Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:31

O‘zbekistonda ilk tuyaqush fermasi ochildi


Afrikaning Xartum shahridan keltirilgan tuxumlardan chiqqan tuyaqushlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtira olgan tadbirkor Baxtiyor Hakimov bu soha istiqboliga ishonadi.

Toshkentning Bo‘stonliq tumanida tuyaqush boqayotgan Baxtiyor Hakimov 42 yoshda. Baxtiyor o‘zbekistondagi ilk tuyaqush fermasi ochgan tadbirkor sifatida tanildi.

Ilgari bol yetishtirgan Baxtiyor mana besh yildan buyon tuyaqushboqarlik qiladi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Baxtiyor Hakimov shu kunlarda o‘zi yasagan inkubatordan chiqqan qora afrika tuyaqushlari soni 40 taga yetganidan xursand ekanini aytadi:

- O‘zi mendan oldin ham tuyaqushga qiziqqanlar bo‘lgan¸ lekin ularning tuyaqushlari o‘lib qolavergan. Hozir sovuqda mening tuyaqushlarimdan bir ikkitasi o‘ldi. Lekin 40 tasi omon qoldi¸ deydi o‘zbekistonlik ilk tuyaqush fermasi sohibi Baxtiyor Hakimov.


Tuyaqushlar vodiysi


Tuyaqushlar boqilayotgan Bo‘stonliqdagi ferma¸ tog‘ yon bag‘ridagi qariyb 6 gektar yerga yoyilgan.

Tuyaqush boqish uchun maxsus jihozlangan binoning kattaligi esa 700 kvadrat metr.

Toshkentlik Oynisa opa va Abduhalil akaning yolg‘iz farzandi Baxtiyorjon avvaliga bu hududda asalarichilik bilan shug‘ullandi.

Hozir ham Baxtiyor 570ta asalari uyasiga ega:

- Tuyaqush boqish zarar keltirgan paytda kamini asalaridan tushgan foyda bilan qoplab turdik¸ deydi Baxtiyor Ozodlik bilan suhbatda.


Oqibatli do‘stlik yoki Xartumdan kelgan tuxumlar


Suhbatdoshimiz Baxtiyor qanday qilib tuyaqushboqarga aylanib qolgani hikoyasini Ozodlik tinglovchilari bilan baham ko‘rdi:

- Sudanning Xartum shahridan kelib Toshkentda vrachlikka o‘qiyotgan Aziz ismli habash bola bilan tanishib do‘st bo‘lib qoldim. Aziz menga yurtidan to‘rtta tuyaqush tuxumini keltirib berdi. O‘zi tuxumlar o‘nta edi oltitasi yo‘lda sinib qolibdi. Keyin havasga qo‘lbola inkubator qilib jo‘ja ochtirdik. Ana shundan keyin tuyaqush fermasi ochishga qaror qildim. Bunga do‘stlik sabab bo‘ldi¸ deydi suhbatdosh.


Biri oq rang¸ biri kul rang ...


Ozodlik bilan suhbatlashgan Baxtiyor¸ bu ishning qiyinchiliklaridan ham so‘z ochdi:

- 200 ta tuxumni inkubatorga qo‘ysak 15 ta jo‘ja ochyapti. Shuning uchun hali maqtanishimga erta. Ikki yildan keyin tuyaqush terisi va go‘shtini chet elga katta miqdorda eksport qilishni boshlayman¸ deydi Bahtiyor.


Sakkiz kishini to‘ydirgan tuxum


- Tuyaqush tuxumi sakkiz kishiga ovqat bo‘ladi, deydi suhbatdosh.

Ayni paytda, oq-sarig‘i olingan tuxum po‘stlog‘i ustiga sharq minatyuralari chizilgan holda xalq amaliy san‘ati na‘munasi sifatida chet elga eksport qilyapmiz, deydi Bahtiyor.

Shu kunlarda Bo‘stonliq aholisi Baxtiyor akaning tuyaqush fermasini zooparkka kelganday tomosha qilmoqda.

Fermada tuyaqushlar bilan birga ot¸ it¸ tuya¸ tovus va rangbarang g‘uli-g‘uli tovuqlar bor.

- Odamlar qanday qilib olis Afrikaning Xartum shahridan olib kelingan tuxumlardan chiqqan tuyaqushlar O‘zbekiston sharoitiga moslashganiga qiziqmoqda,- deydi O‘zbekistondagi ilk tuyaqush fermasini ochgan tadbirkor Baxtiyor Hakimov Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG