Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:37

O‘zbekistonga kelgan sayyohlar mehmonxona uchun qo‘shimcha pul to‘laydi


Samarqanddagi xorijlik turistlar.
Samarqanddagi xorijlik turistlar.
O‘zbekistondagi sayyohlik firmalari va mehmonxonalar bundan buyon mamlakatga kelayotgan sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun 2004 yildan buyon to‘lab kelayotgan 1 dollarga teng pulni to‘lamaydigan bo‘ldi.

Bu haqda O‘zbekiston Moliya vazirligi va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining yaqinda qabul qilingan qarorida ko‘rsatilgan. “Sayyohlik firmalari va mehmonxona xo‘jaliklaridan sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun olinadigan sayyohlik yig‘imi haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” deya nomlangan bu qaror 14 yanvardan kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekistondagi sayyohlik firmalari va mehmonxonalar bu yig‘imni mamlakatga kelayotgan har bir sayyoh uchun 2004 yildan buyon to‘lab kelayotgandilar.

“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi ismi oshkor etilishini istamagan xodimiga ko‘ra, chet ellik har bir sayyoh uchun O‘zbekistonga kirishda bir marta to‘lanadigan bu yig‘im endilikda bekor qilingan. Ayni paytda O‘zbekistondagi mehmonxonalar bundan buyon o‘zining chet ellik mijozlaridan kuniga 2 dollardan qo‘shimcha haq oladilar.

- Oldin har bir xorijiy sayyoh va O‘zbekistondan chiqib ketayotgan sayyohlarga to‘langan. U bir martalik bo‘lgan. Hozir har bir tun uchun faqat mehmonxonalar to‘laydi va ular 2 dollardan to‘lashadi, - deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi vakili.

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan sayyohlik firmalarining vakillari Ozodlik bilan suhbatda 1 dollarlik yig‘im bekor qilinishidan xursand ekanlarini, bu ularning biznesiga ijobiy ta‘sir qilishini yashirmadilar.

Samarqanddagi “Afrosiyob Palas” mehmonxonasi mas‘uli esa 2 dollarlik yig‘imni hali to‘lamaganlari, shuning uchun bu mehmonxona biznesiga qanday ta‘sir qilishi haqida hozircha biror gap aytolmasligini aytdi.

- Bizlar hali 2 dollardan ishlab ko‘rmaganmiz. Avval ishlab ko‘raylik, keyin javobini aytishimiz mumkin, - dedi “Afrosiyob Palas” vakili.

Buxorodagi “Komil” mehmonxonasi menejeri Komil Qodirov esa mehmonxonalar uchun joriy qilingan 2 dollarlik yig‘im ularning biznesiga bevosita ta‘sir ko‘rsatmasligini aytadi.

- Bizning biznesimizga bu muayyan shaklda ta‘sir ko‘rsatmaydi. Shunchaki sayyohlar mehmonxona haqiga yana ikki dollardan qo‘shib to‘laydilar, ular uchun yashash biroz qimmatroq bo‘ladi, xolos, - deydi Komil Qodirov.

Uning aytishicha, hozir Buxoroga sayyohlar kelishi yomon emas, deylik, o‘tgan yili “Komil” mehmonxonasiga 1500 chog‘li xorijlik sayyoh qo‘nib o‘tgan.

Komil Qodirovga ko‘ra, sayyohlik firmalari uchun 1 dollarlik yig‘im bekor qilingani bilan ular O‘zbekistonga kelayotgan turistlar uchun mehmonxonalarni ham bron qilib qo‘yishlari kerak va ular xorijlik sayyohlarga tur taklif qilishda har tun uchun 2 dollardan haq qo‘shishga majbur bo‘ladilar.

- Sayohat firmalari bu to‘lovni baribir to‘lanadigan haqqa qo‘shishlari kerak bo‘ladi. Chunki biz mehmonxona uchun to‘lanadigan haqni taqdim qilgan paytimizda uning ichiga bu 2 dollarni ham kiritgan bo‘lamiz. Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda o‘tgan har tun uchun sayyohlar mohiyatan bundan buyon ko‘proq pul to‘laydilar, - deydi “Komil” mehmonxonasi menejeri.

Komil Qodirov “O‘zbekturizm” hisobiga tushadigan bu pullar haqiqatan ham O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun xizmat qilishi mumkin, deb hisoblaydi.

- Agar bu pullar, qarorda aytilganidek, hadaf auditoriyaga, yanada agressivroq reklamaga, promoushenga yo‘naltirilsa, bu turizm sohasining rivojlanishiga turtki beradi, - deydi Komil Qodirov.
XS
SM
MD
LG