Линклар

logo-print
So‘x tumani Yer resurslari va davlat kadastri bo‘lim boshlig‘i Sarvar Homidjonov so‘nggi kunlar ichidagi nizoda o‘zbekistonlik 6 ayol ham qirg‘iz tomonidan garovga olingani, hozirga kelib ikki tomon ham garovdagilarni to‘liq ozod qilganini ma‘lum qilar ekan, ikki kunlik nizo haqida bilganlarini so‘zlab berdi.


So‘x rasmiysi: Garovga olingan o‘zbeklar va qirg‘izlar qaytarildi


O‘zini So‘x tumani yer o‘lchovchisi, deb tanishtirgan Sarvar Homidjonovga ko‘ra, 5-6 yanvar kunlari Xushyor qishlog‘ida O‘zbekiston fuqarolari va qirg‘izistonlik chegarachilar o‘rtasida nizo kelib chiqqan.

U nizoga boshdan-oyoq guvoh bo‘lganini aytar ekan, mojaro qirg‘iz chegarchilarining O‘zbekiston hududida chegara ustunlarini o‘rnata boshlaganidan keyin qo‘zg‘alganini aytdi.

- Shanba kuni xushyorliklar menga, shunaqa chegaraga ustun qo‘yishyapti, deb xabar qilishdi. Men Xushyor qishlov soveti raisi Asqarali Boltayev va So‘x tumani hokimining chegara bo‘yicha o‘rinbosari Mirzo Mahmatov bilan birga chegaraga bordim. Borsak, u yerda xushyorliklar ham yig‘ilib turgan ekan. Chegarachilarga tushuntirdik. Ular oldin quloq solmadi. Keyin shovqin chiqqan edi, qirg‘iz chegarachilari uch marta havoga o‘q uzdi, dedi Sarvar Homidjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘q uzilgach xushyorlik aholi tinchigan va tarqalgan. So‘x rasmiylari esa qirg‘iz chegarachilari bilan ertasi kuni - yakshanba kuni ertalab ko‘rishib, yana masalani muhokama qilish sharti bilan ajralgan.

Ammo, yakshanba kuni qo‘shni Qirg‘izistonning Chorboq qishlog‘i rasmiylari belgilangan vaqtdan kech qolgan.

- Soat 9da kelishi kerak edi, 10 da ham ularning zemlemeri kelmadi. Keyin bizning mahalla sovet raisi bilan qirg‘izlarning praporshigi o‘rtasida aytishuv bo‘lib qoldi. Shu vaqt qirg‘iz chegarachilari oldin osmonga o‘q uzdi, parporshik odamlar tomonga otdi, dedi voqeaga guvoh bo‘lganini aytgan So‘x tumani yer o‘lchovchisi Sarvar Homidjonov.

Unga ko‘ra, natijada so‘xlik 5 kishi qirg‘iz chegarachilari qurolidan otilgan o‘qdan jarohat olgan.

- Otilgan o‘q shundoq mening yonimdan o‘tib, orqamda turgan odamga tegdi. 5 kishi hozir kasalxonada. Eng og‘ir jarohat olgani 26 yoshli Shakarjon bo‘ladi. U qornidan o‘q yedi. Yana biri qo‘lidan, yana biri qulog‘idan, yana biri oyog‘idan - shunaqa, xullas. Ularning chegaraoldi hududida yerlari bor edi,- deydi Yer resurslari va davlat kadastri So‘x tumani bo‘limi boshlig‘i Sarvar Homidjonov.

U va ismini aytmasligimizni so‘ragan yana ikki so‘xlikning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlanganlardan ikki nafari - 26 yoshli Mirshakarjon Abdufattoyev va 25 yoshli Zokirjon Shokirovlar hozir og‘ir ahvolda tuman shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida qolmoqda.

So‘xliklar yakshanba kungi otishmadan so‘ng hamqishloqlari qishloqni kesib o‘tayotgan qirg‘izistonliklarni ushlab qola boshlagani va ularni qo‘yib yuborish evaziga 5 hamqishlog‘ini otgan qirg‘iz chegarachisini topib berishni talab qilganini ham aytmoqda.

- Keyin bozor kuni soat kechki 4-5larda qirg‘izlar bizning 6 nafar ayolni ham garovga oldi. Biz qirg‘izistonlik ayollarni qo‘yib yuborganimizdan keyin, u o‘zbek ayollar ham Botkendan uyiga qaytarildi. Bugun esa qolgan qirg‘izistonliklarni ham qaytarganmiz, dedi So‘x anklavidagi vaziyat barqarorlashganini aytgan Sarvar Homidjonov.

