Линклар

Facebook ijtimoiy tarmog'i asoschisi Mark Zukerberg rafiqasi Prissilla Chan bilan birgalikda 18 million dona Facebook aksiyasini hayriya ishlariga yo'naltirdi.

Bu haqda Zukerberg o'z Facebook sahifasida e'lon qildi.

Silicon Valley Community Foundation hayriya jamg'armasiga o'tkazib berilgan aksiyalarning bugungi qiymati qariyb 500 million AQSh dollarini (bir aksiya narxi 27 dollar) tashkil etishi aytilmoqda.

Facebook asoschisiga ko'ra, hayriya jamg'armasiga o'tkazib berilgan mablag' asosan ta'lim va sog'liqni saqlash sohalaridagi loyihalarga yo'naltiriladi.

Dunyoning eng yosh milliarderlaridan biri Mark Zukerberg 2010 yili o'z boyligining ko'p qismini hayriya tadbirlariga yo'naltirish kampaniyasiga qo'shilgan edi. "The Giving Pledge" ("Tortiq etish ahdi") deb nomlangan ushbu filantroplar kampaniyasi milliarderlar Bil Geyts va Uorren Baffet tarafidan asos solingan.

28 yoshli Zukerbergning boyligi bugungi kunga kelib 9,4 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. U dunyodagi ikkinchi eng yosh milliarderdir.

Mark Zukerberg 2010 yili Nyuark shahridagi maktablarni rivojlantirish loyihasiga 100 million AQSh dollari ajratgan edi.
XS
SM
MD
LG