Линклар

Ozodlik tinglovchilari o‘rtasida o‘tkazgan kichikkina so‘rov natijalariga ko‘ra, bu yilgi bayram dasturxoni uchun kam ta‘minlangan oilalar 60-100 ming so‘mgacha, o‘rtahol oilalar esa 150-250 ming so‘mgacha mablag‘ sarflagan.

Har yilgi an‘anaga muvofiq Ozodlik muxbiri bu yil ham bir necha viloyatlarga bog‘lanib, suhbatdoshlarga: "Yangi yil dasturxoni necha pulga tushdi?" degan savolni berdi.

Quyida javoblar bilan tanishing:

Nargizaxon, Qo‘qon:


- Yangi yil dasturxoni uchun, taxminan 130 ming sarfladim. Olma, banan, shokolad, pishiriqlar, tort masalliqlari sotib oldik. Biz ko‘pchilikmiz. Bolalar bilan 10 kishimiz. O‘zim tort pishirdim, medoviy, bir-ikki xil pechenye pishirdim. Shu bilan Yangi yilni o‘tkazamizda, dedi qo‘qonlik uy bekasi.

Jumanazar Razzoqov, Qashqadaryo:


- Mana shu o‘zimizning imkoniyatimizdan kelib chiqib, bitta xo‘rozimizni so‘ydik. Qizlarim tort pishirishyapti. Yana osh qilamiz. Yangi yilga harajat qilish uchun bozorga bormaymiz. Chunki, o‘zimizda salatimiz bor, zardoli kampot qilganmiz, shaftoli kampot, uzum kampot, tarvuz, qovun, pomidor bor. Shunga o‘xshagan narsalarni dasturxonga qo‘yamiz. Bir kilogina go‘sht olamiz, xolos. Xo‘roz so‘yamiz. Boshqasiga kuchimiz yetmaydi. Mening o‘zim yangi yilni ko‘rpa tagida kutaman, dedi, odatan Yangi yilni kutmasligini aytgan qashqadaryolik dehqon.

Muhammadali, Navoiy:


- Yangi yilni olti kishi kutib olamiz. Men hali bozor qilganim yo‘q. Kamida 60-70 ming so‘m sarflasam kerak. Kamida bir kilo go‘sht, mandarin, tsitrus mevalar, olma, anor, deganday. Chimchi, bodiring, pamildori, non, albatta olaman. Qolgan narsalarni xotinim pishiradi. Olsak yana sok, sharbatlar olarmiz, dedi kamtarona bayram dasturxoni tuzashni ko‘zlab turgan navoiylik hisobchi.

Narimon, Qashqadaryo:


- Yangi yilni biz kutamiz. Bu yil mol go‘shti sotib oldik. Bir yarim kilo qo‘y go‘shti sotib oldik. Qo‘y go‘shtining kilosi 18 ming so‘m. Undan tashqari olma, anor, apelsin, uzum, qovun, tarvuz, har xil ichimliklar, konfetlar sotib oldik. Chimchi, salat, bodiring pamildori sotib oldik. Obshiy hisobda 80-90 ming so‘m ketdi. Yetadi shu bizning oilaga, dedi har yilgidek o‘rtamiyona bayram kechasiga hozirlik ko‘rayotgan chiroqchilik shifokor.

Baxodir, Toshkent:


- Men yangi yil dasturxoni uchun 150-200 ming orasida pul sarfladim. Bu yil yangi yilda ketma-ket uch kun dam olamiz prezidentimiz qarorlari bilan. Uyimizga keldi-ketdi ko‘p bo‘ladi. Shuni hisobga olib asosan norin va ovqatlar uchun sakkiz kilo go‘sht, undan keyin ikkita tovuq, qovun-tarvuz, olma, apelsin, uzum va boshqa mevlar sotib oldim. Yangi yil koka-kola, sharbatlar kabi bolalar yaxshi ko‘radigan ichimliklarsiz o‘tmaydi. ulardan ham sotib oldik, deydi toshkentlik sobiq maktab direktori o‘rinbosari.
XS
SM
MD
LG