Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:43

Yangi Yil oqshomida Toshkent restoranlari ishlamaydi


O‘zbekistonda Yangi Yil bazmlarini o‘tkazish ruxsati sanoqli restoranlarga berildi xolos.
O‘zbekistonda Yangi Yil bazmlarini o‘tkazish ruxsati sanoqli restoranlarga berildi xolos.
Ozodlik muxbiri ba‘zi saytlarda 18 dekabr kuni paydo bo‘lgan xabarlar izidan borib poytaxtdagi bir qator restoranlar mutasaddilari bilan bog‘landi va o‘sha xabarlar asossiz emasligiga ishonch hosil qildi.

Uzmetronom nashrining yozishicha, Toshkent shahri tumanlari hokimlari o‘tgan haftaning payshanbasida kafe va restoranlar rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazib, 31 dekabr kuni ishlamaslikni tavsiya qilgan.

Ba‘zi restoran egalarining e‘tirozlariga javoban “spirtli ichimliklar sotish uchun litsenziyani bekor qilishlari mumkinligiga ishora qilishgan”, deb yozdi sayt.

Internetdagi manzil kitoblardan Toshkentda restoran ko‘paygandan ko‘paygani ma‘lum bo‘ldi. Birgina resursning o‘zidan 300 dan ziyod restoran telefonlarini topish mumkin.

Ozodlik muxbiri restoranlar bilan bog‘lanib, “Yangi Yil oqshomini sizlarning restoranda o‘tkazmoqchimiz, buyurtma qabul qilasizlarmi”, deb so‘radi.

Birinchi restoran:

- 31 dekabr oqshomida ishlamaymiz.

Ikkinchi restoran:

- Yangi yil oqshomida ishlamaymiz.

Uchinchi restoran:

- 31 dekabr kuni biz soat 6 gachagina ishlaymiz.

Restoranlardan birining vakilidan yana bir muhim informatsiyani eshitdik:

- Ishlash uchun maxsus ruxsatnomasi bor restoranlar bor, o‘shalar ishlaydi Yangi Yil oqshomida,- dedi birinchi restoran vakili.

Boshqa restoran vakili kutilmaganda, o‘sha Yangi Yil oqshomida ishlashiga ruxsat etilgan restoran bo‘lib chiqdi.

- Ha, biz ishlaymiz, lekin, afsuski, joy qolmadi, buyurtma ololmaymiz, dedi restoran vakili.

Restoratorlar assotsiatsiyasi nima deydi?


Turli ommaviy bayramlar va, ayniqsa, Yangi Yil oqshomi restoranlar uchun odatdagidan ko‘proq pul ishlab olish imkoniki, muassasa egalari Yangi Yilni qanchalik oilaviy bayram, deb tushunmasin, bu imkonni qo‘ldan bermaslikka harakat qiladi va bu harakat ularning huquqlaridir.

Restoranchilar huquqlarini esa, ularning jamoat tashkiloti – Restoratorlar assotsiatsiyasi himoyalashga bel bog‘lagan.

Tashkilot vakili bilan qisqa suhbatdan ma‘lum bo‘lishicha, Restoratorlar assotsiatsiyasining taqiqdan xabari borligi, lekin aynan qaysi organ taqiqlaganini bilmasligi ayon bo‘ldi.

- Bilmadim, bu masalada yordam berolmasam kerak. Soliqchilarga murojaat qiling. Bizgayam shunaqa informatsiya yetib kelgan, lekin bir narsa deyolmayman, dedi Restoratorlar assotsiatsiyasi vakili.

Oshpazlar assotsiatsiyasi qoshidagi restoran ham 31 dekabr oqshomida ishlamaydi


Tilga olingan jamoat tashkiloti vakili ham taqiq sababini tushuntirib berolmadi.

U assotsiatsiya qoshidagi restoranning 31 dekabr oqshomida ishlamasligini oshpazlarning dam olish istagi bilan izohladi.


Mustaqil kuzatuvchi: Yangi Yil kayfiyati shaharda sezilmayapti


Ot uzangisida turib o‘tkazganimiz tadqiqotdan restoranlar rahbarlaridan 31 dekabr oqshomida ishlamaslik talab qilingani to‘g‘risidagi xabarlar asossiz emasligi ma‘lum bo‘ldi.

Toshkentlik iqtisodchi Mirkomil Toshkandiy taqiq sabablari to‘g‘risida fikr yuritar ekan, o‘zining shaxsiy qarashlari va kuzatishlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Endi balki birinchisi bu tartib saqlash, ikkinchisi bu yangi yilni sekin-sekin omma orasidan siqib chiqarish. Bayramni qandaydir bir ommaviy bayram qildirmaslik. Chunki hozirgi paytda masalan Toshkent shahrida yangi yil kayfiyati hech kimda sezilmayapti. Hech qayerda archa yasatish, shahar ko‘chalarida yangi yil kayfiyati, ya‘ni yangi yil aktsiyalari, nimalari sezilish yo‘q. Boshqa yillarda korporativ kechalar bo‘lardi. Bu narsa ham menimcha bu yil yo‘q bo‘lsa kerak.

Ozodlik: Magazinlarning vitrinalari bezatilardi yangi yil arafasida. Shunaqa bezatishlar yo‘q bo‘lib ketgamnmi keyingi yillarda?

- Bu narsa o‘tgan yil bo‘ldi, lekin bu yil umuman Toshkent shahrida yo‘q. Masalan hamma joyda archa o‘rnatib nima qilishlar yo‘q Toshkent shahrida.

Ozodlik: Balki hali vaqt bordir. Endi o‘rnatishar. Bugun hali endi 18-dekabr bo‘ldi.

- O‘zi har yili 15-dekabrdan boshlanardi, deydi Mirkomil Toshkandiy.

Albatta, Mirkomil Toshkandiyning kuzatishlarini yagona va eng to‘g‘ri kuzatish, deb qabul qilmaslik kerak.

Chunki Toshkent bozorlarida olingan va saytimizda e‘lon qilingan suratlarda Yangi Yil atributikasi bozori kasod emasligi ko‘rinib turibdi.

Bir necha kun muqaddam O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining ikkita asosiy kanali: "O‘zbekiston" va "Yoshlar" telekanallari xodimlari Ozodlik bilan suhbatda Qorbobo va Qorqiz obrazlari aks etgan videotasvirlar efirga uzatilmasligi to‘g‘risidagi norasmiy xabarlarni tasdiqlagan edi.
XS
SM
MD
LG