Линклар

logo-print
Kelasi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda chet tillarni, asosan ingliz tilini o‘rganish umumta‘lim maktablarining birinchi sinfidan boshlanadi. Prezident Karimov bu xususdagi qarorini 10 dekabr kuni imzoladi.


Qarordan maqsad


Bu haqda hujjatda mana bunday deyilgan:

“…o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda buning negizida, ularning jahon tsivilizatsiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish...”dir.

Hujjat bilan mana bu yerda to‘liq tanishish mumkin.

E‘tiboringizni qarorning O‘zbekiston hukumati chet tillarni o‘qitishga naqadar e‘tibor berayotganini ko‘rsatuvchi bir-ikki bandiga qaratmoqchimiz.



Chet tili o‘qituvchisi boshqa o‘qituvchilardan ko‘proq maosh oladi


Prezident qarorining 7 bandida bunday deyilgan:

“O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta‘limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi va Moliya vazirligining chet tillar o‘qituvchilari va muallimlariga qonun hujjatlari bilan belgilangan rag‘batlantiriluvchi to‘lovlar va qo‘shimchalarni hisoblashda, ularning lavozim maoshlari tarkibiga kiritgan holda qishloq joylarda joylashgan ta‘lim muassasalarida ularning tarif stavkalariga 30 foiz va boshqa ta‘lim muassasalarida 15 foiz stavkalari miqdoridagi har oydagi qo‘shimchalar qo‘shib berishni belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin”.

Multfilmlarni inglizcha subtitrlar bilan ko‘rish mumkin bo‘ladi


Bu haqda Prezident qarorining 9 bandida mana bunday deyilgan:

“…televideniye, shu jumladan mahalliy telekanallar orqali bolalar va o‘smirlarni xorijiy tillarga o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatuvlar tayyorlash hamda ularni translyatsiya qilish, boshqa xalqlarning tarixi va madaniyati, jahon ilmi va texnikasiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop xorijiy badiiy hamda multiplikatsiyaviy filmlarni o‘zbek tilidagi subtitr yordamida, muntazam ko‘rsatib borishni amalga oshirish (ta‘minlansin);”

Rus tili nima bo‘ladi?


Prezident qarorida bu xususda alohida bir gap yo‘q. Hujjatning birinchi bandi: “Belgilab qo‘yilsinki, 2013/2014 o‘quv yilidan boshlab: respublikaning barcha hududida chet tillarni, asosan, ingliz tilini o‘rganish...”, deb boshlanganidan kelib chiqilsa, kelasi o‘quv yilidan boshlab o‘zbek maktablarida rus tili o‘rnini ingliz tili oladi, deb taxmin qilish mumkin.

Qaror ijrosini ta‘minlash uchun resurslar yetarlimi?


O‘zbekiston Prezidenti fikricha, yetarli. Bu haqda qarorda mana bunday deyilgan:

“Mustaqillik yillarida 51,7 ming nafardan ziyod chet tillar o‘qituvchilari tayyorlandi, umumta‘lim maktablarining 5-9 sinflari uchun ingliz, nemis va frantsuz tillari bo‘yicha multimedia darsliklari, boshlang‘ich sinflarda ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha elektron resurslar tayyorlandi, umumta‘lim maktablarida, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda 5 mingdan ko‘proq lingafon kabinetlari jihozlandi”.

“Ingliz tili o‘qituvchilari ko‘payib qolgan”


Bu gapni jizzaxlik bir ingliz tili o‘qituvchisidan eshitdik.

Ozodlik: Shu paytgacha chet tili oddiy o‘zbek maktablarida nechanchi sinfdan o‘qitilardi?

- 4-sinfdan o‘qitilardi.

Ozodlik: Keyingi yilarda ingliz tili o‘qituvchilari kamaydimi yo ko‘paydimi?

- Ko‘payayapti.

Ozodlik: Bolalarning ingliz tiliga qiziqishi qanday keyingi yillarda?

- Juda ham yaxshi. Saytlarga kirib bemalol ingliz tilida muloqot qilayapti internet bilan. Qiziqishi yaxshi.

Ozodlik: Qiziqishining sababi nimada?

