Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:53

O‘zbekistonda yangi yildan spirtli ichimliklar qimmatlaydi


O‘zbekistonda yangi yildan alkogol ichimliklari narxi oshadi. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlariga belgilangan aktsiz solig‘i 5 foizdan 25 foizgacha oshadi. Yangi yilda aktsiz solig‘i vino uchun 5 foizga, etil spirti uchun 15 foizga, boshqa turdagi spirtli ichimliklar uchun 20 foizga, tamaki mahsulotlari uchun aktsiz solig‘i 25 foizga oshiriladi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining “Alkogol mahsulotlarining minimal ulgurji-sotuv va chakana narxlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2013 yilning 1 yanvaridan boshlab alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar vino ichimligining 1 litrini kamida 3350 so‘mdan sota boshlaydi. Hozir 1 litr vino 2200 so‘m turadi.

Shu hajmdagi konyak, aroq va boshqa alkogolli mahsulotlar – 6100 so‘mdan 7600 so‘mga qimmatlaydi.

- O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, ushbu me‘yorni buzganlar sotilgan mahsulot qiymatining 20% miqdorida, ammo belgilangan eng kam ish haqining 200 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda jarimaga tortiladi. Soliq qo‘mtasi va Moliya vazirligining qo‘shma qarori chiqdi. Alkogolli ichimliklar savdosi bo‘yicha qo‘yligan talablarga ko‘ra, qoidani buzganlar ma‘muriy javobgarlik, agar katta miqdorda bo‘lsa jinoiy javobgarlik ham ko‘zda tutilgan,- deydi O‘zbekiston soliq qo‘mitasining o‘z ismini aytmagan raysmiysi.

Yil davomida qonunbuzarlik holati takrorlangan taqdirda, jarima miqdori 50%gacha oshadi, ammo u eng kam ish haqining 300 barobari miqdoridan kam bo‘lmaydi.

Ammo, O‘zbekistondagi spirtli ichimliklar bilan savdo qiladigan yoki ishlab chiqaradigan ko‘plab korxonalar bu qarordan bexabar.

- Bizga hali hech qanaqa ukazaniya (ko‘rsatma-tahr.) kelgani yo‘q. Lekin, aktsiz oshsa, narxlar ham oshishi tabiiy,- deydi Kibraydagi Alkosavdo do‘koni xodimi.

Toshkentdagi spirtli ichimliklar bilan savdo qiladigan "Al Islom" do‘koni sotuvchisining ham alkogolli mahsulotlar narxi yangi yildan oshishidan xabari yo‘q.

- Hozir bizda mana aroqlar 2 yarim mingdan 20 ming so‘mgacha narxda sotilyapti. Hammasi o‘zimizda ishlab chiqarilgan, aktsizi bor aroqlar. Lekin, narx oshishidan xabarimiz yo‘q,- deydi "Al Islom" aroq do‘koni xodimi.

O‘zbekiston spirtli ichimlik kam iste‘mol qilinadigan davlatlar qatoriga kiradi.

Alkogolli ichimliklarning qimmatlashi esa ko‘pchilikni tashvishlantirmayapti, aftidan.

- Biron sabab bo‘lmasa, spirtli ichimlik umuman sotib olmayman. Menga farqi yo‘q. Oziq-ovqat, non qimmatlamasa bo‘ldi,- deydi qashqadaryolik Doniyor.

Toshkentlik Tolib aka esa, O‘zbekistonda spirtli ichimlik savdosini umuman taqiqlash kerak, deydiganlardan.

- Endi biz musulmon mamlakatmiz. Spirtli ichimlik Islomda harom, deb aytilgan. Haromdan holi bo‘lishimiz kerak,- deydi Tolib aka.

Farg‘onalik Hilola spirtli ichimliklar qimmatlashidan hursand.

- Qimmatlasa erkaklarimiz ichmay qo‘yadi,- deydi Hilola.

Xorazmlik Ilhom aka esa, spirtli ichimliklar narxi oshishi uni o‘ylantirishini aytadi.

- Chunki, qarang, bizda ichmasangiz ham mehmon kelsa butilka turishi kerak. To‘y qiladigan bo‘lsangiz, aroqsiz bo‘lmaydi. Agar qimmatlasa, bir yashik aroqda ancha bilinadi-da. Lekin, to‘yda bir yashik ichilmaydi, ko‘p ichiladi,- deydi Ilhom aka.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma‘lumotiga ko‘ra, alkogolli ichimliklar iste‘moli bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 132-o‘rinda turadi. Bu mamlakatda alkogol iste‘moli yiliga jon boshiga 3,54 litrga tengdir.
XS
SM
MD
LG