Линклар

2012 yil sarhisobi: Apple Vs. Samsung


Germaniyaning Myunix shahridagi ilk iPhone 5 egasi quvonchni yashirmadi. 21 sentyabr 2012 yil.

Germaniyaning Myunix shahridagi ilk iPhone 5 egasi quvonchni yashirmadi. 21 sentyabr 2012 yil.

Yil sayin mobillashib borayotgan mobil texnologiyalar dunyosi 2012 yilda kutilganidek, asosan ikki shirkat – Janubiy Koreyaning Samsung va AQShning Apple shirkatlari o’rtasida keskin raqobat kuzatildi. Bunga ikki kompaniya o'rtasidagi 50 dan ortiq sud ishi hamda kompaniyalar chiqargan bir-biridan sifatli smartfon va labletlar yaqqol dalildir.

Apple asoschisi, shirkat ishlab chiqargan qator texnologiyalarning g’oyaviy ilhomchisi Stiv Jobs 2011 yilda saratondan vafot etganida ko’pchilik “tinshlangan olma” shirkati g’oyaviy inqirozga yuz tutishini bashorat qilgan edi.

Bunday bashoratlarga qaramay Apple shirkati 2012 yilning mart oyida yangi iPad planshetini e’lon qildi. Taniqli planshetning yangi versiyasi eskisiga qaraganda aniqligi yuqori bo’lgan ekrani, kuchliroq processor va piksellari ko’proq kamerasi bilan farqlandi.

Hali sotuvga chiqib ulgurmagan yangi iPad Apple do’konlari oldida uzundan-uzun navbatlarga sabab bo’ldi. Navbatning old qatoridagi joyini sotib mo’maygina pul ishlab olganlar ham oz bo’lmadi.

Bunga javoban Samsung shirkati 2012 yilning aprel oyida ekrani kattoroq, ayrim tehnik jihatlardan kuchliroq, eng asosiysi iPad planshetiga qaraganda ancha arzonroq Galaxy Tab 2 tabletini e’lon qildi.

May oyida Janubiy Koreya shirkati barcha savdo rekordlarini urgan Galaxy S3 smartfonini sotuvga chiqardi. Yangi Galaxy eski avlodlariga qaraganda barcha tarafdan yetukroq edi. Galaxy S3 Apple shirkati tarafidan 2011 yilda ishlab chiqargan iPhone 4S smartfoniga munosib raqibga aylandi.

Ko’p o’tmasdan Apple Samsung shirkatini qator patentlarni buzganlikda ayblab, mahkamaga tordi. 2012 yilning avgust oyida AQSh mahkamasi Samsung shirkatini smartfon va planshetlarni yaratish uchun Apple shirkati kashfiyotlarini o‘g‘irlaganlikda aybdor, deb topdi va Janubiy Koreya shirkatiga 1 milliard dollar jarima soldi.

2012 yilnig sentabr oyida esa Apple shirkati ko’pchilik intiqlik bilan kutgan iPhone 5 smartfonini e’lon qildi. Ekrani kattalashtirilgan, kuchli protsessor bilan ishlovchi yangi iPhone uch kun ichida besh million donada sotildi.

iPhone 5 smartfoniga talab shunchalar katta ediki, Apple shirkatining Xitoydagi zavodlari buyurtmalarni o’z vaqtida bajara olmay qoldi.

Ayni damda dunyoda bir milliarddan oshiq faol smartfon borligi aytilmoqda. O’zbekistonlik mobil telefonlar foydalanuvchilari ham asta sekinlik bilan eski “sotka”lardan yangi smartfonlarga o’tishmoqda.

O’zbekiston mobil bozori va o’zbekistonliklar qaysi smartfonlardan ko’proq foydalanishi haqida iPhone 4 telefoni egasi toshkentlik Jahongir bilan suhbatlashdik.

- Bugungi kunda bizda Samsung brendi yaxshiroq, narxi arzonroq bo’lgani uchun. E’tibor besangiz Markaziy Osiyoda, ya’ni rivojlanayotgan davlatlarda arzonroq telefonlar yaxshiroq ketadi. Cho’ntakbop bo’lgani uchun. Samsung chp’ntakbop telefonlar chiqargani uchun bizning bozorga yaxshi. Menimcha Samsunglar keyincha ommalashib boraveradi, chunki ularning narxini bizning bozor ko’tara oladi. iPhone larni bizning bozor ko’tarishiga hali ancha bor, menimcha, - deydi mobil telefonlar bozorini yaqindan kuzatib boruvchi Jahongir.

Samsung Galaxy Ace 2 smartfonidan foydalanuvchi andijonlik Adhamjon telefonidan mamkun ekanini aytib, uning qaysi jihatlari qulay ekanini sanab o’tdi.

- Internetga kirgani, gaplashgani, hammasi yaxshi. “Vid”iyam yaxshi. Knopkani ezganda kuch ketadiyu baribir. Bunda kuch ketmedi. Ekrani katta klip ko’raman desangiz. Xarflarni katta-katta qilib ko’rsatib beradi. Ekrani kichkina telefonlar bo’ladiyu. Ularga qarasez ko’yniz anaqa bo’ladi. Kamerasi yaxshi, zo’r. Bu yaxshida baribir, - deydi Adhamjon.

To’rt oy oldin Samsung Galaxy Tab 2 planshetini olgan Dilrabo esa undan ko’ngli to’lmaganidan nolib, uning o’rniga Apple shirkatining iPhone 5 smartfonini olmoqchi ekani aytadi.

- To’rt oy bo’ldi olganimga Samsung Galaxy Tab 2. Menga yoqmaydigan tarafi shuki, men video ko’rayotsam, menga SMS kelyapti. SMS ko’rsam video o’chib qo’lyapti. Yana yangitdan, boshidan boshlashga to’g’ri kelyapti. O’sha tarafidan yoqmadi menga. Men iPhone 5 olmoqchiman. Hozir unga yaxshi “skidka”lar bo’lyapti. Ko’ramiz qanday ekan, - deydi Dilrabo.

O’zbekiston mobil bozorida 2013 yildan boshlab raqobat yanada kuchayishi kutilmoqda. Mamlakatda foaliyat yurituvchi Artel kompaniyasi yanvar oyidan O’zbekistonda ishlab chiqarilgan, horijiy analoglaridan qolishmaydigan va ularga nisbatan 30-35 foizga arzonroq Android smartfonlarini sotuvga chiqaradi.

Toshkentlik Jahongirga ko’ra, Artel telefonlari raqobatdosh bo’la olishini oldindan aytish qiyin va buni faqat bozor ko’rsatadi.

- Arellarni ko’rdim men ham. 21 yanvarda sotuvga chiqadi deyishdi. Hozirgi kungi telefonlardan 35 foizga arzon deyishyapti. Yani o’sha Samsung chiqargan Android telefonlarda arzonroq bo’lishini aytishyapti. Bilmadim, ishlatib ko’rgandan keyin bilsa bo’ladi ularni sifatini – o’sha sensorni ishlashi, ekrani “izobrajeniyasi”ni tiniqligini, - deydi Jahongir.

Aziz tinglovchgi, sizchi? Siz qaysi mobil telefondan foydalanasiz? Sizningcha, qaysi cho'ntak telefoni foydalanuvchi uchun eng qulay? Shu kabi savollar bo'yicha Odnoklassniki, Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlaridagi guruhlarimizda olib borayotgan bahsimizga siz ham qo'shiling.
XS
SM
MD
LG