Линклар

logo-print
O‘zbekistonda davlat kursi bo‘yicha valyuta olish uchun qaysi ayirboshlash shoxobchasiga bormang, shu gapni eshitasiz. O‘zbekistonda valyuta almashtirish shoxobchalari maydonlarini kengaytirish va operatsiyalarni faqat kompyuterda amalga oshirish haqidagi Markaziy bank qarori ham ahvolni o‘zgartirmagan.

O‘zbekiston Markaziy banki qaroriga ko‘ra, mamlakatdagi valyuta almashtirish shoxobchalarida 15 dekabrdan boshlab barcha amaliyotlar kompyuterda amalga oshirilishi shart.

Avvallari shoxobchalarda pul almashtirish ko‘pincha qo‘lda qilinar va amaliyotlar kompyuterda qayd etilmay qolar edi.

O‘zbekiston Markaziy banki valyuta operatsiyalari bo‘limi xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, yangi qaror mamlakat valyuta ayirboshlash shoxobchalarida pul almashtirish operatsiyalarini tartibga solish va fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida qabul qilingan.

- Hammasi endi kompyuterdan o‘tkaziladi. Qo‘lingizga sertifikat berishadi, naqd olganligingiz to‘g‘risida. Kompyuterda ismingiz va familiyangiz, qachon almashtirganingiz, hammasi yoziladi,- deydi o‘z ismini aytmagan bank xodimi.

Markaziy bank qarorida bundan buyon mamlakatdagi har bir valyuta almashtirish shoxobchasining maydoni 6 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi ham aytilgan. Avvallari bu 3 kvadrat metr edi.

Lekin, valyuta almashtirish shoxobchalarida amaliyot qanchalik kompyuterlashtirilmasin, qabul qilingan qarorga qaramay shoxobchalarida dollarni davlat kursi bo‘yicha sotib olish bor, sotish yo‘q.

- Bizda faqat pokupka, prodaja yo‘q,- deydi Toshkentning “Dedeman” mehmonxonasidagi valyuta almashtirish shoxobchasi xodimi.

Ozodlik muxbiri Toshkentdagi boshqa valyuta almashtirish shoxobchalariga ham qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdi. U yerda ham shu ahvol.

Valyuta shoxobchalarida dollar yo‘qligidan O‘zbekistonda ko‘pchilik “qora bozor”ga borishga majbur bo‘ladi, ba‘zan militsiya kuzatuvlari “qurboni” bo‘lishadi ham.

- “Obmennыy punkt” deb yozib qo‘yibdi, o‘zini tanish-bilishlari oladi, chetdan bir odam ham ololmaydi. Shuning uchun majbur qora bozorga boramiz. Qanchasini militsiya ushlab ketganini ko‘rganman. Dollarni boshqa qayerdan olamiz, faqat valyutchiklardan. Davlatni o‘zi shunga yo‘l qo‘yib beryapti. Qaysi “Obmennыy punkt”dan dollar olish mumkin, hech biridan olib bo‘lmaydi. Hammasi bundan buyon kompyuterda qilinadi, deb aytishyapti, lekin faqat bu nomiga, ko‘zbo‘yamachlik bo‘lyapti,- deydi toshkentlik Baxtiyor ismli 46 yashar tadbirkor.

Ammo, Markaziy bank xodimiga ko‘ra, O‘zbekistonda valyuta almashtirish shoxobchalari yoki bank bo‘linmalaridan davlat kursi bo‘yicha dollar olsa bo‘ladi.

- Milliy bankning istagan bo‘limiga borasiz, pasportingiz va uchish chipta biletingizni ko‘rsatasiz, 2000 dollargacha bo‘lgan miqdorda bemalol almashtirishingiz mumkin. Naqd yoki bo‘lmasa kartochkangizga o‘tkazib berishadi,- dedi bank xodimi.

Markaziy bank rasmiysiga ko‘ra, chet elga uchib ketayotgan har bir O‘zbekiston fuqarosi ariza, uchqich chiptasi va pasportini ko‘rsatib, Milliy bankdan davlat kursi bo‘yicha 2000 AQSh dollarigacha bemalol pul almashtirishi mumkin.

- Shu paytgacha chet elga uchib ketayotganlar qayta-qayta kelib almashtirib, ketaverishardi. Hozir endi faqat olti oylik muddatga oladi. Masalan, bir borib keldingiz va yana kelib ketishngizga berilmaydi, faqat olti oy oraliqda beriladi, shunaqa limit qo‘yildi,- deydi Markaziy bank xodimi.

Hozir O‘zbekistondan chet davlatga chiqmoqchi bo‘lgan fuqarolari o‘zlari bilan 2000 dollargacha ruxsatsiz, 5000 dollargacha Markaziy bank ruxsati bilan pul olib chiqishlari mumkin.

Hozir O‘zbekistonda AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 1980 so‘m, "qora bozor"da esa valyutafurushlar bir dollar uchun 2700 so‘m taklif etishmoqda.
XS
SM
MD
LG