Линклар

Pasportida “turkman” bo‘lgan o‘zbeklar bu yo‘l bilan Turkmanistonda boshqa millat vakillariga nisbatan kamsitish amaliyotiga chap bermoqchi ekanini aytishdi.

Turkmanistonning Lebob va Toshovuz viloyatilarida istiqomat qiladigan o‘zbeklar pasportlarini yangilash paytida millati degan joyga "turkman" deb yozdirishmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan turkmanistonlik o‘zbeklarning aytishicha¸ pasportdagi ma‘lumotlarni o‘zgartirish uchun mulozimlarga pora berilmoqda.

Pasportida “turkman” bo‘lgan o‘zbeklar bu yo‘l bilan Turkmanistonda boshqa millat vakillariga nisbatan kamsitish amaliyotiga chap bermoqchi ekanini aytishdi.

Turkmanistonning Lebob viloyatidagi Otamurod shahrida (oldingi Karki) istiqomat qiladigan 40 yashar Roziya 20 yil oldin bu mamlakatga O‘zbekistondan kelin bo‘lib tushgan.

Ozodlik bilan suhbatda Roziyaxon o‘z yaqinlari va qo‘shni o‘zbeklar pasport olayotgan va pasport yangilayotgan paytda millati degan grafadagi "o‘zbek" degan so‘zni "turkman", deb o‘zgartirayotganini aytadi:

- O‘zbeklarga Turkmanistonda oliy o‘quv yurtiga kirish qiyin bo‘lmoqda. Hatto o‘zbeklar mutlaqo oliy o‘quv yurtiga kira olmaydi, desam ham yanglishmayman. Shuning uchun Turkmanistondagi o‘zbek yoshlari tug‘ilganlik guvohnomasini qaytadan olayotgan paytda yoki pasport olayotgan paytda millatini va otini o‘zgartirishmoqda¸- deydi Roziya.

Suhbatdosh masalaning yana bir tarafiga¸ ya‘ni o‘zbekcha ismlarning turkmanlashtirilishi muammosiga ham e‘tiborimizni qaratdi:

- Masalan Sardor degan o‘zbekcha ism Serdar¸ Karimquli degan ismni Kerimguliy¸ Bibisanamni esa Bivisenem deb yozdirishmoqda. Shodlik degan o‘zbekcha ism Shatliq deb yozdirilmoqda¸- deydi Roziya.

Ayni paytda¸ suhbatdosh ism va millatini o‘zgartirib yozishga hech kim majburlanmayotganligini ham ta‘kidladi.

O‘zbeklar pasportni rasmiylashtirish idoralaridagi tanish bilishlarini ishga solib¸ ba‘zi hollarda pora evaziga ma‘lumotlarni o‘zgartirishmoqda deydi Roziya:

- Turkman rasmiylari millatini o‘zgartirmoqchi bo‘lganlar talabidan bo‘yin tovlaganini ham ko‘rganim yo‘q. Odatiy byurokratik mushkulliklar bor. Bu qiyinchiliklar bilan hamma yuzlashgan. Turkman rasmiylari o‘zbeklar ismini turkmanlashtirishga deyarli moyillik ko‘rsatmoqda¸ deydi suhbatdosh.


Oliy o‘quv yurtiga yo‘l


Turkmanistonlik o‘zbeklarning o‘z pasportiga turkman deb yozdirishi ikki sabab bois yuz bermoqda deydi¸ ayni masala borasida maqola yozgan turkman jurnalisti Umid Jumatov:

- Birinchi sabab¸ o‘zbeklarning Turkmanistondagi oliy qo‘uv yurtiga kirish istagi. Ikkinchi sabab esa Turkmanistonda faqat titul millat vakillarinigina yuqori lavozimlariga tayinlash bilan bog‘lik,- deydi Umid Jumatov.

Ashxoboddagi Davlatmamat Ozodiy nomli chet tillar institutini yaqinda tamomlagan leboblik (ismi aytilishini istamagan) yigitning Ozodlikka aytishicha¸ Turkmanistondagi oliy o‘quv yurtida o‘zbek talabasi deyarli yo‘q:

- Minglarcha talaba o‘qigan chet tillar institutida ikkita o‘ris talabani ko‘rganman xolos. Qolgani turkman edi,- deydi suhbatdosh.


Ko‘pmillatli Turkmaniston


O‘zbeklar son jihatdan Turkmanistonda turkmanlardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Turkmanistonning Toshovuz va Lebab kabi viloyatlarida asosan o‘zbeklar yashaydi.

O‘zbekistondagi rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, besh millionlik Turkmanistonda o‘zbeklar aholining 9,2 foizini tashkil qiladi.

Keyingi 20 yil mobaynida Turkmanistonda milliy ozchiliklar huquqlari kamsitilgani xalqaro xisobotlarda ta‘kidlab kelinadi.

Turkmanistonda sovet davrida mavjud bo‘lgan o‘zbek teatri¸ o‘zbek tilidagi gazeta va jurnallar yopib tashlangan.

2000-2006 yillar oralig‘ida Turkmanistondagi o‘zbek maktablari birin-ketin yopib tashlandi.

Shu yilning oktyabrida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Turkmanistonga safari arafasida Karki shahridagi maktablarda o‘zbek sinflari ochilgani bildirildi.
XS
SM
MD
LG