Линклар

logo-print
Yangi yil arafasida, 31 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining ikkita yangi telekanali o‘z ko‘rsatuvlarini namoyish qila boshladi. Biroq, “Ma‘naviyat va ma‘rifat” hamda “Dunyo bo‘ylab” deb nomlangan kanallar ko‘rsatuvlarini faqat UzDijital TV tyunerlaridan foydalanadigan aholi ko‘rishi mumkin xolos. Ayni paytda, yangi o‘zbek kanallar Rossiyaning NTV va Rossiya-1 telekanallari o‘rnini egallagani UzDijital TV mushtariylarining noroziligiga ham sabab bo‘lyapti.

Yangi yil arafasida ish boshlagan ikkita telekanal ko‘rsatuvlarini aksariyat o‘zbekistonliklar tomosha qila olmayapti.

Ozodlik suhbatlashgan tinglovchilar ularning televizorlari hali bunday kanallar to‘lqinini qabul qila olmayotgani haqida gapirdilar:

- Bizdagi oddiy, tomga qo‘yiladigan antena. O‘zbekiston televideniyesining hamma kanallarini ko‘rsatadi. Biroq, yangi kanallarni ko‘rsatmayapti. Antenani u yoq, bu yoqqa ham aylantirib ko‘rdik, yo‘q. Mana hozir ham qidirib ko‘ryapmiz, topolmayapmiz,- deydi o‘rtachirchiqlik Narimon.

Ozodlik muxbiri suhbatlashgan qibraylik, samarqandlik va buxorolik teletomoshabinlar ham yangi telekanallarni qidirib topolmayotgani haqida gapirdilar.

Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, Toshkent shahrida ham bu kanallar ko‘rsatuvlarini faqat UzDijital TV tyunerlaridan foydalanadigan odamlargina ko‘ra olyapti, xolos:

- Yangi yil oqshomi qo‘shnilarim noroziligini eshitdim. Ularning aytishlaricha, ular ulangan UzDijital TV tyunerlaridagi NTV va Rossiya-1 kanallari o‘rniga bu yangi kanallar paydo bo‘libdi. UzDijital TV tyunerlari O‘zbekistonda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ishlab chiqariladi. Hozircha faqat shu xildagi tyunerlari bor odamlargina ko‘ryapti,- deydi Abdurahmon Tashanov.

Ayni paytda, NTV va Rossiya-1 telekanallari kabel televideniyesidan olib tashlangani yo‘q. Shuningdek, sun‘iy yo‘ldosh antennasi borlar ham bu kanallarni bemalol tomosha qilmoqda.

O‘tgan yilning 30 iyul kuni “O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida raqamli telekanallar sonini oshirish, ulardan to‘liq formatda foydalanish, sifatli boyitish va xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qarori asosida “Ma‘naviyat va ma‘rifat” hamda “Dunyo bo‘ylab” telekanallarining ishga tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Bu bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallarining soni yettitaga yetdi.

Biz O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan bog‘lanib, yangi telekanallarning faoliyati va ularni efirga uzatish yo‘llari haqida ma‘lumot olmoqchi bo‘ldik. Biroq o‘zini tanishtirmagan televideniye mulozimi Ozodlikka bu haqda ma‘lumot berolmasligini aytdi.

“Ma‘naviyat va ma‘rifat” hamda “Dunyo bo‘ylab” telekanallari o‘zbek teletomoshabinlariga ko‘proq ma‘naviy ozuqa berish va dunyo mamlakatlari haqida ko‘proq ma‘lumot berish maqsadida yaratilgani aytiladi.

Biroq, mustaqil jurnalist Sharof Ubaydullayev fikricha, bugungi xolis axborot va real voqelikdan ancha uzoq bo‘lgan o‘zbek televideniyesi kanallari har qancha ko‘paygani bilan hech narsa o‘zgarmaydi:

- Bizni TVga hozir 2 ta yangi kanal qo‘shiladimi yoki to‘rtta, buni hech qanday ahamiyati yo‘q. Chunki bu televideniye jamiyat foydasiga ishlamaydi. Mamlakatni, xalqning dardini, o‘y-xayollarini aks ettirmas ekan bunday televideniyening, unda ishlayotgan odamlarning ham obro‘-e‘tibori bo‘lmaydi. Shuning uchun ham 6000 kishi ishlaydigan televideniyedan oltita odamning nomini birov aytib berolmaydi. Bu judayam og‘ir fojia. U yerda ham professional odamlar bor. Lekin ular televideniye chegaralab qo‘ygan qobig‘ni yorib chiqolmayapti. Xalqqa, davlatga, jamityaga xizmat qilsin desak, son haqida emas, sifat haqida o‘ylashimiz kerak,- deydi mustaqil jurnalist Sharof Ubaydullayev.
XS
SM
MD
LG