Линклар

“Birdamlik” Xalq Demokratik harakatining Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Saida Qurbonova 6 dekabr kuni Paxtakor tumanida 15 kunga qamaldi. Qurbonovaning oila a‘zolari bundan ikki kun o‘tgach xabar topdi.

“Birdamlik” Xalq Demokratik harakatining Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Saida Qurbonova 6 dekabr kuni Paxtakor tumanida 15 kunga qamaldi. Buni Ozodlikka Saida Qurbonovaning o‘g‘li Sohib Qurbonov ma‘lum qildi.

- 6 dekabr kuni sud bo‘lgan. Bir soat bo‘lganmi yoki ikki soat - biz buni bilmaymiz. Oltinchi kun sud bo‘lib, 15 sutka berib yuborgan ekan. Jizzaxga, Ichki ishlar boshqarmasiga borganimda, oltinchi kun bo‘lgan voqea ekan. "Ikkita ayol bilan janjallashgan ekan, chiqishiga 12 kun qolibdi", deyishdi, - dedi Sohib Qurbonov.

Unga ko‘ra, 6 dekabr kuni ertalab mahalla qo‘mitasi raisi Tavboy Soliyev Saida Qurbonovaning uyiga kelib, "Sizga choy olib beraman", deb olib ketgan. Ular Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi bir choyxonada ovqatlanib o‘tirgan paytda ikki ayol kelib, Saida Qurbonova bilan janjallashgan.

- Ikkita xotin kelib, onamga bir narsa degan, onam ularga javob qaytargan. Xullas, uchchovi o‘sha yerda janjallashib, yulishib ketishgan. Keyin boyagi ikkita xotin "ugolovniy rozisk"ning bollariga, "menga shantaj qildi", deb ariza yozgan. Oltinchi kun olib borib qamagan. Sud ham o‘sha kuni bo‘lgan ekan. Sakkizinchi dekabr kuni bildik, - dedi Sohib Qurbonov.

Uning aytishicha, 7 dekabr kuni Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Saida Qurbonovaning uyiga kelib, uning kompyuterini berishni talab qilgan. Kompyuter uyida bo‘lmagani uchun o‘g‘li uni ertasiga bergan. Besh soatlar o‘tib, kompyuter qaytarib berilgan.

Sohib Qurbonov onasining sudi oila a‘zolari ishtirokisiz o‘tkazilgani va bu haqda tegishli idoralardan shu paytgacha biror hujjat kelmaganini ta‘kidladi.

- Hech bir aybi yo‘q-da. Uydagilarning birortasini sudga chaqirish kerak edi-ku. Sud haqida uyga chaqiruv qog‘ozi kelmadi. 15 sutkaga qamalgani to‘g‘risida ham hujjat olmadik. To‘rt kun bo‘lyapti, suddan qog‘oz uyga kelgani yo‘q. Bugun (9 dekabr) sudga borsam, prokuror ham, sud raisi ham yo‘q ekan, - dedi Sohib Qurbonov.

Muxolifatdagi "Birdamlik" Xalq Demokratik harakati yetakchisi Baxodir Choriyevning Ozodlikka aytishicha, tashkilotning Samarqand viloyati va O‘zbekiston bo‘yicha mas‘uli Malohat Eshonqulova va turmush o‘rtog‘i Avaz Fozilov ham 7 dekabr kuni kechqurun Samarqanddagi uyida Oqdaryo tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Fozilov bir soat o‘tmasdan qo‘yib yuborilgan. Ammo Malohat Eshonqulova hibsdan ozod etilmagan.

Choriyevga ko‘ra, Malohat Eshonqulovaning qayerda saqlanayotgani noma‘lum bo‘lib qolmoqda.

Ayni paytda, “Birdamlik”ning O‘zbekiston bo‘yicha matbuot kotibi Salima Rustamova 8 dekabr kuni Toshkentda qo‘lga olingan. Choriyevga ko‘ra, Rustamova Ichki ishlar bo‘limida bir necha soat ushlab turilganidan keyin qo‘yib yuborilgan.

O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil tashkiloti Jizzax viloyati rahbari O‘ktam Pardayev “Birdamlik” faollarining qo‘lga olinishi ular olib borayotgan faoliyat bilan bog‘liq ekanini aytdi.

- “Birdamlik” tashkiloti vakillari Saida Qurbonova, Malohat Eshonqulova - hammasi 8 dekabr bayram kunida tadbirlar o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Piketga chiqish mo‘ljallari bo‘lgan. Shu sababli ularga nisbatan juda qattiq tazyiq bo‘lib, kuzatuv bo‘lib, mana oxiri Saida Qurbonovani 15 sutkaga qamashdi, - dedi O‘ktam Pardayev.

Malohat Eshonqulova va "Birdamlik"ning boshqa faollari O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 20 yilligi munosabati bilan 1 dekabrdan boshlab “OSh” - "ommaviy shodlik" tadbirlari o‘tkaza boshlagan edi.

Ozodlik “Birdamlik”ning Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan 7 dekabr kungi aktsiyasi to‘sqinlikka uchragani haqida o‘z vaqtida xabar qilgan edi.
XS
SM
MD
LG