Линклар

Tojikiston hukumati qoshidagi Aloqa xizmatining buyrug‘iga ko‘ra mamlakatdagi qator provayderlar Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirish yo‘lini yopib qo‘ydi.

Tojikiston Internet provayderlari assotsiatsiyasi raisi Asomuddin Atoyevga ko‘ra, internet xizmatini ko‘rsatadigan shirkatlar Aloqa xizmatidan mazkur ijtimoiy tarmoqqa kirishni cheklash bo‘yicha ko‘rsatma olgan.

Aloqa xizmati rahbari Beg Zuhurov Ozodlikning tojik xizmatiga bergan intervyusida o‘z tashkiloti tomonidan shunday ko‘rsatma berilganini tasdiqladi va buni tarmoqda “profilaktik ishlar” olib borilayotgani bilan izohladi.

Ayni paytda u “Feysbukda olib borilayotgan barcha bahs-munozaralar va unda chop qilinayotgan materiallar nazorat qilinishi kerak”ligini ta‘kidladi.

- Feysbuk hech kim tomonidan nazorat qilinmayapti va bu tarmoqning egasi kimligi ham, uning soliq to‘lash-to‘lamasligi ham noma‘lum. Bunaqa faoliyat albatta Tojikiston xavfsizligiga tahdid soladi, - dedi Beg Zuhurov.

Ammo Tojikiston Internet provayderlari assotsiatsiyasi raisi Asomuddin Atoyev fikricha, Feysbukning blokirovka qilinishi “qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish”dir.

Bunday cheklov, Atoyevga ko‘ra, Tojikiston obro‘sini tushiradi va uning yana internet dushmanlari ro‘yxatiga tushishiga sabab bo‘ladi. Bugungi kunda internetda to‘siqlarni aylanib o‘tishning o‘nlab yo‘llari borligini qayd etgan Asomuddin Atoyev rasmiylarning bu kabi chora-tadbirlari mutlaqo foydasiz ekanini qo‘shimcha qildi.

- Bu chora-tadbirlar Tojikiston qonunchiligiga zid keladi hamda ular davlat va millat manfaati uchun xizmat qilmaydi. Bu ijtimoiy tarmoqda Tojikiston ovozini yopib qo‘yish demakdir, - dedi Tojikiston Internet provayderlari assotsiatsiyasi raisi Atoyev.

Tojikiston hukumati qoshidagi Aloqa xizmati Feysbukka kirish yo‘llarini birinchi marta yopib qo‘yayotgani yo‘q. Shu yilning 2 mart kuni Aloqa xizmati buyrug‘iga muvofiq ravishda tjknews.com, maxala.org, centrasia.ru va zvezda.ru saytlari hamda Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i to‘sib qo‘yilgandi.

Qizig‘i shundaki, Feysbuk blokirovka qilinganidan keyin Tojikistonda bu tarmoqqa qiziqish yanada kuchaygan: to‘silguniga qadar Feysbukda 29 mingdan sal ko‘proq ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, oradan 10 kun o‘tar-o‘tmas foydalanuvchilar soni 34 640 ga chiqqan. Ayni paytda bu tarmoqning 41 mingdan ziyod tojikistonlik foydalanuvchisi bor.

Ayni paytda ularning ayrimlari Tojikistonda Feysbuk tarmog‘ining blokirovka qilinishi sababini mamlakatda prezidentlik saylovlariga uncha ko‘p vaqt qolmayotganida, deb bilmoqdalar.

Tojikistonda keyingi prezidentlik saylovlari 2013 yil noyabriga belgilangan.
XS
SM
MD
LG