Линклар

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov seshanba kuni Toshkentda O‘zbekiston rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazib Moskvaga qaytdi. Chorshanba kuni KXShTning Moskva sammitiga na o‘zi va na o‘z vakilini yuborgan Islom Karimov esa¸ O‘zbekistonning Moskva yetovidagi bu harbiy tuzilmadan chiqish qarorini o‘zgartirmadi.


KXShT sammiti arafasida Kreml elchisi Toshkentda


Dushanba kuni Toshkentga ikki kunlik safar bilan kelgan Moskva diplomatlari rahbari Sergey Lavrov¸ seshanba kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va prezident Islom Karimov bilan uchrashdi.

Uchrashuvlardan so‘ng Rossiya muxbirlarining ayrim savollariga javob bergan Lavrov¸ o‘zbekistonlik hamkasbi bilan ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning so‘nggi yig‘ilishi yakunlarini muhokama qilganini bildirdi.

Lavrovga ko‘ra¸ mazkur komissiya o‘zaro sarmoyalarni himoyalash¸ shuningdek iqtisodiy¸ gumanitar va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirishga oid muhim kelishuvlar loyihasini hozirlagan va bu loyihalar amalga oshgan taqdirda¸ O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari dinamikasi yanada gurkirab rivojlanmay qolmaydi.

Ayni paytda¸ Rossiya Tashqi Ishlar vaziri e‘lon qilgan bayonotda yozilishicha¸ tomonlar 2014 yilda xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketishidan so‘ng MDH janubiy hududlari¸ xususan o‘zbek-afg‘on chegarasini Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida qo‘riqlash¸ terrorchilik va narkotiklar kontrabandasiga qarshi birgalikda kurash yo‘l-yo‘riqlari yuzasidan ham fikr almashgan. Lavrovga ko‘ra¸ bu masalalarda tomonlar fikrlari bir-biriga hamohang bo‘lgan.

Sergey Lavrovning ikki kunlik Toshkent safari yakunlari bo‘yicha Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasidan ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.


Lag‘mon yedirishdimi¸ lag‘mon osishdi?


Bu safarni Toshkentdan kuzatgan Uzmetronom Internet gazetasi bosh muharriri Sergey Yejkov¸ Lavrov safarining ko‘ngildagidek o‘tganini ta‘kidlaydi:

- Janob Lavrov Toshkentdan juda yaxshi kayfiyatda uchib ketdi. Bu safardan maqsad 19 dekbar kuni Moskvada boshlangan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti oldidan ayrim masalalarga oydinlik kiritish edi. Bu oydinlik kiritildi¸ tomonlar o‘zaro anglashinuvga erishdilar. Safar rejaga muvofiq amalga oshdi¸ deydi Sergey Yejkov.

Yejkovning qo‘shimcha qilishicha¸ toshkentdagilar Lavrovni o‘zbekcha lag‘mon bilan siylaganlar va bu Rossiya bosh diplomati ta‘bini yanada xush qilgan.

- Lavrov Toshkentda lag‘mon yedi. Uni haqiqiy¸ mazali o‘zbekcha lag‘mon bilan siylashdi. Lag‘mon unga shu qadar yoqdiki¸ Lavrov faqat shu lag‘monni yeb ko‘rish uchungina Toshkentga kelsa bo‘larkan¸ degan luqma tashladi¸ deydi Yejkov.


Lavrov Karimovni KXShTda qolishga ko‘ndira olmadi


Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida Lavrovning Toshkent safari davomida muhim masalalarda fikr almashilgani va tomonlar qarashlari uyg‘un bo‘lgani haqida bayonot tarqatgan va toshkentlik jurnalist Lavrovning lag‘mondan ko‘ngli to‘lib¸ xursand bo‘lib Moskvaga uchib ketganini aytsa-da¸ ayrim kuzatuvchilar Putin elchisi bu safardan ko‘zlangan maqsadga erisha olmaganini ta‘kidlamoqda.

