Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:18

"TeliaSonera va Diktatorning qizi"


Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi mamlakat hukumatiga tegishli TeliaSonera shirkati O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga millionlab AQSh dollari miqdorida pora bergani iddao qilingan navbatdagi hujjatli filmni efirga beradi.

"TeliaSonera va Diktatorning qizi" deb nomlangan film shved jurnalistlari sentyabr oyida e‘lon qilgan "TeliaSonera-o‘zbek ishi" nomli hujjatli filmning davomidir.


TeliaSonera Gulnoraga pora berayotganini bilgan


Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi chorshanba efirga beradigan "TeliaSonera va Diktatorning qizi" nomli hijjatli filmda katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga tegishli TeliaSonera shirkati O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun katta miqdorda pora bergani bilan bog‘liq janjalga oid yangi tafsilotlar berilgan.

"TeliaSonera va Diktatorning qizi" filmi mualliflaridan biri Frederik Lorinning Ozodlikka aytishicha, chorshanba kuni efirga beriladigan filmdagi faktlar TeliaSonera shirkatining ijrochi menejerlari bilan suhbatlarga asoslangan.

- Bu film avval berilgan hikoyaning davomidir. Unda 250 million AQSh dollariga yaqin pora, politsiya Gulnora Karimovaga tegishli ekanini gumon qilayotgan hisob raqamlariga o‘tkazilgani haqida gap boradi. Bugun efirga berayotganimiz filmda TeliaSoneraning ikki ijrochi menejeri, ya‘ni bu voqeani shirkat ichidan turib kuzatib kelgan manbalar bilan intervьyular bor, deydi jurnalist.

Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi TeliaSonera mulozimlari bilan qilingan intervyularni Ozodlikka taqdim qildi. Ismi keltirilmagan bu mulozimlar TeliaSonera O‘zbekistonga kirib kelishidan avval Gulnora Karimova bilan bilvosita muzokaraga kirishgani va mamlakat telekommunikatsiya bozori eshiklarini ochib berish uchun yuzlab million AQSh dollari miqdorida pora berishga majbur bo‘lgani haqida hikoya qilishadi.

- Gulnora bilan kelishish TeliaSonera O‘zbekistonda ish boshlay olishi uchun asosiy shart bo‘lgan. U bilan muzokaralar 2007 yilning fevral-mart oylaridayoq boshlangan, deya hikoya qiladi TeliaSonera ijrochi menejeri.


Aql bovar qilmaydigan vaziyat


Uning aytishicha, Gulnora Karimova nomidan, TeliaSonera raqibi MTS-O‘zbekiston shirkati bosh direktori, hozirda O‘zbekiston tomonidan moliyaviy jinoyatlarda ayblanatgan Behzod Ahmedov muzokara olib borgan.

- Behzod Ahmedov Gulnoraning agenti, vositachisi sifatida muzokara qilgan. U Gulnoraning do‘sti, uning telekommunikatsiya sektoridagi vositachisi bo‘lgan. Gulnora uni biz bilan muzokara qilish uchun shaxsan tayinlagan, deydi TeliaSonera ijrochi menejeri.

Shirkatning yana bir vakili, TeliaSonera O‘zbekistonda biznes boshlash harakatlariga doir vaizyatni eslar ekan, bunday deydi.

- Behzod biz bilan muzokara qilish uchun tayinlandi. Bu mutlaqo aql bovar qilmaydigan vaziyat edi. U raqib shirkat MTS bosh direktori bo‘la turib, Karimov oilasiga beriladigan pora miqdorini TeliaSonera bilan muzokara qilgan, deydi TeliaSonera mulozimi.


Oddiy sxema


TeliaSonera 2007 yilning iyulida O‘zbekistonga qarashli Coscom operatorini sotib olib, ish boshlaganda, Gulnora Karimova bilan allaqachon kelishib bo‘lingan edi, deya davom etadi TeliaSonera vakili.

- O‘shanda menga TeliaSonera tashkil qilayotgan yangi shirkatning bir qismi Gulnoraga berilishini aytishdi. Unga mahalliy firmalardan biri orqali yangi shirkat ulushlarining 20 foizi beriladigan bo‘ldi. TeliaSonera esa 2-3 yil o‘tib avval kelishilgan narx bo‘yicha bu ulushni sotib olishi kerak edi. Aniq narxini men bilmayman. Buning evaziga O‘zbekistonda bizga 3G litsenziyasi, 2G va 3G to‘lqinlari va‘da qilindi,- deya eslaydi TeliaSonera ijrochi menejeri.

TeliaSonera 2007 yil iyul oyida O‘zbekistondagi Coscom uyali aloqa operatori ulushlarining 74 foizini qariyb yarim milliard AQSh dollarga sotib olgan edi. Keyinchalik Ucell deya nomi o‘zgartirilgan shirkatning 26 foiziga egalik qiladigan Takilant Ltd. shirkatidan yana 20 foizlik ulush 2010 yilda sotib olinadi.

Gulnora Karimova nomidan harakat qilgani aytilayotgan Takilnat Ltd. firmasi hozirda ham UCell operatorining 6 foiziga egalik qilishi aytiladi.

Filmda shuningdek, 2007 yil sentyabrida O‘zbekiston rasmiylari 3G aloqasi letsenziyasini TeliaSoneraga emas, mahalliy Teleson Mobile firmasiga bergani aytiladi. Letsenziyani olishdan ikki hafta oldin tuzilgan firmaning egasi esa Gunora Karimovaning gumashtasi Gayane Avakyan bo‘lgan. Avakyan O‘zbekiston rasmiylaridan olgan litsenziyani keyin shved shirkatiga sotadi.

"TeliaSonera va Diktatorning qizi" filmida Shvetsiya prokuraturasi tomonidan pora olganlikda gumon qilinayotgan O‘zbekistonning uch fuqarosi va Gulnora Karimovaga yaqin aloqasi bo‘lgani aytilayotgan Behzod Ahmedov, Gayane Avakyan va Alisher Ergeshevlar ustidan Shveytsariyada ochilgan jinoiy ishga oid tafsilotlar ham bor.

TelaiSonera bilan Gulnora Karimova o‘rtasidagi oldi-berdida vositachi sifatida ishlatilgani aytilayotgan Takilnat Ltd. shirkatining Lombard Odier bankidagi hisob raqamlarini Bahzod Ahmedov nazorat qilgani va pora pullari aynan ana shu hisob raqamlariga o‘tkazilgani aytiladi filmda.

- Lombard Odier bankidagi hisob raqami Gulnora Karimovaga aloqador ekani aniq. Pullar ana shu hisob raqamlariga o‘tkazilgan. Hozirda Shveytsariya prokuraturasi o‘tkazayotgan tergovning asosiy e‘tibori ana shu hisob raqamlariga qaratilgan va katta miqdordagi pullar muzlatib qo‘yilgan, deydi jurnalist Frederik Lorin.


O‘zbekcha gambit


Filmda Shveytsariyadagi ishni o‘rganayotgan Le Matin Dimnache jurnali muxbiri Fransua Pillet iyun oyida Jenevadagi Lobard Odier bankida ikki O‘zbekiston fuqarosi Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovning hibsga olinishi tafsioltlarini hikoya qiladi.

- Bankda jiddiy bir vaziyat yuzaga keladi va bank rahbariyati sarosimaga tushib qoladi. Gayane Avakyan yana ikki o‘zbek hamrohligida bankka kirib kelishadi. Ular Takilant firmasiga qarashli hisob raqamiga dahl qilishadi. Lekin hisob raqamining egasi Behzod Ahmedov ekanini ko‘rgan bankirlar bunga ruxsat bermaydi. Bank o‘z mijozlari bo‘lgan Behzod Ahmedovga qo‘ng‘iroq qilishga urinishadi, lekin u javob bermaydi. Aftidan Behzod Ahmedov bilan Gulnora Karimova o‘rtasida gap qochgan, nima sababdan ekani aniq emas. Lekin Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar Jenevaga kelib, bu pullarning xo‘jayini Ahmedov emas, Gayane Avyakyan, deb turib olishlari bank xodimlari uchun mutlaq yangilik bo‘ladi. Avakyan pullar unga tegishli ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni keltirishni va‘da qiladi, lekin olib kelmaydi. Shundan keyin bank rahbariyati Shveytsariya huquq tartibot idoralarini bundan xabardor qiladi. Politsiya Takilant hisob raqamiga dahl qilmoqchi bo‘lgan bu odamlar orqasidan kuzatuv o‘rnatadi va oradan bir necha kun o‘tib Jenevada hibsga oladi, deya hikoya qiladi shveytsariyalik jurnalist.

Ayni paytda Shvetsiyadagi ishni tergov qilayotgan mamlakat prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbari Gunnar Stetler Ozodlik muxbirining ayblanuvchilar O‘zbekiston prezidenti oilasiga aloqadorligiga oid iddaolar tergov doirasida o‘rganilmoqdami, degan savolini izohlashdan bosh tortdi.

Frederik Lorinning Ozodlikka aytishicha, hozirda norveg jurnalistlari ham O‘zbekistondagi Bilayn mobil operatorining egasi, Norvegiya va Hollandiyaga doir Vimpelkom shirkati ham O‘zbekiston bozoriga kirish imkoni uchun, huddi shunday sxema asosida Gulnora Karimovaga pora berganiga oid surishtiruvni boshlagan.

"TeliaSonera va Diktatorning qizi" filmi mualliflari shuningdek, shu yilning boshida Shvetsiyada o‘zbekistonlik taniqli imom Obdxon qori Nazarovga qilingan suiqasdga ham to‘xtalgan. Filmda imomning o‘g‘li Dovut Nazarov va boshqa o‘zbekistonlik muhojirlar bilan intervьyular asosida, suiqasd O‘zbekiston maxfiy xizmatlari tomonidan amalga oshirilganiga ishora qilinadi.
XS
SM
MD
LG