Линклар

Toshkentda Sayyod.uz himoyasiga namoyish o‘tkazildi


Sardor Komilov o‘zini qo‘llab-quvvatlab, o‘tkazilgan namoyish kutilmaganda uyushtirilganini aytadi.

Sardor Komilov o‘zini qo‘llab-quvvatlab, o‘tkazilgan namoyish kutilmaganda uyushtirilganini aytadi.

4 yanvar kuni 20 dan ortiq yosh yigit-qizlar qo‘llarida plakatlar bilan Sayyod.uz nashrining egasi Sardor Komilovning uyi oldiga kelishdi.

Namoyish tashkilotchisi Sarvar Zohidovning Ozodlikka aytishicha, Sayyod.uz nashri muharriri Sardor Komilovning Internetni tark etishi va saytni yopishga majbur bo‘layotgani haqidagi gaplari muxlislarni xavotirga solgan.

- Shu bois biz muxlislar Sardor Komilovdan saytni yopmasligini so‘rab piket o‘tkazdik, deydi Sarvar Zohidov.

Jinoyat ishi ketishimga oxirgi turtki bo‘lgandi...


“Sayyod.uz nashri bilan bog‘liq jinoyat ishi meni Internetni tark qilishga undagan omil bo‘ldi”, deya yozdi Sardor Komilov o‘z nashrida.

Ozodlik bu jinoyat ishi tafsilotlarini so‘rab Sayyod.uz nashri egasi 34 yashar jurnalist Sardor Komilovga murojaat qildi.

Tergov siri bo‘lgani bois barcha tafsilotlarni ochiqlamagan Sardor Komilov ba‘zi ma‘lumotlarni Ozodlik bilan baham ko‘rdi.

- Hukm chiqmaguncha bu haqda oshkor qilib bo‘lmaydi. Faqat aytadigan narsam, ismlarini keltirmagan holda shu shou biznesga aloqador xonanda, uning prodyuseri bilan bog‘liq jinoyat ishi. Xonandadan pulini olib bizlarning saytimizni podstavit qilgan. Hozir aniq nimalarni ayta olmayman, katta summaga tushirgan. Saytimiz bu yerda katta rol o‘ynagan ularning vajlariga deydimi. Ispolzovat qilganda. O‘zining xonandasini katta pulga tushirganda mening nomim orqali. Mana bu ishingni mana Sayyod qilib berayapti deb.

Ozodlik: Sayyod nomi bilan bog‘liq jinoyat ishi qachon ochilgan taxminan?

- Bu to‘g‘risida men noyabrda bilib qoldim o‘sha xonanda bilan uchrashganda. Gaplashib turib menga bir narsa aytdida og‘zidan chiqib ketdi. Yaxshi yonimda guvohlar bor edi. Keyin men o‘zim taklif qildim zayavleniye yozishni. Borib ariza topshirishni men taklif qildim. U xonanda “Sardor aka, sizning o‘zingizga, prosto siz menga yomonlik qilmagansiz. Mana endi haqiqatni bilib turibman. Lekin sizga ham minus bo‘ladiku. Hamma yoqda Sayyod deyilganku. Katta summayu” dedi. 50 mingga yaqin dollar. Qisim-qisimlab olingan. Tillalar ham bor u yerda. Jinoyat ishi tugasin, hukm chiqsin. Men majbur bo‘laman bu to‘g‘risida saytga yozishga. Ana o‘shanda bilib olasizlar, hayron qolasizlar nima bo‘lganiga. Noyabr oylarida bilindi. Dekabrda jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozir tergov ketayapti. Kuni kecha men ham borib keldim. Tergov siri bu. Qayerda bo‘layotganini ayta olmayman, deya bildirdi Sardor Komilov.

Sayyod.uz yopilishi bilan bog‘liq xavotirlar


Ozodlik bilan suhbatda Sardor Komilov Internet faoliyatini tark qilishga undagan omillar haqida to‘xtaldi.

- Masalan, qo‘shiqchi Abdulaziz Karimovning Ozodlikka bergan intervyusiga munosabat bildirganimdan keyin ROVDga chaqirib so‘roq qilishdi. Bunaqa tahdidlar kunora bo‘ladi. Yana bir omil yolg‘izlik. Ijodiy jamoam yo‘q. O‘zim videoga olaman, o‘zim yozaman, rasmga tushiraman, fotoshop qilaman, saytga qo‘yaman. Lekin texnik yordamchilarim bor. Lekin ular doim o‘zgarib turadi. Sababi, ko‘pchilik fidoyilikni yoqtirmaydi. Qolaversa yaqinda uylandim. Oldin faqat internetda yashar edim, shaxsiy hayotim yo‘q edi. Endi oilam bor, deydi Sardor Komilov.

Suhbat davomida Sardor Komilov uni qo‘llab-quvvatlab, o‘tkazilgan namoyish kutilmaganda yuz berganini aytdi.

- Namoyish men uchun kutilmagan bo‘ldi. Hozircha namoyishchilar istagi va muxlislar maktublaridagi iltimoslarga ko‘ra Sayyod.uz faoliyati davom etadi.
Ammo bu qat‘iy qaror emas, deydi Sardor Komilov.


Sayyod.uz haqida


Sayyod.uz O‘zbekistondagi shou-biznes mavzusiga bag‘ishlangan yoshlar orasida mashhur veb-sahifalardan biridir.

O‘zbekistondagi UZ domenini muvofiqlashtiruvchi UZINFOKOM tashkiloti mulozimi Nozim Daliyevga ko‘ra, 2011 yil davomida Sayyod.uz nashriga har oyda 26 ming 829 ziyoratchi kirgan.

Mulozimga ko‘ra, bir kun oldin Sayyod.uz nashriga 2789 mushtariy kirgan.

- Solishtirish uchun O‘zbekistondagi Muvi.Uz videoportaliga oyiga 31 ming kishi kirishini aytib qo‘yishim kerak. Muvi.Uz O‘zbekistonda eng ko‘p mushtariy kiradigan nashrdir, deydi Nozim Daliyev.

Sayyod.uz asoschisi Sardor Komilov 1978 yil Toshkentda tug‘ilgan.

Sardor Komilov "Darakchi" gazetasida ishlab shou-biznes borasida turkum maqolalar e‘lon qilgan.

XS
SM
MD
LG