Линклар

Ozodlikka bog‘lanayotgan oddiy aholi gripp virusiga chalinayotgan bolalarni 10-15 kunlab davolashga to‘g‘ri kelayotgani, bolalar asosan, quruq yo‘taldan qiynalayotganidan shikoyat qilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan bir necha toshkentlik oiladan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, bu yil aholi o‘rtasida tarqalayotgan yuqumli gripp virusiga chalinayotgan yosh bolalarni davolash og‘ir kechmoqda.

Birdaniga 4 nabirasi kasal bo‘lgan va ularni davolash uchun 15 kunlab ovvora bo‘lgan Abduqahhor Musayev shifokorlar bu yilgi gripp virusi turini aniqlay olmayotgani haqida gapirdi.

- 15 kun bo‘ldi. Birdaniga to‘rtta nabiram kasal bo‘lib qoldi. Do‘xtirga borib hamma analizlarni topshirishdi. Lekin do‘xtirlarning o‘zlari ham bilmayapti buning qanaqa grippligini. Davolash uchun bir vagon dori yozib bergan, lekin hech bir natija bermadi. Bolalarni shu o‘zimizning yo‘llar bilan davoladikda, deydi Musayev.

Unga ko‘ra, bu yilgi gripp virusi natijasida yosh bolalarda ko‘proq burun bitishi, oqishi va quruq yo‘tal kuzatilmoqda.

- Shu burni bitib qolyaptida. Buning ustiga quruq yo‘tal. Lekin, isitma yo‘q. Do‘xtirlar bir vagon dori yozib berdi, lekin foydasi bo‘lmadi. Bu bizning dorilar kuchsiz, soxtami yoki bu yilgi grippi shunaqa kuchlimi - bunisini bilolmadik, deydi zamonaviy meditsina taklif qilayotgan dori-darmonlardan xavfsalasi pir bo‘lgan Musayev.

U hamshira bo‘lgan kelini o‘z bolalarini, asosan, tabobat yo‘li bilan davolaganini aytdi.

- Asal bilan sholg‘om berdik. Qo‘y yog‘idan ko‘kraklariga, orqalariga surdik. Aptekadan faqat burniga sepadigan bitta dori foyda berdi, xolos, deydi Musayev.

Toshkentlik yosh bolali yana bir necha oiladan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, bog‘chalar va umumiy o‘rta ta‘lim maktablarining hamshiralari ota-onalarni bolalarni issiq saqlash va jamoat joylariga niqobda yuborishga undamoqda.

Ammo, shahardagi qator poliklinikalar shifokorlari buning o‘zi yetarli chora emasligini aytdi.

Shifokorlardan biridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozirgi paytda O‘zbekistonda gripp virusining har yilgi mavsumiy turidan boshqacha alohida bir turi qayd etilmagan.

- Hozircha alohida bir turi qayd etilmadi. Bu haqda bizga xabar kelardiku srazzu. Lekin mavsumiy virusga chalinayotganlarni ko‘pi bu yil ko‘proq yo‘taldan shikoyat qilyapti. Yosh bolalarda uzoq kechayotganiyam kuzatilyapti. Lekin bu menimcha, bolalarning immun sistemasi kuchsizlashayotganidan kelib chiqayapti, deydi ismini oshkor qilmagan shifokor.

Bu shifokor hozir shamollash va isitma bilan poliklinikaga murojaat qilayotgan bemorlarga “o‘tkir bronxit” tashhisi qo‘yilayotganini aytdi.

- Shu o‘tkir bronxit, degan tashhis qo‘yapmiz. O‘tkir bronxitda yo‘talning uzoq kechishi bo‘ladi. Keyin bolalar to‘la davolanmasdan turib, yana bog‘chaga, maktabga chiqib ketayaptida. Yoki onalari ishga chiqib ketyapti. Shuning uchun bolalarni davolash qiyin bo‘layapti, deydi toshkentlik shifokor.

Bu shifokor mavsumiy grippga chalingan bolalarni davolash yildan-yilga cho‘zilayotgani sababini bolalarning immun tizimi kuchsizlashib borayotgani bilan izohlar ekan, buning birinchi sababi ayollar o‘rtasida qisqa interval bilan ketma-ket tug‘ish holati ko‘payib borayotgani, deb hisoblashini aytdi.

- Men o‘zim shunga qarshi necha yildan beri kurashaman. Qo‘lida yosh bolasi bor, yana homilador bo‘lib keladi. Anuv bolasi bir yarim yosh bo‘lar-bo‘lmas keyingisini tuqqandan keyin kattasiga yetarlicha qarolmaydimi?! Oqibatda, bolalari nimjon bo‘lib o‘sadi va sal narsaga kasal bo‘lib qolaveradi, deb kuyinadi toshkentlik shifokor.

Bu shifokor bunda eng katta mas‘uliyatni ota-onalarga yukladi.

Ammo, bolalarga qo‘shilib, onalarning ham immun tizimi yildan-yilga kuchsizlashib borayotganini ta‘kidlaydigan o‘zbekistonliklarning aksariyati bunga bolalarning to‘g‘ri va to‘yimli ovqatlanmasligini sabab qilib keltiradilar.

Eng kam ish haqqi 79 ming 590 so‘m bo‘lgan O‘zbekistonda esa iste‘mol savati haqida biror huquqiy meyor yo‘q.

Toshkentlik shifokorlardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi har yilgidek mamlakatda dekabr oyi oralig‘ida gripp virusining keng tarqalashi kutilishidan ogohlantirgan.

Shifokorlar aholini sabrli va e‘tiborli bo‘lishga, shifokorlar tavsiyalarini og‘ishmay bajarishga chaqirar ekan, dekabr oyi oxirlariga borib vaziyatning o‘nglanishi, grippning tarqalishi sustlashishini aytmoqdalar.
XS
SM
MD
LG