Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:30

G. Karimova: Ambitsiyali har bir odam mamlakat rahbari bo‘lishi mumkin


Gulnora Karimova har qanday odam prezident bo‘la olishiga 22 yildan beri davlat boshqaruvida qolayotgan otasini misol qildi.
Gulnora Karimova har qanday odam prezident bo‘la olishiga 22 yildan beri davlat boshqaruvida qolayotgan otasini misol qildi.
O‘zbekiston prezidenti qizi Gulnora Karimova o‘z yetakchiligidagi Fond Forumning hisobot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berar ekan kelgusida prezidentlikka nomzodini ilgari surishi ehtimolini nazardan soqit qilmadi.

Payshanba kuni Fond Forumning yillik faoliyatiga doir hisobot tadbiri munosabati bilan uyushtirilgan matbuot anjumanida Karimova xonimdan u yetakchilik qiladigan tashkilot faoliyatiga oid savollardan tashqari Twitter, yoga va O‘zbekistonning navbatdagi prezidenti bo‘lish niyati bor-yo‘qligi haqida ham so‘raldi.

RIA Novosti axborot agentligi muxbirining “o‘zingizni O‘zbekistonning potentsial prezidenti prezidenti sifatida ko‘rasizmi”, degan savoliga Karimova xonim “ambitsiyali hamda miyasi joyida va intiluvchan har bir odam potentsial davlat rahbari bo‘lishi mumkin”, deb javob qaytargan.

Bunga Karimova o‘zining otasi Islom Karimovni misol tariqasida keltirgan.

"U kambag‘al va ko‘p bolali oiladan chiqqan. O‘z faoliyati davomida jiddiy yutuqlarga erishib, nafaqat prezident bo‘lgan, SSSR davrida 25 yil Gosplanda ham ishlagan", deya Gulnora Karimova so‘zlaridan iqtibos keltiradi RIA Novosti.

Bu so‘zlardan keyin O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi o‘zini ham ambitsiyali odam deb hisoblashini qo‘shimcha qilgan.

"Men ba‘zida o‘zim uchun potolok (imkoniyatlarim chegarasi demoqchi-tahr) nima, degan savolga javob berishga qiynalaman, lekin o‘zimni rivojlanayotgan inson sifatida aniq chegara qo‘yilmagan kishi deb hisoblayman", degan Karimova.

CA News agentligi esa Gulnora Karimovaning matbuot anjumanida jurnalistlarning kelgusida prezident bo‘lish niyati bor-yo‘qligi haqidagi savollariga javoban "Xudoni kuldirmoqchi bo‘lsang, besh daqiqadan keyin nima qilishingni ayt", degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Ozodlik muxbiri Karimova xonimning "Fond forum" tashkilotiga bu bayonot yuzasidan izoh so‘rab, murojaat qildi, lekin tashkilot matbuot vakaili bu izoh berishdan bosh tortdi.


Twitter juda qiziq


Toshkentdagi matbuot anjumanida Gulnora Karimovadan Twitter mikroblog tarmog‘idagi faoliyati haqida ham so‘rashdi.

"Nega bunday muloqot usulini tanlagansiz", degan savolga Gulnora Karimova: “Ko‘pchilik men bilan muloqot qilishni istaydi. Bu juda qiziq, chunki hamma muloqot qila boshlaydi. Men Twitterdan bir yil oldin foydalana boshladim, hozir 20 mingta obunachim bor. Ular menga qiziq bildirayotganidan xursandman”,- deb javob qilgan.

O‘tgan oyda Gulnora Karimova Twitter mikroblog tarmog‘ida yoga mashqlarini bajarayotgan vaqti tushirilgan suratlarini e‘lon qilgan edi.

“Ko‘pchilik meni tanqid ham qildi. “Shu ham yogami” va h.k., ammo hech kim yoga ham mehnat ekani haqida o‘ylamadi, bu hayot tarzi. Meni bu qiziqtiradi, bu yoshlarga ham, shunchaki foydalanuvchilarga ham qiziqarli”,- deya ta‘kidladi Gulnora Karimova.

Gulnora Karimova yoga bilan shug‘ullanayotgani tushirilgan suratni Twitter sahifasida e‘lon qildi.
Gulnora Karimova yoga bilan shug‘ullanayotgani tushirilgan suratni Twitter sahifasida e‘lon qildi.
Shu oy o‘rtalarida esa, Gulnora Karimova Twitter tarmog‘ida Bo‘xronlarni o‘rganish xalqaro guruhining matbuot bo‘limi rahbari Endryu Shtrolayn bilan ham muloqotga kirishgan edi.

O‘sha muloqot chog‘ida Shtrolayn Karimova xonimni O‘zbekiston qamoqxonalarida maxbuslar qiynoqqa tutilishi hollari va majburiy bolalar mehnatini to‘xtatish va qoralashga chaqirdi.

Gulnora Karimova esa har bir qiynoq hollarini o‘rganib chiqish uchun unga hujjatlar yuborilishini so‘ragan.


Gulnoradan hanuz javob yo‘q


Endryu Shtrolayn barcha hujjatlarni yuborgani, lekin qo‘yilgan savollarga Karimovadan javob olmaganini aytdi.

Bo‘xronlarni o‘rganish xalqaro guruhi vakilining aytishicha, Karimova qiynoqlar haqidagi yozgan maktubiga javob qaytargan, lekin savollarga javob bermagan.

- Karimova o‘zini muloqot uchun ochiq odamdek qilib ko‘rsatadi. Lekin, u biz yuborgan savollarga Twetterda javob qaytargani yo‘q. Qamoqxonadagi qiynoqlar, siyosiy erkinliklar bo‘g‘ilayotgani, majburiy bolalar mehnati bo‘yicha savollarimizga javob bermadi. Andijondagi qirg‘in, chet el nohukumat tashkilotlari hamda xorijlik jurnalistlarning mamlakatdan haydalishi yuzasidan bergan savollarimizga ham javob olmadik,- deydi Stroleyn.

Gulnora Karimova faoliyati keyingi yillarda kuchaygani, sotsial tarmoqda faollashgani kuzatildi.

Bu hol esa O‘zbekistonda Karimova xonimning prezident otasiga voris bo‘lishga tayyorlanmoqda, degan fikrlarga turtki bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG