Линклар

Farg‘ona vodiysida “Majnuntol” qo‘shig‘i bilan mashxur bo‘lgan qo‘qonlik hofiz Siddiq Mahmudov 47 yoshida 4 dekabr kuni olamdan o‘tgani haqidagi habar chorshanba kuni bizga yetib keldi.

Siddiq Mahmudovning janozasida qatnashgan “Hamza” nomidagi Qo‘qon drama teatri direktori Turg‘unali Oripov Ozodlik bilan suhbatda Farg‘ona vodiysi qo‘shiq san‘ati og‘ir judolikka uchraganini aytdi:

- Siddiq Mahmudov hech kasal bo‘lmasdan, to‘satdan 47 yoshida olamdan o‘tdi. Bu yigitni 17 yoshidan bilardim. O‘zim qo‘lidan ushlab to‘ylarga olib borgan edim. Bu ashulachi o‘zining “Majnuntol” qo‘shig‘i bilan nafaqat vodiy¸ nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni respublikadagi yoshu qari o‘zbek tinglovchilari qalbini birdaniga zabt qilgan edi, deya gapirdi Turg‘unali Oripov.

Suhbatdoshga ko‘ra, Siddiq Mahmudovning hech qanaqa unvoni bo‘lmagan va musiqiy saboq ham olmagan:

- Ammo u kishida hukumat bera olmaydigan noyob martaba bor edi. U chinakam xalq qo‘shiqchisi edi. Dard bilan kuylar edi. Olloh rahmat qilsin¸ qizlariga sabr bardosh tilayman. Rahmatlidan uchta qiz qoldi. O‘g‘li yo‘q edi. Qizlarini juda yaxshi ko‘rar edi¸ deydi hofizni so‘nggi yo‘lga kuzatgan Turg‘unali Oripov.

Xalq sevgan qo‘shiqchi
Siddiq Mahmudov xalq sevgan qo‘shiqchi edi degan e‘tirof haqiqatda to‘g‘ri, deydi Rossiyada mardikorlik qiladigan 35 yashar farg‘onalik Umidjon:

- Men Siddiq Mahmudovning 10 ta qo‘shig‘ini yoddan bilaman. Bu xalqning dardini¸ ko‘nglidagi gaplarni qo‘shiqqa sola olgan ashulachi. Hozir O‘zbekistonda yuzlab ashulachilar bor ammo Siddiq Mahmudov qo‘shiqlarining ulardan o‘lsa o‘ligi ortiq¸ deydi Umidjon.


"Majnuntol" qo‘shig‘i


Umidjon va u bilan birga Rossiyada ishlaydigan muxojirlar Siddiq Mahmudov ijrosidagi “Majnuntol” qo‘shig‘ini yod bilishadi.

Majnuntoldek boshginangni egmagil, jonim.

Ko‘zlaringdan yoshginangni to‘kmagil, jonim.

Endi qayta uchrashmaymiz kutmagil, jonim.

Nurli-nurli nurga cho‘mgan bir xayol bo‘l.

Sen bahor bo‘l, baxtiyor bo‘l, baxtiyor bo‘l.





Bugun bu she‘rning muallifi – iste‘dodli shoir Muhammad Rajab ham uni ijro qilgan hofiz Siddiq Mahmudov ham oramizda yo‘q. (Shoir Muhammad Rajab 2000 yili 40 yoshida olamdan o‘tgan).

Qo‘shiqchi ashulasini aytib o‘tib ketaveradi¸ ammo ashulaning o‘lishi qiyin deydi hofizning muxlisi Umidjon

- Siddiq Mahmudov ijodining mahsuli bo‘lgan qo‘shiq yuragimizga muxrlandi. Bu qo‘shiqni har kuni ichimizda hirgoyi qilamiz¸ bu qo‘shiq hozirgi til bilan aytilganda xit qo‘shiq¸ xit bo‘lganda ham sezoni o‘tmaydigan xit, deydi Siddiq Mahmudovning muxlisi Umidjon.

"Majnuntol" qo‘shig‘i ilk aytilgan kunda qo‘shiqchi Siddiq Mahmudov bilan birga bo‘lgan Turg‘unali Oripov bu qo‘shiq el og‘ziga tushishini darhol sezganini eslaydi:

- Avvaliga Sheralining qo‘shiqlariga taqlid qilib yurgan hofiz bu qo‘shiqda o‘zligini topganday bo‘ldi. Matn va ohang shu qadar uyg‘un ediki¸ men buni so‘z bilan ta‘riflay olmayman. Shuni aytamanki, Farg‘onadan Toshkentga qatnaydigan taksilarni hammasida mana shu qo‘shiq hozirgacha yangraydi. Xolbuki, qo‘shiq yaralganiga 15 yildan oshdi, deydi Turg‘unali aka.

Qo‘shiqdagi “Endi qayta uchrashmaymiz kutma, jonim¸” misralari bugun real ma‘no kasb qilganday tuyuladi.

Vodiy san‘atkorlarini yaxshi bilgan Turg‘unali Oripov bu fikrga falsafiy yondashadi:

- Oxunjon Madaliyev o‘lganida ham shunaqa deyishdi. Qo‘shiqlarida “ketaman” degan jumlalar ko‘p deyishdi. Mahmudovni mashxur qilgan qo‘shiqda ham “Endi qayta uchrashmaymiz” degan misra bor. Hofiz¸ haqiqiy hofiz el dardini kuylaydi. Hofiz ham elning biri. Shu ma‘noda bu satrlar uni o‘limga yetakladi deya olmayman. Endi bu ajal. Ollohning irodasi¸ deydi Turg‘unali Oripov.
XS
SM
MD
LG