Линклар

logo-print

Peshovar aeroportiga hujumda o‘zbeklar qatnashgan


Afg‘onistonning Qunduz viloyatidagi O‘zbekiston Islomiy Harakati janggarilari.

Afg‘onistonning Qunduz viloyatidagi O‘zbekiston Islomiy Harakati janggarilari.

Pokistonning Chag‘ay va Peshovar shaharlarida xavfsizlik kuchlari o‘tkazgan reyd natijasida kamida 19 xorijlik qo‘lga olindi. Ular shanba kuni Peshovar shahar aeroportiga uyushtirilgan hujumda ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda.

Rakistantoday.com nashriga ko‘ra, Chag‘ay shahridagi avtobus bekatida 17 nafar o‘zbek hibsga olingan. Ular tegishli hujjatga ega bo‘lmay Eronga ketayotgan bo‘lgan.

Afg‘onistondan kelgani taxmin qilinayotgan o‘zbeklarning yonida qurollar topilmagan.

Ayni paytda, katta avtomobil yo‘lidagi o‘tish punktida tekshiruv paytida yana ikki xorijlik ushlangan. Ular ham o‘zbeklar ekani taxmin qilinmoqda.

Qo‘lga olinganlar shaxsini aniqlash uchun ularning hammasi noma‘lum tomonga olib ketilgan.

Pokiston xavfsizlik xizmati xodimlari qo‘lga olinganlar Peshovar shaharidagi aeroportga 16 dekabr kuni uyushtirilgan xudkush va raketa hujumida ishtirok etganini taxmin qilmoqda.

Tinch aholidan to‘rt kishi halok bo‘lgan, qirqdan ortiq odam jarohatlangan Bacha Xon aeroportiga qilingan hujum uchun mas‘uliyatni Pokistondagi Tolibon harakati o‘z zimmasiga olgan. Hujum paytida besh janggari o‘ldirilgan.

Toliblar Pokiston harbiylari va fuqaroviy aviatsiyasi birga foydalanadigan Peshovar aeroportiga hujum uyushtirish uchun 10 janggari jo‘natilganini iddao qilgan.

Peshovar shahar politsiyasi zobiti Imtiyoz Altaf aeroportdan bir kilometr naridagi qurilish uchastkasida dushanba kuni o‘tkazilgan reydda besh janggari yo‘q qilinganini bildirdi.

Altaf ulardan ikki nafari o‘zbek ekani taxmin qilinayotganini qo‘shimcha qildi.

- Qurilish uchastkasida besh terrorchi bo‘lgan. Ularning hammasi yo‘q qilindi. Ularning hammasi aeroportga hujum qilgan guruh a‘zosi bo‘lgan. Janggarilar tish-tirnog‘igacha qurollangan bo‘lgan. Ular granatalar, avtomatlar va portlovchi belbog‘lar bilan qurollangan. Ularning ikki nafari o‘zbekka o‘xshaydi. Ular pokistonlik yoki xorijlik ham bo‘lishi mumkin. Buni aniqlash kerak,- dedi Peshovar shahar politsiyasi zobiti.

Haybar-Paxtunxva viloyati parlamenti dushanba kuni e‘lon qilgan bayonotda viloyatning axborot vaziri Mian Iftihor Hussayn Peshovar xalqaro aeroportiga hujum qilgan janggarilar "muhim inshootni o‘z nazoratiga olishga uringani"ni ta‘kidlagan.

Vazir hujum qilganlarning ko‘rinishi dog‘istonlik yoki o‘zbekistonlikka o‘xshashini qo‘shimcha qildi.

Pokistondagi nufuzli Dawn.com nashriga ko‘ra, Pokiston xavfsizlik kuchlari shu paytgacha o‘tkazib kelgan amaliyotlarda o‘zbek janggarilari ham hibsga olingan.

Nashrga ko‘ra, Taxriki Tolibon Pokiston va O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH) guruhlari ancha vaqtdan beri hamkorlik qilib keladi va ular qabilalar yashaydigan Pokistonning g‘arbiy viloyatlarida birgalikda hujumlar amalga oshirishi hech kimga sir emas.

Biroq Peshovar aeroportidagi hujumdan keyin O‘zbekiston Islomiy Harakati janggarilarining Pokiston hukumati nazoratida bo‘lgan viloyatda jiddiy harakat qila boshlagani ko‘pchilikni hayratga solgan.

Dawn.com nashriga ko‘ra, Pokiston ichkarisida amalga oshirilgan terrorchi hujumlarida xorijlik janggarilar roli oshib borayotgani mamlakat xavfsizlik xizmatlari uchun urush ko‘lami o‘zgarishi mumkinligiga ishora bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG