Линклар

logo-print
Jahon aholisining bir qismi shu soatlarda yurak changallab o‘tiribdi – ular 21 dekabr kuni oxirzamon bo‘lishiga ishonib olgan. Ularning ishonchiga asos bo‘ladigan "hujjat" ham bor. Hujjatki, u eramizdan oldin Markaziy Amerikada yashagan va o‘ziga xos sivilizatsiya yaratgan qadimiy mayya xalqi tuzgan taqvimdir.

Oxirzamon to‘g‘risidagi mish-mishlar aholining bir qismini vahimaga solsa, ularning vahimasi aholining boshqa qismi uchun mo‘may daromad manbasiga aylandi.

Vahimalar esa, biri biridan vahimali. Emishki, Yer kurrasi bo‘ylab ro‘y beradigan sanoqsiz halokatlar oqibatida inson zoti qolmaydi, hayot tugaydi.

Bu mish-mishlar urchiy boshlagandan beri olimlar, davlat amaldorlari, diniy peshvolar ular – o‘sha mish-mishlar mutlaqo asossiz ekanligini tushuntirishga uringanlariga qaramay vahimachilar ham, ularning vahimasidan uyatsizlarga pul qilishga uringanlar ham ko‘paydi.

Oxirzamon vahimasi dunyoning boshqa biror mamlakatida Rossiya va Ukrainadagiday bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Vahima tufayli gugurtu sham,oziq-ovqat mahsulotlari narxi osmonga o‘rlab ketdi.

Rossiyalik vohmalar esa oziq-ovqatu suv, gugurtu sham, kerosin lampasiyu termos va umuman oxirzamon yuz berganidan keyin kerak bo‘ladi, deb hisoblagani boshqa narsalarni allaqachon g‘amlab qo‘yishgan.

Xususan, Novokuznetsk shahridagi do‘konlarda osh tuzi tugab qolgan.
Vahimadan pul hidi kelayotganini sezgan tomsklik ishbilarmonlar chiqargan “Oxirzamon aptechkasi”ning ham bozori chaqqon bo‘ldi.

“Oxirzamon aptechkasi”ni to‘y-tantanalar o‘tkazishga ixtisoslashgan “Marina Mendelson” agentligi sotuvga chiqargan. Korxona vakili Alevtina Popova
“Keyingi vaqtlarda odamlar oxirzamon to‘g‘risida ko‘p gapirishayapti. Shuning uchun biz ham hazillashmoqchi bo‘ldik", dedi.

Biroq bu hazilning bozori chaqqon chiqib qoldi. Internet orqali sotuvga qo‘yilgan “Oxirzamon aptechkasi”ga buyurtma berayotganlar, Popovaning aytishicha, ko‘p.

1 burda non, 1 ta baliq konserva, 4 xo‘plam suv, ozgina aroq, 2 ta sham, 1 ta kir sovun, 4 quloch rezina tasma, 1 ta qalam, 1 ta daftar va bir-ikkita allambalo bor “Oxirzamon aptechkasi”da.



90 rubl, yoki taqriban 30 dollar turadigan bu to‘plam, uni chiqarganlar fikricha, oxirzamondan omon qolish garovidir.

Agar tomsklik ishbilarmonlar oxirzamon bilan bog‘liq vahimalarni hazil qilish va bahonada pul ishlab olish imkoni, deb bilgan bo‘lsa, Rossiya siyosatchilari masalaga o‘ta jiddiy yondoshdilar.

Davlat dumasi deputatlaridan bir guruhi federal telekanallarga maktub yo‘llab, ularni “oxirzamon haqidagi g‘ayriilmiy lavhalarni namoyish qilmaslikka” chaqirdi.

Oxirzamon mavzuini bosh vazir Dmitriy Medvedev, Favqulodda vaziyatlar vaziri Vladimir Puchkov, Bosh sanitar vrach Gennadiy Onishchenkolar ham chetlab o‘tmadi, ular ham aholini vahima qilmaslikka chaqirdi.
XS
SM
MD
LG