Линклар

Olmaliqdagi ixtirochi avtomobil uchun ko‘zgu yaratdi


G‘oyibnazarov ixtiro qilgan ko‘zgu O‘zbekistonda seriyali ishlab chiqariladigan avtomobillar yonbosh ko‘zgusi nazoratidan chetda qoladigan burchakni haydovchiga ko‘rsatib turadi.

G‘oyibnazarov ixtiro qilgan ko‘zgu O‘zbekistonda seriyali ishlab chiqariladigan avtomobillar yonbosh ko‘zgusi nazoratidan chetda qoladigan burchakni haydovchiga ko‘rsatib turadi.

Olmaliqlik 49 yashar ixtirochi Temirxon G‘oyibnazarov avtomobilning yon tomonlaridagi orqani ko‘rsatuvchi ko‘zgu yoniga qo‘shimcha ko‘zgu o‘rnatishni taklif qildi.

Kinematik sistema vositasida harakatlanadigan bu ko‘zgu oldingi bamper yonidagi oddiy ko‘zgu ko‘rsatmaydigan hududni nazorat qilishga mo‘ljallangan.

Temirxon G‘oyibnazarov o‘z ixtirosi uchun O‘zbekiston intelektual mulk agentligidan patent oldi.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan O‘zbekiston intelektual mulk agentligi ixtiro bo‘limi boshlig‘i Sevara Karimovaga ko‘ra, G‘oyibnazarovning ixtirosi yo‘l- transport hodisalarining oldini olishda muhim vosita bo‘lishi mumkin.

Avtomobil haydovchilarga ma‘lum bo‘lganidek, orqani ko‘rsatuvchi yonbosh ko‘zgu nazoratidan chetda bo‘lgan xavfli burchak mavjud.

Mashinaning old g‘ildiragi va oldingi bamper ro‘parasidagi hudud O‘zbekistonda seriyali ishlab chiqariladigan avtomobillar yonbosh ko‘zgusi nazoratidan chetda qoladi.





G‘oyibnazarov ixtiro qilgan ko‘zgu ana shu ko‘rinmas burchakni haydovchiga ko‘rsatib turadi.

Patentni ro‘yxatga olish ishlariga yordam bergan Olmaliq patent idorasi rahbari Mixail Golitskiyning Ozodlikka aytishicha, G‘oyibnazarov ixtiro qilgan harakatlanib turuvchi ko‘zgu tor ko‘chalarda mashina haydayotgan haydovchi uchun foydali.

Hozir g‘arbda chiqayotgan lyuks toifasidagi avtomobillarda bu vazifa uchun videokameralar o‘rnatilgan.

Mixail Golitskiyga ko‘ra, videokamera nazorat sistemasi bajaradigan ishni G‘oyibnazarov ko‘zgusi bemalol amalga oshira oladi.

- G‘oyibnazarov ixtiro qilgan ko‘zgu videokamera sistemasidan bir necha marta arzon va qulay, - deya ta‘kidlaydi Mixail Golitskiy.

O‘zbekiston intelektual mulk agentligi ixtiro bo‘limi boshlig‘i Sevara Karimovaning Ozodlikka aytishicha, mamlakatda ixtirochilik taklifi bilan chiqayotganlarning soni ortmoqda.

Toshkent kabel zavodi muhandisi 89 yoshli Samson Umanskiyning bir o‘zi 40 ortiq ixtironi patentlagan.

O‘zbekiston intelektual mulk agentligi bundan 20 yil muqaddam tashkil qilingan edi.

O‘tgan davr ichida bu tashkilot Xalqaro intelektual mulk tashkilotiga a‘zo bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG