Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:15

Ruslan Chagayev Yoqub Sog‘lomga qarshi ringga tushadi


Boks bo‘yicha og‘ir vazndagi sobiq jahon chempioni o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev 1 dekabr kuni Germaniyaning Dyusseldorf shahrida germaniyalik turk Yoqub Sog‘lomga qarshi ringga tushadi.

Chagayev Yoqub Sog‘lom bilan jang qilishini o‘z veb sahifasida e‘lon qildi.

- Muxtaram muxlislar, men Yoqub Sog‘lom bilan ringda jang qilishimni veb sahifam orqali sizlarga ma‘lum qilaman. O‘ylaymanki, menga zafar yor bo‘ladi. Jang 1 dekabr kuni Dyusseldorf shahrida bo‘lib o‘tadi.

O‘tgan hafta Ruslan Chagayev 1 dekabr kuni Dyusseldorfda uyushtirilayotgan boks shousi doirasida kubalik og‘ir vazndagi bokschi Mayk Peresga (18-0, 12 KO) qarshi ringga tushishi e‘lon qilgan edi.

Biroq 25 noyabr kuni Chagayev-Peres jangi qoldirilgani xabar qilindi.

Xalqaro sport nashrlariga ko‘ra, jang qoldirilishiga Mayk Peres yelkasidan jarohat olgani sabab bo‘lgan.

Germaniyaning Xan Rennerod shahrida yashayotgan 35 yoshdagi Yoqub Sog‘lom Turkiyaning Asrin shahrida tug‘ilgan. U o‘zbekistonlik boks ishqibozlariga yaxshi tanish emas.



(Bu videotasvir Youtube.com tarmog‘idan olindi)

2006 yildan beri professional boks bilan shug‘ullanib kelayotgan Sog‘lom 2008 yilda Germaniya Boks uyushmasining og‘ir vazndagi chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan.

Yoqub Sog‘lom shu kungacha 29 ta jang o‘tkazib uning 28 tasini g‘alaba bilan yakunlagan, bitta jangda yutqazgan. 28 ta g‘alabadan 25 tasini nokaut bilan yutgan.

Fightnews.ru xabariga ko‘ra, Sog‘lom oxirgi marta 2011 yil 9 aprel kuni jang qilib beshinchi raundda texnik nokaut bilan yutgan.

33 yoshdagi Ruslan Chagayev esa professional ringda 30 ta jang o‘tkazib, 27 tasini g‘alaba bilan yakunlagan, ikkita jangda yutqazgan, bitta jang durang bilan tugagan. Chagayev 27 g‘alabadan 19 tasini nokaut bilan yakunlagan.

Ruslan Chagayev 2009 yil iyunida WBO, IBF, IBO toifalari bo‘yicha jahon chempioni ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoga texnik nokaut bilan yutqazgan.

2011 yil avgust oyida Chagayev rossiyalik Aleksandr Povetkinga ochkolar bo‘yicha boy bergan.

Ruslan Chagayev oxirgi uchta jangni g‘alaba bilan yakunladi.

Chagayev 2012 yil 28 yanvar kuni trinidad-va-tobagolik raqibi Kertson Mansvellni, 21 aprel kuni amerikalik bokschi Billi Zumbrunni va 1 sentyabr kuni germaniyalik Verner Kreyskottni mag‘lub qilgan.
XS
SM
MD
LG