Линклар

Qarorgohi Lozanna shahrida joylashgan Xalqaro Gimnastika federatsiyasi FIG o‘tgan hafta o‘zbekistonlik Luiza Galiulinani olti oyga xalqaro musoboqalardan chetlatish haqida qaror chiqardi.

Bu qaror o‘zbekistonlik gimnastikachining London Olimpiadasi payti doping iste‘mol qilgani va ikkinchi tekshiruv natijalari ham doping borligini tasdiqlaganini munosabati bilan qabul qilindi.

- Avvalo menga qisqa muddat berishganidan xursandman. Xalqaro Gimnastika federatsiyasi qaroriga e‘tirozim yo‘q, deydi o‘zbekistonlik gimnastikachi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Ayni paytda o‘zbekistonlik gimnastikachi Xalqaro Gimnastika federatsiyasi qarori yuzasidan tortishmayotgani doping iste‘mol qilganini tan olishini anglatmasligini ta‘kidlaydi:

- Mening o‘zim ham hayronman, qanday qilib bunaqa modda mening tanamda paydo bo‘lib qolganidan. Kimdir ataylab buni ovqatimga tashlab qo‘ygan bo‘lsa kerak. Yana bilmadim. Bu preparatni faqat vazni ortiqcha bo‘lgan odam ichishi mumkin. Buni ichishga hech qanaqa hojat yo‘q edi¸ deydi o‘zbekistonlik sportchi.

Xalqaro Gimnastika federatsiyasi qarori 1 avgustdan kuchga kirdi va 20 yashar Luiza Galiulina 2013 yilning 30 yanvariga qadar sport musobaqalarida qatnasha olmaydi.

- Hozir mana shu cheklov sabab bir-ikkita xalqaro musoboqalarda qatnasha olmadim, lekin bu men uchun katta fojia emas. Hozir har kuni tayyorlanayapman. Xudo xohlasa¸ fevral oyidan musoboqalarda qatnasha olaman va nimaga qodir ekanimni yozda jahon kubogi musoboqalarida isbotlab beraman, deydi Luiza Galiulina.

Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiadasida O‘zbekistonni tamsil qilgan yagona sport gimnastikachisi edi.

Musobaqalar boshlanishidan uch kun oldin, 25 iyul kuni Galiulina doping sinovidan o‘tgan.

Qonida taqiqlangan furotsemid moddasi topilganidan so‘ng u dastlab vaqtincha musoboqalardan chetlatildi, keyin Olimpiada qishlog‘idan haydaldi.

- Bu men uchun haqiqiy shok bo‘ldi. Bunaqa bo‘lishini kutmagandim. Bir necha kun o‘zimga kelolmadim. Axir bu oddiy musoboqa emas, Olimpiada o‘yinlari edi. Gimnastika bo‘yicha men O‘zbekistondan yagona sportchi edim, deydi Luiza Galiulina.

Murabbiylari uning Olimpiada medallaridan birini olishiga umid qilishayotgan edi.

- Ko‘pkurash va xoda ustidagi mashqlarda Luiza finalga chiqishi va medallardan birini olishiga ko‘z tikayotgan edik, deydi Ayollar gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiysi Lyudmila Li.

Galiulina bir qator xalqaro musoboqalarda muvaffaqiyatli chiqishlari bilan tanilgan o‘zbek gimnastikachisidir.

U Qatarda 2005 yili bo‘lgan Osiyo chempionati¸ hamda 2010 yili Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarining bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

2011 yilda sport gimnastikasi bo‘yicha Belgiyada bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi musobaqalarida ham Galiulina uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lgandi.
Luiza Galiulina London olimpiadasida taqiqlangan modda sababli musobaqalardan rasman chetlatilgan o‘zbekistonlik yagona sportchi emas.

O‘zbekistonlik dzyudochi Abdulla Tangriyev qonidagi nasha alomatlari topilganidan so‘ng London Olimpiadasiga umuman qo‘yilmadi va uning ikki yilga xalqaro musoboqalarda ishtirok etishi taqiqlab qo‘yildi.

O‘zbekistonlik kurashchi Soslan Tigiyev qon namunasida ham sportchilar uchun taqiqlangan metilgeksanamin moddasi aniqlanganidan so‘ng u bronza medalidan maxrum etildi.

Hozirda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasidan Tigiyevga berilgan bronza medali va diplomni qaytarib berishni so‘ramoqda.
XS
SM
MD
LG