- Sababi chet tilini o‘rgansak, jahonga chiqish qilsak, jahon nimalarini o‘zimizdan rivojlantirsak o‘rganib kelib, dedi jizzaxlik ingliz tili o‘qituvchisi.

Jahon aholisining yarmidan ko‘pi o‘zaro inglizcha tillashmoqda


Vikipediya resursi ma‘lumotlariga qaraganda, Internetdagi saytlarda e‘lon qilingan materiallarning 57 foizi ingliz tilida.

Qiyoslash uchun: rus tilidagi materiallar 5%, frantsuz tilidagisi 4%, nemis tilidagisi 7% xolos. Demak, rus tilidagi materiallar miqdori 5% ekan, o‘zbek tilidagi materiallar miqdori qancha ekanini taxmin qilish qiyin bo‘lmaydi.

“Til o‘rgatuvchi markazlar ko‘paymoqda”


Bu fikrni Toshkentdagi tijoriy o‘quv markazlaridan birining o‘qituvchisi aytdi.

Uning aytishicha, ingliz tilini maktabdagi darslarga qo‘shimcha tarzda o‘rganishni istayotgan bolalar yildan yilga ortib bormoqda.

Suhbatdoshimiz ishlaydigan markazda ingliz tili o‘rganuvchi 14 ga kirmagan bolalarning bir oylik o‘qishi 48 ming so‘m turadi.

Ota-onasi oyiga 48 ming so‘m to‘lagan o‘quvchi 8 kishilik guruh tarkibida 1,5 – 2 soatdan haftasiga 3 marta dars oladi.

62 ming so‘m


Bu miqdordagi pulni kattalar bilan ishlaydigan repetitorlar oladi.

- Bizda kattalar uchun ham ingliz tili kurslari bo‘lib, chet elda o‘qib kelgan mutaxassislar dars beradi, dedi Toshkentdagi tijoriy o‘quv markazlaridan birining o‘qituvchisi.

“O‘g‘limning oyligini to‘lig‘icha nevaramning repetitoriga berayapmiz”


Bu o‘zini Farida opa, deb tanishtirgan toshkentlik opaning so‘zlari.

- Repetitorga soatiga 10 dollar to‘layapti. Bir kunda ikki soat o‘tadi. Bir xil payti 5 kun keladi. Mana bu hafta to‘rt kun keldi.

Ozodlik: Nevarangiz necha yoshda?

- 8 yoshga endi to‘ladi.

Ozodlik: Nima uchun aynan ingliz tilini tanladinglar?

- O‘zi xohladida. O‘zi yaxshi ko‘radi. O‘zi ham aqlli bolada. Repetitorsiz ham o‘zi boshlab qo‘ygan edi. Baribir O‘zbekistonda hozir ish topish qiyinku. Shuning uchun kelajagini o‘ylab o‘qitayapmizda.

Ozodlik: Sizga o‘xshab nevarasiga ingliz tilini o‘rgatayotgan ota-onalar ko‘pmi?

- Kakoy tam ko‘p. Ko‘plarining moddiy imkoniyatlari bunga yo‘l qo‘ymaydiku. Masalan, menda hozir bitta o‘g‘limning oyligi to‘lig‘icha ketayaptida. Kitoblari bor rosa qimmat. Har ikki haftada yangi kitob olishimiz kerak.

Ozodlik: Demak, ko‘pchilikda farzandiga ingliz tili o‘rgatish istagi bor, lekin imkoniyati yo‘q?

- Qiyinku bunaqa pul topish O‘zbekistonda. Bilasizku oyliklarimiz o‘zi 200 dollar. Bitta repetitorga 400-500 dollar berishingiz kerak oyiga.

Ozodlik: Prezident kecha qaror chiqaribdi chet tillarini chuqurroq o‘rgatish to‘g‘risida. Bu qarorga munosabatingiz qanday?

- Bizlar hali uni eshitmadik. Mana hozir sizlardan eshitayapmiz. Borib surishtiramiz. Lekin bularning maktabida hali o‘qitish yo‘q 2-sinfda. Agar shunaqa qilgan bo‘lsa, rosa yaxshi bo‘libdi. Hamma bolalar xohlaydi o‘qishni, dedi toshkentlik Farida opa.
XS
SM
MD
LG