Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:08

O‘shda o‘zbeklar bilan suhbatlashgan ekspert ayblanmoqda


Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhi eksperti Prasad Konor O‘shda o‘zbeklar huquqi buzilgani to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni to‘plagani uchun Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan millatlararo nizo chiqarishga harakat qilganlikda ayblanmoqda.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati tarqatgan ma‘lumotda aytilishicha, Prasad Konor O‘shda o‘zbek millatiga mansub fuqarolarning huquqlari buzilayotgani to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni yig‘ib, millatlararo nizoga turtki berishi mumkin bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullangan.

Prasad Konor diplomatik dahlsizlikka ega bo‘lgani uchun u tintuv qilinmagan. Ammo Konorga xizmat ko‘rsatib yurgan taksi sud ruxsati bilan tekshirilgan. Tekshiruv davomida taksida topilgan Konorga tegishli hujjatlar o‘rganilganida, ular millatlararo nizo qo‘zuvchi materiallardan iborat ekani aniqlangan.

Milliy xavfsizlik xizmatining bildirishicha, Prasad Konor ko‘pdan beri maxsus xizmat kuzatuvida bo‘lgan.

Bosh qarorgohi Bryusselda joylashgan Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhi rasmiysi Endryu Storlayn Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tashkilot ekspertiga nisbatan noqonuniy harakatlar qilganini bildirdi. Unga ko‘ra, shu munosabat bilan Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhi Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilgan.

-Biz Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga rasman ariza yozdik. Bizning ekspertimiz Prasad Konorni Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tintuv qilib, milliy qonunchilikni buzgan. Biz Qirg‘iziston prezidentiga ham murojaatnoma yozib, maxsus xizmat xodimlarining noqonuniy harakati yuzasidan tergov o‘tkazishni iltimos qildik. Albatta, xalqaro doiradagi hamkorlarimizga ham o‘z tashvishlarimizni yetkazdik, -deb bildirdi Endryu Storlayn.

Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhi rasmiysi Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmatining tashkilot eksperti millatlararo nizo chiqarishga uringani to‘g‘risidagi iddaolari asossiz ekanini ham ta‘kidlab o‘tdi.

Ayni paytda qirg‘izistonlik bir qator huquq himoyachilari maxsus xizmatning xalqaro tashkilot vakili faoliyatiga to‘sqinlik qilganiga norozilik bildirmoqda. Bishkekdagi “Qilim shami” nodavlat tashkiloti rahbari Aziza Abdurasulovaga ko‘ra, Milliy xavfsizlik xizmati o‘z harakati bilan mamlakatning demokratik davlat sifatidagi obro‘siga putr yetkazdi.

- Iyun voqeasi oqibatlarini o‘rganish ishiga to‘sqinlik qilingan sari G‘arbda Qirg‘iziston nimalarnidir yashirmoqda degan tasavvur kuchayib boraveradi. Tadqiqotchining to‘plagan materiallarini tortib olib, uni ekstremistga tenglashtirish to‘g‘ri emas. Dushmanni boshqa joydan izlasalar bo‘lar edi. Bu voqea Milliy xavfsizlik xizmati xodimlarining naqadar saviyasi past ekanligini ko‘rsatdi, - dedi Aziza Abdurasulova.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmatining ma‘lum qilishicha, ayni paytda Prasad Konorga nisbatan milliy va xalqaro huquq me‘yorlari asosida chora ko‘rish masalasi o‘rganilmoqda. Prasad Konor “istalmagan shaxs” sifatida Qirg‘izistondan chiqarib yuborilishi mumkin.

Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhi mustaqil nodavlat tashkiloti hisoblanadi. Tashkilot nizolarning oldini olish va ularni bartaraf etish yo‘nalishida tadqiqotlar olib boradi. 1995 yilda tashkil etilgan mazkur tashkilot dunyoning 34 mamlakatida faoliyat yuritadi.
XS
SM
MD
LG