Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:52

H&Mdan o‘zbek paxtasiga boykot talabiga rioya qilish so‘ralmoqda


Paxta terimida bolalar mehnatidan majburiy foydalangani bois O‘zbekiston paxtasini boykot qilishga chaqirgan huquq himoyachilari endi g‘arbning yirik kiyim-kechak shirkati bo‘lmish H&Mdan va‘dasini bajarishni so‘ramoqda.

"O‘zbek paxtasi qullik mahsuli"


Shu kunlarda o‘zining yangi mavsum uchun kiyim-kechaklarini mashhur futbolchi Devid Bekxam va qo‘shiqchi Lana Del Reylar qiyofasida reklama qilayotgan H&M shirkati o‘zbek paxtasini boykot qilishga chaqirayotgan xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bosimi ostida qoldi.

The Guardian nashrining yozishicha, inson huquqlari himoyachilari H&M shirkati ishlatayotgan paxta hanuz bolalarning majburiy mehnatidan foydalanilgan O‘zbekistondan keltirilayotganini aytib, shirkatdan boykot talablarini to‘liq bajarish talab qilinmoqda.

Jumladan, Anti-Slavery International kabi zamonaviy qullik va majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bosimlariga javoban H&M shirkati, avvaliga o‘zi ishlab chiqarayotgan kiyimlar uchun olinayotgan paxtaning asl manbaidan bexabarligini aytgan va bu aniqlansa, boykotga qo‘shilishini bildirgan edi.

The Giardian nashriga so‘zlagan H&M shirkati rasmiylari endilikda ularga paxta matosini yetkazib berayotgan shirkatlarga o‘zbek paxtasini ishlatmaslik shartini qo‘ygani va bu shartning bajaralishini nazorat qilayotganini aytgan.

Ammo, odatan, g‘arbdagi yirik kiyim-kechak va yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi shirkatlar qo‘liga tushayotgan paxta tolasi yohud matosining aynan qaysi paxtadan ishlanganini aniqlash mushkulligi aytiladi.

Buni urg‘ulagan yana bir yirik shirkat - Ikea rahbariyati ham inson huquqlari himoya qiluvchilar so‘rovlariga javoban ularga xom-ayosh yetkazib berayotgan shirkatlardan o‘zbek paxtasining asosiy xaridori bo‘lgan Bangladesh emas, balki Hindiston shirkatlari bilan hamkorlikni qilishni talab qilayotganini bildirgan.

Zero, g‘arb shirkatlarini paxta tolasi va matosi bilan ta‘minlayotgan Bangladesh hamda Xitoy tekstil shirkatlari O‘zbekiston paxtasining asosiy xaridorlaridir.

Paxta eksport qilish bo‘yicha dunyoda uchinchi, paxta yetishtirish bo‘yicha esa, oltinchi o‘rinni egallovchi O‘zbekiston o‘z paxtasini asosan Xitoy, Rossiya, Eron, Bangladesh, Pokistonga sotadi.

"H&M o‘zbek paxtasini ishlatmaganiga ishonchimiz komil emas"


Anti-Slavery International tashkiloti dunyo bo‘ylab esa 2 yarim mingdan ortiq savdo do‘konlariga ega bo‘lgan va ayniqasa, yoshlar orasida sevimli brendga aylanib ulgurgan H&M shirkatining o‘z va‘dasini to‘liq bajarayotganiga shubha bildirmoqda.

Tashkilot matbuot vakilining so‘zlaridan The Guardian nashri keltirgan iqtibosda: "Paxta kampaniyasi tomonidan joriy etilgan talablarga rioya etishga urinayotgan bo‘lsada, H&M shirkati foydalanayotgan xom-ashyoning davlat yetakchiligida bolalar mehnatidan majburiy foydalanish evaziga yetishtirilmaganiga ishonch hosil qilishimiz deyarli imkonsiz", deyilgan.

Anti-Slavery International vakillari bu kabi shirkatlarning o‘zbek paxtasidan foydalanishni to‘xtatishi bilan o‘zbek bolalarning paxta dalalaridagi qullarcha mehnatiga tezroq chek qo‘yilishiga erishishga umid qilmoqda.

Hukumat bayonotlariga zid ravishda bolalar yana paxtaga chiqarildi


O‘zbekiston hukumatining yosh bolalar, maktab o‘quvchilarni paxta terimiga chiqarmaslik haqidagi qayta va qayta bayonotlariga qaramay 2012 yilning kuzida ham ayrim viloyatlarda o‘quvchilar terimga chiqarilgani kuzatildi.

Jumladan, 23 oktyabr kuni huquq faollari tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Shahrisabz, Qamashi tumanlarida maktab o‘quvchilarining paxta terayotgani aniqlangani xabar qilingan edi.

O‘zbekiston inson huquqlari al‘yansi raisi Yeleva Urlayeva bilan "Birdamlik" harakatining O‘zbekiston bo‘yicha rahbari Malohat Eshonqulovalar bu suratlarni 23 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Beshkaltak qishlog‘i hududida suratga olinganini aytgan.

O‘zbek paxtasini boykot qilgan g‘arb shirkatlari soni 60 dan oshdi


Yaqindagina Zara kiyim-kechak do‘konlari tarmog‘ini nazorat qiluvchi Ispaniyaning Inditex shirkati majburiy mehnat hisobiga yetishtirilayotgan o‘zbek paxtasini boykot qilish tadbiriga qo‘shilishini bildirgan.

Bundan oldin Burberry, Levi, Adidas va Puma kabi sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi shirkatlar ham o‘zbek paxtasiga boykot qilishini bildirgan.

O‘z vaqtida bu shirkatlar boykot tashabbuschisi bo‘lgan AQShdagi “As You Sow” (Nimani eksang, shuni o‘rasan ma‘nosida – tahr.) inson huquqlari guruhi amalga oshirayotgan Responsible Sourcing Network (xom-ashyo sotib olishda mas‘uliyatli bo‘lish ma‘nosida – tahr.) loyihasi doirasida e‘lon qilingan bayonot ostiga imzo chekkan edilar.
XS
SM
MD
LG