Линклар

Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakili o‘rinbosari Saitjon Eratov mana shunday bayonot berdi. Ayni paytda rasmiy Bishkek O‘zbekiston bilan bahsli hududga simyog‘ochlar o‘rnatishga kim ruxsat berganini o‘rganmoqda. Simyog‘ochlarning o‘rnatilishi 5 yanvardan 7 yanvargacha davom etgan janjalga sabab bo‘lgan edi.

Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakilining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saitjan Eratov So‘x voqealari paytida O‘zbekistonning Xushyor qishlog‘i aholisi qirg‘izistonliklarga keltirgan ziyon to‘lab berilishini talab qilmoqda. Unga ko‘ra, moddiy ziyon to‘lab berilmaguniga qadar chegara yopiqligicha qolaveradi. Buning natijasida So‘x anklavida yashayotgan 60 ming fuqaro O‘zbekiston hududiga o‘tish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

-Moddiy chiqimlar to‘lanmagunicha So‘x anklavi yopiq qolaveradi. Ular mashinalarni, uylarning derazalarini sindirishdi, fuqarolarimizni kaltaklashdi. Bu zararning barchasi to‘lab berilishi shart, - dedi Saitjon Eratov.

Qirg‘iz rasmiysi 6 yanvar kuni Qirg‘iziston chegarachilari tomonidan otilgan o‘qdan yaralangan O‘zbekiston fuqarolariga tovon puli to‘lash masalasini tilga olgani yo‘q. Ba‘zi ma‘lumotlarda qirg‘iz chegarachilari 5 nafar, boshqa ma‘lumotlarda esa uch nafar o‘zbekistonlikni yaralagani aytiladi. Ozodlik mustaqil manbalar orqali yaralanganlar orasida 26 yoshli Shakarjon Abdufattoyev, 25 yoshli Zokirjon Shokirov, 1991 yiilda tug‘ilgan Doston ismli yigit borligini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan edi.

Qirg‘iz matbuotida paydo bo‘lgan ayrim xabarlarda aytilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari kim kimga qancha zararni qoplashi va javobgarlar masalasida so‘zlashuvlarni olib bormoqda.

Saitjan Eratov, shuningdek, So‘x anklavi yo‘li ochilgan taqdirda ham chegaradan o‘tish tartibi butunlay o‘zgarishini aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, chegara ochilgach so‘xliklar O‘zbekistonga o‘tish uchun Qirg‘iziston hududidagi 80 kilometr masofani bosib o‘tib, Qizilqiya postiga borishga majbur bo‘ladilar. Shu kungacha so‘xliklar O‘zbekistonga o‘tish uchun taxminan 20 kilometr naridagi chegara punktiga borar edi.

Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, 5-7 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan So‘x janjali yuzasidan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan uchta jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda Botken viloyat prokurori Latip Jumaboyev ma‘lumot berdi. Bu ishlar materiallar bilan to‘liqlangach, O‘zbekiston huquq -tartibot tuzilmalariga jo‘natiladi.

- Biz tergov guruhini tashkil etdik. O‘zbekistonliklar bizning hududimizda odam o‘g‘irlash va boshqa og‘ir jinoyatlarni sodir etgani uchun jinoyat ishlari ochildi. Jinoyat qilgan odamlar javobgarlikka tortilishiga, albatta, erishamiz, -dedi Latip Jumaboyev.

Viloyat prokuraturasi tarqatgan ma‘lumotda aytilishicha, jinoyat ishlaridan biri qirg‘iz militsionerining o‘zbekistonliklar tomonidan kaltaklanishi, ikkinchisi Qirg‘iziston hududidan odamlarni o‘g‘irlash, uchinchisi esa qirg‘iz chegarachilarining kalatklanishi yuzasidan ochilgan.

O‘zbekiston tomoni o‘zbekistonliklarning qirg‘iz chegarachilari tomonidan otilishi yuzasidan jinoyat ishi ochgani yoki ochmagani hozircha noma‘lum. Bu borada rasmiy ma‘lumot berilgani yo‘q.

Qirg‘iziston chegara xizmati tarqatgan rasmiy ma‘lumotda aytilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonning So‘x va Shoximardon anklavi atrofidagi Qirg‘izistonga qarashli 5 ta chegara-o‘tkazish posti yopilgan.

“Bu chegara - o‘tkazish punktlari O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan kelishilgan holda xavfsizlikni ta‘minlash maqsadida yopildi. Vaziyat barqarorlashganidan keyin ularni qayta ochish masalasi hal etiladi”, deyiladi rasmiy ma‘lumotda.
XS
SM
MD
LG