘rashdi. Men esa bosh chayqadim, dedi Gugush.

Bu gaplardan so‘ng Gugush hazil ohangida, "unga (Gulnoraga demoqchi) aytib qo‘yinglar men uni sudga tortishim mumkin", dedi.

Gugush bilan muloqot chog‘ida hamkasbim Hasanjon¸ o‘zbekistonliklar Sovet davrida temir parda ortida yashagan paytda sizning qo‘shiqlaringizni sevib tinglashgan dedi.

Bunga javoban Gugush "men o‘zbekistonliklarni sevaman ularga mening qutlovlarimni yetkazing¸ Gulnora Karimovaga ham salom ayting" dedi.

Yana bir hamkasbim Sadriddin fors tilida Gugushga yuzlanib, 1977 yilda Gugush bosh rolni o‘ynagan “Uzundan uzoq tun” filmini hayajon bilan tomosha qilganini aytib¸ "o‘sha paytda nafaqat men balki minglab o‘zbek yigitlari sizga oshig‘i beqaror bo‘lgan", deb ta‘kidladi.

Bu e‘tirofdan masrur bo‘lgan Gugush handon otib kulib, uni sevgan o‘zbek oshiq yigitlariga tashakkurlarini izhor qildi.

Shundan so‘ng Gugush Ozodlikning fors xizmati Fardo radiosi jurnalistlari bilan uchrashish maqsadida bizdan ayrildi.

Ozodlikning fors xizmatidagi o‘nlab jurnalist Eronda favqulloda mashxur bo‘lgan afsonaviy san‘atkorni gullar bilan qarshilashdi.

Fardo radiosining mashxur jurnalistlari fors tili imkon berganicha hofizga tasannolar aytishdi.

Siz turkiy tilda ham gapirasizmi deb savol berdim.

- Albatta gapiraman¸ zotan men ozariyman. Otam ozariy, onam ozariy. Bu til mening asl tilimdir,- dedi Gugush.

"O‘zbekistonda sizning ozariycha “Ayriliq “ qo‘shig‘ingizni chandon sevishadi. Bugun minglab oilalar bir biridan ayri yashayotgan O‘zbekiston uchun bu qo‘shiq, ayniqsa, ta‘sirchan dedim", men Gugushga xorazm lahjasida.

- Bu qo‘shiq mening turkiy xalqlar uchun tashrif qog‘ozim, degan Gugush¸ "qardoshim sening oting nima?" deb so‘radi.

Otimni bilgach o‘z tasviri tushirilgan plakatga dastxat qo‘yib berdi.


Gugush¸ Gu qush¸ Oq qush¸ Haq qushi


Gugushning asl ismi Foiqa Otashin. Gugush uning tahallusi.

Sovet Ozarbayjonidan qochib Eronga yerlashgan ozariy san‘atkor oila Sobir va Nasrinning qizi Foiqa 1950 yili Texronning ozariylar yashaydigan Sariqchashma mavzeida tug‘ildi.

Gugush 7 yasharlik paytida otasi bilan saxnalarda qo‘shiq kuyladi.

Eronda suratga olingan filmlarda suratga tushdi.

1971 yili Gugush Frantsiyadagi Kann musiqa festivalida “Retour de la ville” va “J’entends crier je t’aime” qo‘shiqlarini franshuz tilida ijro qilib, bosh sovrinni qozondi.

Bu davrga kelib Gugush Erondagi eng mashxur qo‘shiqchiga aylanib ulgurgan edi.

Ulkan stadionlarga yig‘ilgan minglab Eron yoshlari “Man omadayam” qo‘shig‘ini Gugushga jo‘r bo‘lib kuylashar edi.

Gugushning jararnli ovozi istiqboliga minglab qo‘llar cho‘zilgan edi...

Eronda yuz bergan Islomiy inqilobdan so‘ng, 1979 yilda mamlakat ulamolar kengashi Gugushga qo‘shiq aytishni ta‘qiqlab qo‘ydi.

Gugush 1972 yili ijro qilgan “Ayriliq” qo‘shig‘idagi jumlalar hayot haqiqatiga aylandi.




Gugush o‘zi chandon sevgan tuproqlardan ayrildi.

Kechalar¸ bu kunlar yota bilmiram¸
Bu fikrni boshimdan ota bilmiram.
Naylayinki senga yeta bilmiram.
Ayriliq¸ ayriliq¸ Omon ayriliq....

Gugush Erondan chiqib ketganida Tehrondagi ozarbayjoncha gazetalar “Oqqush o‘z ko‘lidan ayrildi” deb yozishdi.

Ashulachi o‘ziga tahallus sifatida tanlagan Gugush kalimasi ozariy tilida Gu qush (Oq qush) ma‘nosini beradi.

Bu kalimaning yana bir ma‘nosi Haq qush ekani haqida ham ma‘lumotlar bor.


Ayriliq qo‘shig‘i


Gugush bu qo‘shiqni ilk marotaba 1971 yili Bokuda bergan kontsertida ijro qildi.

- Ozarbayjon xalq mug‘omlari tarzida aytilgan bu qo‘shiq bir zumda butun dunyodagi turkiy xalqlar qalbini zabt qildi¸- deydi taniqli o‘zbek bastakori Dilorom Saydaminova:

- Bu qo‘shiq ohangi¸ qo‘shiqchining kuchli ovozi bizni maftun qildi. Ko‘p o‘zbek qo‘shiqchilari, jumladan, Nasiba Abdullayeva ham bu qo‘shiqni ijro qilishdi, deydi Dilorom Saydaminova.

Suhbatdosh Gugushni Botir Zokirov bilan qiyosladi:

- Bilasizmi, Botir aka ham, Gugush ham sharq tillari bilan birga frantsuz tilida ham qo‘shiq aytgan. Dardli ohang. Qo‘shiq aytilmay faqat kuy yangrab turgan pauza paytidagi ichki shiddat. Tinglovchini larzaga soladigan shiddat. Bularning hammasi Botir Zokirov bilan Gugushani mushtarak qiladigan jihatlar,- deydi Dilorom Saydaminova.

Ayni paytda, Dilorom Saydaminova hozirgi o‘zbek yoshlari Gugushni bilmasliklarini ham ta‘kidladi.

Ayni paytda Gugush AQShning Los-Anjeles shahrida yashaydi.
XS
SM
MD
LG