Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:46

Bulung‘urlik ayollar “Toshkent-Samarqand” yo‘lini to‘sdi


Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi Samarqand mahallasida istiqomat qiladigan yuzga yaqin ayollar 17dekabr kuni ertalab g‘o‘zapoya qo‘ltiqlab va avtomobillarning eski shinalari dumalatib Toshkent-Samarqand avtomagistraliga to‘plandilar. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan bulung‘urlik manbaga ko‘ra, ayollar g‘o‘zapoya va avtomobil shinalarini yo‘lni o‘rtasiga to‘plab, yoqmoqchi bo‘lishgan:

- Yuzga yaqin xotinlar g‘o‘zapoya va ballonlarni dumalatib yo‘lga chiqishdi. Bular asosan katta magistral yo‘lning chetidagi Samarqand mahallasida yashaydigan ayollar edi. Ular g‘o‘zapoyalarni yo‘lning o‘rtasiga yig‘ib, ustiga ballonlarni tashladilar. O‘zlari esa jivoy shit bo‘lib yo‘lni to‘sdilar,- deydi bulung‘urlik bu odam.

Uning aytishicha, yarim soat davomida yo‘lning ikki tomonida ham 3 kilometrlik masofada mashinalar probkasi vujudga kelgan:

- Eheyee, shuncha moshin yig‘ilib ketdiki. Bu xabar bir zumda hokimiyatga yetib bordi va Bulung‘ur tumani, Samarqand viloyati hokimiyatlaridan amaldorlar yetib keldi. Melisalar bosib ketdi. Ayollar esa qachon bizga gaz va svet berasizlar, keyin yo‘lni ochamiz, bo‘lmasa o‘ldirsalaring ham, otib tashlasalaring ham ketmaymiz deyishdi. Keyin muzokara bo‘ldi, hokimlar gaz va svetni beramiz deb va‘da berib, ayollarni ko‘ndirdi. Bir soatdan so‘ng yo‘l ochildi,- deydi bulung‘urlik manba.

Suhbatdoshga ko‘ra, yo‘lni to‘sgan ayollarni fuqarolik kiyimidagi militsiya xodimlari videoga olgan, ayollar esa videochiga qarab shunday degan:

- “Hoy, nega bizni olyapsan. Boshqa ishing yo‘qmi, agar boshqa ishing bo‘lmasa bor gaz va chiroqsiz uylarimizni suratga ol, sovuqdan kasal bo‘lib yotgan bolalarimizni suratga ol”,deb videochiga baqirib ketishdi, ayollar,-deydi bulung‘urlik bu manba.

Uning aytishicha, shu kuni kechqurundan boshlab gaz ta‘minoti tumanda bir oz yaxshilangan:

- Gaz sal yaxshi bo‘ldi, har holda avvalgidan yaxshiroq. Svet esa o‘shanday, kuniga ikki yarim yoki uch soatdan beryapti, boshqa o‘zgarish bo‘lgani yo‘q,-deydi Samarqand mahallasida istiqomat qiladigan bu manba.

Bulung‘ur tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda, haqiqatan ham ayollar 17 dekabr kuni Toshkent-Samarqand avtomobil yo‘lini to‘sganligini tasdiqladi.

Bulung‘ur tumani gaz ta‘minoti idorasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi esa, shu voqeadan so‘ng aholining gaz ta‘minotini yaxshilash uchun maxsus guruhlar tuzilganini aytdi:

- Endi haqiqatan ham aholiga qiyin. Lekin aholining qarzdorligi ham katta. Hozir qarzlarni tezroq undirish va gaz ta‘minotini yaxshilash uchun ishlar olib bormoqdamiz. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi, - dedi gaz ta‘minoti idorasining mulozimi.
XS
SM
MD
LG