Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:07

"Ozodbek Nazarbekov xalqning jonli ijroga munosabatidan qoniqmadi"


Qator internet nashrlarida O‘zbekiston Xalq artistining TV-Markazdagi "Ochiq-oydin" ko‘rsatuvida kontsertga yig‘ilgan xalqning jonli ijroyu, xonandaga munosabati haqidagi tanqidiy chiqishlari bahs-munozalarga sabab bo‘lmoqda.

Avvaliga, Kun.uz nashri TV-Markazda beriladigan "Ochiq-oydin" ko‘rsatuvining Yangi yil bayramiga hozirlangan sonida O‘zbekiston Xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning jonli ijroga bildirgan munosabatiga e‘tibor qaratdi.

"Xonanda Ozodbek Nazarbekovning so‘zlariga ko‘ra, "tinglovchilar jonli ijro bilan fonogrammaning farqiga borishmaydi". Jon berib kuylayotgan qo‘shiqchi "qarsakni ham so‘rab olishi", Nazarbekovning fikricha, ko‘p ham to‘g‘ri emas. Uning fikricha, to‘y mehmonlarini xonandaning qo‘shig‘i emas (Nazarbekovning aytishicha, to‘y mehmonlari xonanda "jonli yoki fonogrammada kuylayotgani haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi"), balki dasturxonga qo‘yilgan taomlar ko‘proq qiziqtiradi", deya yozdi Kun.uz nashri.

6 anvar kuni esa O‘zbekiston shou-biznesi hayotiga oid eksklyuziv xabarlarni berib kelayotgan Sayyod.com sayti ham xalq artistining jonli ijro haqida televideniye orqali bergan bayonotini keskin tanqid qildi.

Bunga qadar 3 yanvar kuni Shov-shuv.Uz nashrida ham Ozodbek Nazarbekovning o‘z muxlislariga nisbatan qo‘pol munosabati haqidagi xabar chop etilgan edi.

Internet nashrining yozishicha, xonanda 2012 yil 28 dekabr kuni Samarqanddagi restoranlardan birida bergan 500 kishilik kontsertida ham tomoshabinlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

Jumladan, xonandaning ovqatlanib o‘tirgan tomoshabinlardan birining yoniga borib, o‘sha vaqtda qaysi qo‘shiqni kuylayotganini so‘ragani, tomoshabinning ovqat bilan bo‘lib, bundan bexabar qolganidan norozi bo‘lgani haqida yozildi.

Shov-shuv.Uz nashriga bu haqda xabar qilgan muxlislar restoranga kuylagani kelgan xonandaning ovqat yeyayotgan tomoshabinni izza qilishidan norozi bo‘lganini aytishgan.

Ammo, bu maqolaga Ozodbek Nazarbekov javob berdi va 5 yanvar kuni Shov-shuv.uz nashrida xonanda bilan intervyu ham chop etildi.

Ushbu intervyuda Ozodbek Nazarbekov Samarqanddagi restoranda tomoshabinlarni tanqid qilib aytgan gaplarini tan olgan va ularni "qo‘pollik", deb hisoblamasligini bildirgan.

Respublika bo‘ylab oddiy o‘zbekistonliklarning eng katta muammosiga aylangan sovuq, xonandaning so‘zlariga ko‘ra, samarqandlik muxlislari orasida paydo bo‘lgan tushunmovchilikning asl sababidir.

"Avvalambor, o‘sha kuni TVda meni suratga olishlarilaridan umuman bexabar edim. Rozilik-ku mayli, yana sovuq havoda yengil kiyimda sipo bo‘lib qo‘shiq kuylash sharti qo‘yildi... Xullas, amallab, sovuqni yengib, kostyumda chiqib, bitta qo‘shiq aytdim. Navbatda yana to‘rtta kontsert bor. Tavakkalchilik qilib bo‘lmaydi. Xalqdan uzr so‘rab, palьto kiydim. TV xodimlari norozilik qilaverdi", degan o‘z intervyusida Samarqand safarini batafsil izohlagan xonanda.

Shuningdek, Nazarbekov restoranda berilgan kontsert vaqtida ovqatlanib o‘tirgan tomoshabinni izza qilgani haqidagi da‘volarni ham inkor qilgan.

"Kuylayotgan qo‘shig‘im haqida shunchaki so‘radim. Ovqatlanayotgan odamning oldiga borib, hech kimni izza qilganim yo‘q lekin... To‘yda mast holatdagi odamlarning qo‘polligini sanab o‘tirsam, bu ham kulguli... Qo‘shiq kuylayotgan xonandaga yopishib, haryoqqa tortqilab, behurmatlik bilan suratga tushishlarini shunchaki oqlashsa, to‘g‘ri deb qabul qilishsa, madaniyatimiz yaproqlarini kesayotgan zolimga aylanmaymizmi?" deya fikr bildirgan Shov-shuv.uz nashriga intervyu bergan Ozodbek Nazarbekov.

O‘zbekistonda xonandalarning katta san‘at saroylari, restoranlar va to‘ylardagi chiqishlarida tomoshabinga nisbatan ba‘zan qo‘pol munosabatda bo‘lishi yoki qo‘shiqni jonli ijro etmasligi haqidagi tanqidiy chiqishlar yangilik emas.

Shov-shuv.uz, Sayyod.com kabi shou-biznes olamidan xabar beruvchi nashrlarda bunday yangiliklar bot-bot paydo bo‘ladi.

Bundagi farqli bir jihat shundaki, Ozodbek Nazarbekov nafaqat O‘zbekiston va unga qo‘shni davlatlarda tanilgan xalq artisti, balki O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga hisob beruvchi "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi mulozimi hamdir.

2011 yildan O‘zbek rep qo‘shiqchilari ijodini nazorat qiluvchi maxsus kengash tuzilgan, Ozodbek Nazarbekov esa “O‘zbeknavo”ning repperlarga tavsiyalar beruvchi vakili etib tayinlangan edi.

Ozodlik muxbiri yuqori martabali xonandaning TV-Markaz telekanalida "xalqning jonli ijro farqiga bormasligi" haqida qilgan chiqishiga izoh so‘rab, Ozodbek Nazarbekov bilan bog‘lanishga urindi.

Xonandaning prodyusseri ayni kunlarda Nazarbekovning davolanayotganini aytib, u kishidan hozir intervyu olish imkonsizligini bildirdi.

Shuningdek, prodyusser xalq artistining TV-Markaz orqali qilgan chiqishi ortidan tug‘ilgan bahsdan xabari borligi, ammo ko‘rsatuvni hali ko‘ra olmaganini qo‘shimcha qildi.

Xususan, Nazarbekovning jonli ijro haqida ko‘rsatuvda aytgan fikrlaridan ham bexabarligini aytgan prodyusser bu boradagi savollarga keyinroq xonandaning o‘zidan javob olish mumkinligini bildirdi.

Qo‘shimcha qilish kerak, Ozodbek Nazarbekov Ozodlik radiosining bunga qadar qilgan bir necha murojaatini javobsiz qoldirgan edi.

Ozodlik bu gal ham prodyusser va‘dasiga muvofiq keyinroq xonanda bilan bog‘lanishga va bu borada yuqori martabali xonandaning o‘zi bilan suhbatlashishga urinadi.
XS
SM
MD
LG