Ayni paytda so‘xliklar Ozodlik muxbiri bilan suhbatga ushlab qolingan qirg‘izistonliklarning aniq soni qancha ekanini aytmadi. Ularning so‘zlari mazmunidan qirg‘izistonliklar soni, qirg‘iz matbuoti xabar qilganidek, 30 ga yaqin ekani anglashildi.

Sarvar Homidjonovga ko‘ra, xushyorliklar tomonidan garovga olingan qirig‘izistonliklarning qolgan qismi 7 yanvar kuni kunduzi tushdan keyin o‘z yurtiga qaytarilgan.

- Ular So‘x tuman shifoxonasida edi. Soat kunduzi 12-13 lar atrofida hammasi skoriyning mashinasiga solib, melisaning soprovojdeniyesida Qirg‘izistonga jo‘natildi. Men o‘zim o‘sha yerda edim,- deydi Sarvar Homidjonov.

So‘xliklardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qonli mojaroga sabab bo‘lgan va O‘zbekiston hududiga qirg‘izistonlik chegarachilar tomonidan noqonuniy o‘rnatilgani rasman tan olingan 6 dona ustun qirg‘iz chegarachilari va‘da qilgan vaqtga qadar olinmagach, yakshanba kuni kechki payt so‘xliklar tomonidan qo‘porib tashlangan.

Ozodlik bu ma‘lumotlar ortidan So‘x tumani hokimligi va Ichki ishlar bo‘limiga ham bog‘landi.

So‘x mojarosini bilvosita tasdiqlagan tuman mutasaddilari bu borada telefon orqali Ozodlikka ma‘lumot bera olmasliklarini aytdi.

O‘zbekistonning So‘x eksklavi Qirg‘izistonning Botken viloyati bilan o‘rab olingan va umumiy chegara uzunligi 138 kilometrdan iborat.


O'zbekistonning So'x eksklavi xaritasi (google maps yordamida tayyorlandi)


O‘zbekiston rasmiylari: Hech qanday mojarodan xabarimiz yo‘q


5-6-7 yanvar kunlari kuzatilgan So‘x anklavi mojarosi haqida So‘x tumani rasmiylari, Farg‘ona viloyati rasmiylari va O‘zbekiston hukumat rasmiylarining biror bayonoti kuzatilmadi.

Birgina 12.uz internet nashri O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmatiga tegishli, deya 7 yanvar kuni bir bayonotni tarqatdi.

Ushbu bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni noxush hodisa kelib chiqishiga qirg‘iz chegarachilarining O‘zbekiston hududiga noqonuniy ravishda simyog‘ochlar o‘rnata boshlagani sabab, deb hisoblaydi va to‘qnashuvlar jarayonida O‘zbekistonning 5 fuqarosi qirg‘izistonlik chegarachilar tomonidan otib, yarador qilingan.

12.uz internet nashri tarqatgan xabarda rasmiy, deyilgan bayonot matnidan: "Qirg‘iziston tomoni 6 yanvar kuni bir tomonlama, kelishuvsiz va mazkur hudud O‘zbekiston Respublikasiga qarashli ekanini bilgan holda elektr o‘tkazish uchun simyog‘ochlar o‘rnatish ishini davom ettirgan va bu O‘zbekistonning Xushyor qishlog‘i ahli hamda Qirg‘iziston harbiylari o‘rtasida ziddiyatga sabab bo‘lgan. Natijada, qirg‘iz chegarachilari qurol qo‘llab, O‘zbekistonning besh fuqarosini yarador qilgan”, deya iqtibos keltirilgan.

Ozodlik muxbiri bu bayonot ortidan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasiga bog‘landi.

Ammo, qo‘mitaning o‘zini tanishtirmagan ikki xodimi So‘x anklavidagi mojaro, shuningdek, qo‘mita nomidan tarqatilgan bayonotdan bexabarligini aytdi.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatidan esa bu borada biror ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Qirg‘iz rasmiylari: Mojaro sababi chegara chizig‘idagi noaniqlik


O‘zbekistonning markaziy va mahalliy hukumatlari besh fuqaro otib yarador qilingan hodisa haqida sukut saqlayotgan bir kezda Qirg‘iziston tomoni mamlakat prezidenti darajasida voqeaga to‘xtovsiz munosabat bildirib turdi.

Qirg‘iziston rasmiylari tarqatgan qator rasmiy bayonotlarda mojaroga O‘zbekiston bilan chegara chizig‘ini belgilashdagi noaniqlik va o‘zbekistonlik aholining agressiv harakatlari sabab ekani aytildi.

Xususan, Qirg‘iziston Mudofaa kengashi kotibiyati tarqatgan bayonotda: "O‘zbekiston fuqarolarining agressiv harakati, jismoniy kuch qo‘llashi oqibatida, shuningdek Qirg‘iziston chegara naryadiga hujum qilishi natijasida Qirg‘iziston respublikasi harbiy xizmatchilari havoga ogohlantiruvchi o‘q uzishga majbur bo‘lishdi", deyildi.

Biroq, Qirg‘iziston tomoni rasmiy bayonotlarida so‘xliklar qirg‘iz chegarachilari otib yarador qildi, degan 5 fuqaro haqida aniq ma‘lumot yo‘q.

Birgina Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati rasmiysi Iskandar Mambetov u bilan uchrashgan So‘x tumani va Farg‘ona viloyati rasmiylari bir necha jarohatlangan o‘zbekistonliklar borligini aytganini e‘tirof etdi. Biroq, bu fuqarolarning qirg‘iz chegarachilari tomonidan otib yarador qilingani haqidagi ma‘lumotlarga to‘xtalmadi.

Shuningdek, so‘xliklar bergan yana bir norasmiy ma‘lumot - o‘zbekistonlik 6 ayolning Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari tomonidan bir necha soat tutib turilgani haqidagi ma‘lumot ham qirg‘iz tomoni bayonotlarida uchramadi.

Ayni paytda so‘xliklardan olingan bu ma‘lumot O‘zbekistonning biror rasmiy tashkiloti tomonidan ham rasman tasdqilangani yo‘q.

Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot vakili Gulmira Bo‘riboyevaga ko‘ra, ikki davlat xavfsizlik xizmati rasmiylarining izchil muzokaralari natijasida xushyorliklar tomonidan garovga olingan 30 qirg‘izistonlikning hammasi ozod qilingan.

Qirg‘iziston tomoni garovga olinganlarning ayrimlari tanasida qiynoq izlari ko‘ringanini ham iddao qilmoqda.

Botken va So‘x hokimlari uchrashdi


Ayni paytda Botken tuman hokimi Seyitmurat Qaliqovning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga aytishicha, mazkur voqeadan keyin u So‘x tuman hokimi bilan uchrashgan, o‘zbekistonlik hamkasbi unga so‘xliklardan to‘rt kishi tan jarohati olganini aytgan, biroq qirg‘izistonlik hokimning yarador kishilarni ko‘rsatish iltimosini bajara olmasligini bildirgan.

Yana, O‘zbekiston MXX Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasiga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan joyga borgan Botken viloyat gubernatori J. Razzaqov va Qirg‘iziston Chegara xizmatining Botken uchastkasi bo‘yicha vakili polkovnik N. Kerimqanov simyog‘ochlar noqonuniy ravishda joiz bo‘lmagan joyga o‘rnatilganini tan olgan va uzr so‘rab, simyog‘ochlarni Qirg‘iziston hududi ichidan olib o‘tishga so‘z bergan.

Ayni paytda Ozodlikning qirg‘iz xizmati muxbiri Jenish Aydarovning xabar qilishicha, hozirda Botken viloyat prokuraturasi qirg‘iz chegarachilariga hujum qilganlik va odamlarni garovga olganlik hodisalari bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Qirg‘iziston parlamenti deputati To‘qo‘n Mamitovning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga ma‘lum qilishicha, bugun voqea bo‘lgan joyga O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati hokimi, mahalliy militsiya boshqarmasi va chegara bo‘limi rahbarlari kelgan. Ular Botkenda qirg‘iz rasmiylari bilan So‘xda "garovda ushlab turilgan qirg‘izistonliklarni ozod qilish" bo‘yicha muzokara o‘tkazmoqda. Ayni paytda Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbari Zakir Tilenov ham voqea joyiga yo‘l olgani aytilmoqda.

Bishkekda esa Hukumat uyi qarshisida O‘zbekistonning So‘x anklavida garovda tutib turilgan qirg‘izistonliklarni tez orada ozod qilishni talab qilgan 100 chog‘li odam miting o‘tkazdi.

Ozodlik voqea rivojini kuzatmoqda, qo‘shimcha tafsilotlardan kun davomida mushtariylarni xabardor qilib boradi.
XS
SM
MD
LG