Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:33

Shved prokurorlari Behzod Ahmedovni ham ayblamoqda


Shvetsiya sudi Takilant Ltd. firmasi bank hisob raqamlarini hibsda qoldirish haqida qaror chiqardi. Shvetsiyaga qarashli TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi hamkori, Gulnora Karimovaga yaqin doiralarga qarshli Takilant Ltd. firmasining Shvetsiya banklaridagi 30 million AQSh dollariga teng mablag‘i hibsga olingan.

7 dekabr kungi sud majlisida TeliaSonerani O‘zbekistonda biznes qilish uchun pora berganlikda ayblayotgan Shvetsiya prokuraturasi yana bir O‘zbekiston fuqarosi – Behzod Ahmodov bu ishga aloqadorlikda gumon qilinayotganini ma‘lum qildi. Ayni paytda TeliaSonera shirkati o‘z Internet saytida rasmiy bayonot e‘lon qilib, O‘zbekistonga oid savollarga javob bermasligini ma‘lum qildi.


Behzod Ahmedov ham figurant


O‘tgan juma kuni Stokholm shahar sudi Shvetsiya prokuraturasining Gibraltarda ro‘yxatga olingan O‘zbekiston fuqarolariga qarashli Takilant Ltd. firmasining bank hisob raqamlarini hibsda qoldirish so‘rovini ko‘rib chiqib, uni qondirdi.

Stokholm sudi oktyabr oyida Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga qarashli Takilant Ltd. firmasining 30 million AQSh dollariga teng hisob raqamini hibsga olish haqida qaror chiqargan edi.

Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi sentyabr oyida TeliaSonera telekommunikatsiya shirkati O‘zbekistonda biznes qilish uchun Gulnora Karimovaga yuzlab million AQSh dollari miqdorida pora bergani iddao qilingan "TeliaSonera-o‘zbek ishi" nomli hujjatli filmni namoyish qilishi ortidan Shvetsiya prokuraturasi bu yuzadan jinoiy ish ochgan edi.

Qisman Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli shirkatdan pora olganlikda O‘zbekiston fuqarolari Gayane Avakyan va Alisher Ergashevlar gumon qilinayotgan edi. Shvetsiyalik jurnalistlardan birining, shaxsi sir qolishi sharti bilan, Ozodlikka aytishicha, prokuratura tergovchisi Gunnar Stettler juma kungi majlisda bu ish bo‘yicha yana bir O‘zbekiston fuqarosi Behzoz Ahmedov ham gumonlanuvchi sifatida o‘tayotganini ma‘lum qilgan.

“Prokuror taqdim qilglan hujjatlarga ko‘ra, Behzod Ahmedov TeliaSoneraning O‘zbekistondagi asosiy raqibi bo‘lgan MTS shirkati direktori bo‘la turib, TeliaSonera bilan Takilant Ltd. nomidan muzokara qilgan. TeliaSonera bilan Behzod Ahmedov o‘rtasida bu borada hatto yozma kelishuv ham borligi ma‘lum bo‘ldi. Prokuraturani Ahmedov qanday qilib raqib shirkat MTSning bosh direktori bo‘la turib, TeliaSonera bilan muzokara qilishi mumkin bo‘lgan, degan savol qiziqtirmoqda. Bizda, ya‘ni shved matbuotida Behzod Ahmedovning Gulnora Karimovaga yaqin aloqasi bo‘lganiga oid ma‘lumotlar bor. Har qalay o‘sha paytda shunday bo‘lgan”, deydi shved jurnalisti.

Uning aytishicha, bundan tashqari, prokuratura tergovchisi juma kungi mahkamada suddan Takilant Ltd. shirkatiga qarashli yana 2 milliard shved kronasi (300 million AQSh dollari) miqdoridagi mablag‘ini ham hibsga olishni so‘ragan.

“Hozircha Takilant Ltd.ning buncha pulini ushlab qolish imkoni bo‘lmasligi mumkin. Lekin keyinchalik prokuraturada buning imkoni paydo bo‘lishi mumkin. Sudning bunga oid qarori chorshanba kuni e‘lon qilinadi. Bundan tashqari sud va prokuratura o‘rtasida bu ishga oid huquqiy masala xususida ham muhokama bo‘lmoqda. Sud, “bu ishni Shvetsiyada ko‘rish uchun asos bormi, ya‘ni pora berish Shvetsiyada ro‘y berganmi, yo‘qmi”, degan savolni qo‘ymoqda. Prokuratura esa, “proaxo‘rlik Shvetsiyada sodir etilgani, chunki pora berish qarori TeliaSoneraning Shvetsiyadagi menejmenti tomonidan qabul qilingan”, degan iddaoni ilgari surmoqda”, deydi jurnalist.


TeliaSonera savollarga javob berishdan bosh tortmoqda


Ayni paytda, O‘zbekistoda biznes qilish imkoni uchun Toshkent hukumatiga aloqador shaxslarga pora berganlikda gumon qilinayotgan TeliaSonera juma kuni o‘z saytida O‘zbekiston bilan bog‘liq savollarga javob bermasligini bayon qildi qildi.

TeliaSonera matbuot xizmati vakili Ozodlik bilan suhbatda Shvetsiya prokuraturasi “o‘zbeklar ishi” bo‘yicha olib borayotgan tergovdan tashqari, TeliaSonera ham Mannheimer Swartling advokatlik firmasini yollab, mustaqil tergov o‘tkazayotgani bois bunga oid savollarga javob bermaslik ma‘qul ko‘rilganini ta‘kidladi.

- Shvetsiya televideniyesi kelasi hafta bu mavzuda yana bir hujjatli filmni e‘lon qiladi. Jurnalistlar bizga savollar bilan murojaat qilishdi. Lekin biz bu yuzadan tergov olib borayotganimiz bois, savollarga javob berishdan tiyilib turishni ma‘qul ko‘rdik. Saytimizda bayonot e‘lon qilishimizdan maqsad bu borada uzr so‘rash va pozitsziyamizni izohlashdan iboratdir. Biz bu masalaga jiddiy qaramoqdamiz, biz o‘tkazayotgan tergov natijalari yanvar oyida e‘lon qilinadi va o‘shangacha bu borada izoh bermay turishni ma‘qul ko‘rdik, dedi TeliaSonera matbuot xizmatining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Shvetsiyalik jurnalist jamoatchilik telekanali tayyorlayotgan hujjatli film joriy haftada efirga berilishini ma‘lum qildi. “Telkanal TeliaSoneraning O‘zbekistondagi foliyatiga doir navbatdagi film tafsilotlarini ochiqlaganicha yo‘q. Lekin unda ko‘plab yangilik bo‘lishini kutsak bo‘ladi, aks holda yangi film chiqmas edi”, deydi jurnalist. Shvetsiya jamoatchilik telekanalining "TeliaSonera-o‘zbek ishi" nomli birinchi filmi sentyabr oyida efirga berilgan edi.

Shvetsiyadagi jinoiy ish figurantlari Gayane Avakyan, Alisher Ergashev va Behzoz Ahmedov hamda yana bir O‘zbekiston fuqarosi Shohruh Sobirov Shveytsariya prokuraturasi tomonidan ham pul yuvganlikda ayblanmoqda. Shu yilning iyul oyida Shvetsariya prokuraturasi tomonidan hibsga olingan Alisher Ergashev va Shohruh Sobirov oktyabr oyida garov evaziga ozod qilingan edi.

Bu shaxslarning to‘rtalasi ham O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar ekaniga ishora qiluvchi ma‘lumotlar bor.
XS
SM
MD
LG