Ayrim Rossiya nashrlari va tahlilchilariga ko‘ra¸ 19 dekabr kungi KXShT ga a‘zo davlatlar sammitidan bir kun oldin kunini Toshkentda - O‘zbekiston rahbarlari bilan muzokaralarda o‘tkazgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Islom Karimovni KXShTdan chiqish qarorini qayta ko‘rib chiqishga ko‘ndirishga so‘nggi bor urinib ko‘rgan.

Joriy yil iyun oyida O‘zbekiston hukumati Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bosh kotibiyatiga bu harbiy ittifoqdan chiqish haqida rasman nota yuborgan edi. Bu masala yuzasidan KXShT oliy organi – davlat rahbarlari sammitida qaror beriladi va bunday qaror qabul qilish aynan 19 dekabr kunga belgilangan.

Lavrov bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida Islom Karimov bu qarorida sobit ekanini bildirdi va buni Toshkentdan jo‘nash oldida Rossiya bosh diplomatining o‘zi ham e‘tirof etdi:

- Biz¸ albatta¸ O‘zbekistonning bunday qaror qabul qilganidan¸ afsusdamiz. Ammo bu O‘zbekistonning suveren qarori. KXShT davlat rahbarlari sammitiga bu qarorga oid tegishli murojaat yo‘llangan va buni chorshanba kungi sammitda ko‘rib chiqishadi. Shunga qaramay¸ O‘zbekiston bizning ittifoqchimiz bo‘lib qolaveradi.

Ikki davlat o‘rtasida o‘zaro strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga oid Shartnoma va o‘zaro ittifoqchilik Shartnomasi imzolangan¸ qolaversa qator harbiy va harbiy texnikaviy hamkorlikka oid dasturlar bor¸ dedi 18 dekabr kuni Toshkentda qilgan bayonotida Sergey Lavrov.

19 dekabr kungi KXShT Moskva sammitida nafaqat Islom Karimov¸ balki O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi ishtirok etmayotir. Rossiya nashrlarining yozishicha¸ mazkur sammitda O‘zbekistonning tashkilotdan chiqish haqidagi arizasi¸ qo‘shimcha shart bilan qabul qilinadi.

“Bugungi sammitda Toshkentning KXShTdagi ishtiroki to‘xtatilmaydi. Bunday qilish¸ Toshkentga tashkilot qarorlariga veto qo‘yish haqqini bergan bo‘lardi. Shu bois¸ O‘zbekistonning KXShTdagi a‘zoligi to‘xtatiladi. Bunday formula Toshkentga hech qanday imtiyoz bermagan holda¸ O‘zbekistonda tashkilotga istalgan paytda qaytish huquqini qoldiradi”¸ deb bayonot bergan KXShTdagi manba “Kommersant ‘” gazetasiga jumladan.


O‘zbekistonning KXShTdan chiqishi Moskva uchun mag‘lubiyat


Sergey Lavrovning Islom Karimovni KXShTda qolishga ko‘ndira olmagani Putin Rossiyasi uchun ko‘ngilsiz xabar¸ deydi Moskvadagi Karnegi markazining yetakchi tahlilchisi Aleksey Malashenko Ozodlik bilan suhbatda:

- Lavrovning Toshkentdan quruq qo‘l bilan qaytgani¸ Rossiyaning O‘zbekistonga bosim o‘tkazish imkonlari ancha cheklangani ifodasidir. Ayni paytda bu qarorida sobit qolganini ko‘rsatish orqali Islom Karimov o‘zining naqadar mustaqil ekanini ko‘rsatib qo‘yishga erishdi.

Ammo bu masala¸ 19 dekabr kungi qaror bilan to‘xtab qolmaydi¸ muzokaralar davom etaveradi va ishonamanki¸ Moskva va Toshkent qandaydir murosa yo‘lini topishadi. O‘zbekistonning KXShTdan chiqish qarori ikki tomonlama munosabatlarga jiddiy zarba yetkazmay qolmadi. Bunisi ancha yomon¸ deydi Malashenko Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG