Линклар

logo-print

Qirg‘izistonda bir necha kundan beri 18-20 daraja sovuq bo‘layotganiga qaramay, Bishkek, To‘qmoq, Qant shaharlarida aholining katta qismi gazsiz va elektrsiz qolmoqda. Parlament deputatlari energetik bo‘hronga yo‘l qo‘ygan hukumatni "Dafn agentligi" deb atamoqdalar.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, birgina Bishkek shahrida 39 ming xo‘jalik gazdan uzib qo‘yilgan. Gaz berilmay qolgani uchun elektr energiyasidan foydalanish miqdori belgilangan me‘yordan uch barobarga ko‘paygan. Buning oqibatida esa elektr uzatkichlarda avariya ro‘y berib, shaharning ko‘pchilik mavzelari elektr ta‘minotidan ham uzilib qolgan. Bunday vaziyat Bishkekda 16 dekabrdan beri davom etmoqda.

- O‘zbekiston va Qozog‘istondan keladigan gaz bosimi keskin ozayib ketdi. Soatiga 50 ming kub metrdan gaz olar edik. Bugungi kunda esa bu miqdordan ikik barabar oz gaz berilayapti. Ko‘p qavatli uylarda gaz ta‘minoti uzilmasligi uchun hovli uylarga gaz berishni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Buning oqibatida elektr energiyasidan foydalanish uch barobarga ko‘payib, avariya holatlari yuzaga kela boshladi, - dedi Qirg‘iziston energetika va sanoat vaziri o‘rinbosari Rayimbek Mamirov.

Hozirgi paytda Bishkekdagi bir qator ko‘p qavatli uylarda ham gaz ta‘minoti o‘chirib qo‘yilgani aytilmoqda. “Qirg‘izgaz” shirkati raisi o‘rinbosari Kuralbek Naskeyevning aytishicha, bugungi kunda Bishkekdagi ijtimoiy ob‘ektlarda gaz ta‘minotini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayapti.

- Ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy ob‘ektlar, maktablar, kasalxonalarda gaz ta‘minotini saqlab qolish kerak. Katta miqdordagi qarzlari borligiga qaramay bu ob‘ektlarni gaz bilan ta‘minlashda davom etayapmiz. Ularning qarzdorligi 6,5 million dollarni tashkil etadi. “Qirg‘izgaz”ning esa Qozog‘istondan 3 million, O‘zbekistondan 200 ming dollar qarzi bor, -dedi Kuralbek Naskeyev.

Energetik bo‘hronga yo‘l qo‘yilganidan norozi bo‘lgan bishkekliklar, Tvitter va Feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali aholini mitinglarga chiqishlarga undamoqda. Ammo qish ayozi bunga yo‘l bermayapti.

19 dekabrda energetik bo‘hron tufayli parlamentga chaqirtirilgan Qirg‘iziston Bosh vaziri Jonto‘ra Sotiboldiyev Qozog‘iston Qirg‘izistonga beriladigan gaz miqdorini ko‘paytirishga rozi bo‘lganini bildirdi. Biroq mana shu holatda ham gaz ta‘minotidan uzib qo‘yilgan mavzelarni ta‘minotga qayta qo‘shish uchun 4 kun vaqt kerak bo‘lar ekan.

Qirg‘iziston parlamenti deputatlari 19 dekbar kungi yig‘inda energetik bo‘hronga yo‘l qo‘ygan hukumat amaldorlarini jinoiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘tardilar. Hokimiyatdagi partiyalaridan saylangan bir qator deputatlar esa hukmron koalitsiya amaldagi hukumatni shakllantirgani uchun fuqarolardan kechirim so‘rashi kerak, degan talab bilan chiqmoqda.

Parlament deputatlarining ayrimlari Bosh vazir Jonto‘ra Sotiboldiyev rahbarligidagi hukumatni “Dafn agentligi” deb atamoqda. Parlament muxolifatidagi “Respublika” partiyasi hukumatga ishonchsizlik bildirish taklifini kiritmoqda. Muxolifatdagi “Ata Jurt” partiyasi esa amaldagi hukumatni shakllantirishda hukmron koalitsiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun Qirg‘iziston xalqidan uzr so‘radi.
XS
SM
MD
LG