Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:30

Gaz: Dushanbega yo‘q¸ Bishkekka qimmat


Yil oxiriga kelib O‘zbekistondan gaz oluvchi Tojikiston va Qirg‘iziston bilan rasmiy Toshkent o‘rtasida gaz ta‘minoti hamda narxi borasida taranglik yanada kuchaygani aytilmoqda.

26 dekabr kuni rasmiy Bishkek gaz ta‘minoti borasida Toshkent bilan narx borasida og‘zaki kelishganini ochiqladi.

“Qirg‘izgaz” shirkati boshlig‘i Turg‘unbek Kulmirzayev 2013 yili O‘zbekiston Qirg‘izistonga har bir ming kubometri uchun 253 AQSh dollaridan gaz yetkazib berishi borasida kelishuvga qarab qadam tashlanayotganini aytdi.

Joriy yilda Qirg‘iziston janubiga O‘zbekistondan yetkazilayotgan gazning har ming kubometri 290 dollar¸ shimoliy Qirg‘izistonga esa 224 dollardan pul to‘lanayotgan edi.

2013 yili bu narxning 253 dollarga keltirilishi gazning umumiyatla qimmatlaganini bildiradi, deydi bu boradagi vaziyatni o‘rgangan Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati jurnalisti Ulan Eshmatov.

Jurnalistga ko‘ra¸ Qirg‘iziston shimolida gaz ko‘proq iste‘mol qilinadi.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Jonto‘ra Sotiboldiyev 25 dekabr kungi hukumat yig‘ilishida O‘zbekiston bilan gaz borasida og‘zaki kelishilgani¸ ammo hujjatga qo‘l qo‘yilmaganini bildirdi.

Sotiboldiyevga ko‘ra¸ 31 dekabr kunigacha rasmiy Toshkent bilan gaz borasidagi shartnomaga imzo chekiladi.


Dushanbe Toshkent o‘rtasidagi gaz tortishuvi


Ayni paytda, Tojikiston gaz oldi-sotdisi borasida O‘zbekiston bilan kelisha olgani yo‘q.

Chorshanba kuni Tojikiston Bosh vaziri Oqil Oqilov O‘zbekiston bosh vaziriga maktub yo‘llab gaz ta‘minotini uzmaslikni so‘radi.

O‘zbekiston 24 dekabr kuni joriy yilning 31 dekabridan Tojikistonga gaz uzatishni to‘xtatishi haqida ogohlantirdi.

Tojiktransgaz rasmiylari bu haqda o‘zbekistonlik hamkabslaridan ogohlantiruv xati olganliklarini tasdiqlashdi.

- O‘zbekiston tomoni nimaga bunday qarorga kelgani borasida tushuntirish bermayapti. O‘zbekistondan Tojikistonga gaz uzatish hajmi hozirdan sezilarli kamaygan, dedi Tojiktransgaz shirkatining o‘z ismini aytmagan rasmiylaridan biri.


Tojikiston prezidentining uyida ham gaz yo‘q


Dushanbe shahar gaz idorasi boshlig‘i Idibek yoqubov 26 dekabr kuni Ozodlik radiosi bilan suhbatda¸ mamlakat poytaxtida gaz ta‘minoti mutlaqo to‘xtatilganini aytdi.

- Chorshanba tongida butun Dushanbeda gaz mutlaqo yo‘q bo‘ldi. Hatto Tojikiston prezidenti qarorgohida ham gaz yo‘q¸- dedi Idibek yoqubov.

2011 yilda Ӯzbekiston Tojikistonga 160 million kub metr miqdorida gaz yetkazgan edi. Ӯzbek gazidan, asosan, Tojikistondagi alyuminiy va tsement korxonalari foydalanadi.

21 dekabr kuni O‘zbekistondan kelayotgan gaz oqimining pasaygani bois Tojikistondagi eng yirik sanaot korxonasi “Tojiktsement” o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

O‘zbekiston tomonining Tojikistonga gaz ta‘minotini to‘xtatib qo‘yishi "TALKO" alyuminiy zavodi faoliyatini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatiga yaqin hududda joylashgan Tojikistonning
"TALKO" alyuminiy zavodi O‘zbekistondan import qilinadigan gazning to‘rtdan birini iste‘mol qiladi.

Tojikiston tomoni O‘zbekistondan oladigan har har ming kubometr gaz uchun 300 dollar haq to‘laydi.

O‘zbekiston Tojikiston bilan yil boshida erishilgan shartnomaga muvofiq Tojikistonga 2012 yil uchun 145 million kubometr hajmida gaz yetkazib berishni zimmasiga olgan.

Tojiktransgaz rasmiylariga ko‘ra, 2012 yilning 1 yanvaridan 25 dekabriga qadar O‘zbekiston Tojikistonga uzatgan gaz hajmi 134 million kubometrni tashkil qilgan.

Tojikistonda yiliga 50 million kubometrga yaqin gaz ishlab chiqarilib, mamlakat ehtiyojlari uchun gaz, asosan qo‘shni O‘zbekistondan sotib olinadi.


Gaz ko‘proq ichki talabni qondirishga sarflanadi


O‘zbekistondan chetga gaz eksport qilish hajmi kamaygani bu mamlakatda gaz qazib olish hajmi kamaygani va ichki talabni qondirishga safarbar etilishi bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.

Bu haqda, jumladan, Interfaks agentligi bergan xabarni O‘zbekneftgaz milliy xolding kompaniyasi matbuot vakili Tamara Obidova Ozodlik bilan suhbatda tasdiqladi.

- Matbuotda tarqatilgan bu xabar to‘g‘ri,- dedi Obidova.

Lekin, O‘zbekneftgaz rasmiysi kelasi yil o‘zbek gazining qancha miqdori chetga sotilishi va qancha qismi ichki ehtiyoj uchun sarflanishi haqidagi savolga javob bera olmasligini aytdi.

O‘zbekistonning neft va gaz zahiralari hamda bir yil mobaynida qazib olingan tabiiy boyliklar haqidagi rasmiy statistik ma‘lumotlar to‘liq oshkor etilmaydi.

O‘zbekistonning 4-5 trillion kubometr hajmida gaz zahirasi borligi, yiliga 60-70 milliard kubometr gaz qazib olinayotgani aytiladi.

O‘zbekiston qo‘shnilari Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Rossiyaga avvaldan gaz sotib kelgan, yaqindan esa Xitoyga ham gaz yetkazib berish haqida kelishuvni imzolagan.
XS
SM
MD
LG