Линклар

TeliaSonera Gulnora bilan kontakt o‘rnatishga uringan


Gulnora Karimova Nyu Yorkda "Guli Collection Spring 2011" moda ko'rgazmasiga tayyorgarlik ko'rmoqda. 10 sentabr 2010 yil, AQSh.

Gulnora Karimova Nyu Yorkda "Guli Collection Spring 2011" moda ko'rgazmasiga tayyorgarlik ko'rmoqda. 10 sentabr 2010 yil, AQSh.

Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati O‘zbekistonda ish boshlash uchun yuzlab million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid ishning yangi tafsilotlari oshkor bo‘ldi. Shvetsiya hukumatiga qarashli TeliaSonera O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun prezident Karimov oilasiga pora bergani iddao qilinmoqda. Shvetsiya prokuraturasi appelyatsiya sudiga taqdim qilgan TeliaSonera mas‘ul xodimlarining o‘zaro yozishmalarida shirkat mas‘ullari O‘zbekistonda biznes boshlashdan avval Gulnora Karimova bilan kontakt o‘rnatishga uringaniga ishora qiladi.


Kalit qizlarda


TeliaSonera shirkati ijrochi xodimlari o‘rtasida 2007 yil mart oyida qilingan imeyl yozishmalarida gap O‘zbekistondagi Coscom mobil operatorini sotib olish va buning uchun birinchi navbatda prezidentning qizlari Gulnora va Lola Karimovalar bilan muloqot o‘rnatish lozimligi yozilgan.

Imeyllardan biri TeliaSoneraga qarashli Fintur Holdings shirkatining o‘sha paytdagi bosh direktori, asli turkiyalik Sarkan Elden nomidan TeliaSoneraning yana bir sobiq menejeri Esko Ritkonen nomiga yozilgan. Unda o‘sha paytda O‘zbekistonda muammolarga duch kelgan Coscom operatorini Rossiya va Qatar investorlari sotib olishga harakat qilgani, lekin O‘zbekiston rasmiylari bunga rozi bo‘lmagani aytiladi.

“Shuning uchun biz (ya‘ni TeliaSonera) prezident Karimov elitasi ichidagi telekommunikatsiya sohasini nazorat qiladigan doiralarga kanallarni topish uchun bir necha qadam qo‘ydik. Turkiyaning sobiq prezidenti Sulaymon Demirel bizni qo‘llab-quvvatlashni so‘rab, prezident Karimovga xat yozdi. Finturning O‘zbekistonga kira olishi uchun bir nechta doiralar turli tomonlardan harakat qilmoqda” deyiladi Sarkan Elden xatida.

Bu harakatlar natijasida “Karimovning birinchi qizi Gulnora Karimova va uning telekom sohasidagi hamkorlari bilan ehtimoliy uchrashuv o‘tkazilishi mumkin”, deb yozadi yana TeliaSonera rasmiysi.


Agressiv tip Abdulla Oripov


Bu yozishmalardan ma‘lum bo‘lishicha, TeliaSonera ijrochisi Esko Ritkonen O‘zbekiston rasmiylari bilan muzokara qilish uchun Toshkentga kelishi kerak bo‘lgan. Bunda Markaziy Osiyoda biznes yuritish tajribasiga ega bo‘lgan Elden O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining o‘sha paytdagi rahbari Abdulla Oripov bilan uchrashishdan avval Gulnora Karimova bilan kelishib olish lozimligini maslahat qiladi. Chunki, deb yozadi u, “o‘ta agressiv tip” bo‘lgan Oripov rus inevestorlari tarafdoridir.

Shuningdek Shvetsiya appelyatsiya sudiga taqdim qilingan yozishmalardan ma‘lum bo‘lishicha, TeliaSonera rahbariyati Gulnora Karimova bilan muloqot o‘rnatishga harakat qilar ekan, u haqda ma‘lumot to‘play boshlaydi. Bunday ma‘lumotlar olingan manbalardan biri Fintur shirkatining Qozog‘istondagi maslahatchisi Talgat Dairbekov bo‘lgan. Darvoqe Dairbekovning Qozog‘iston prezidenti qizi Darig‘a Nazarbayevaga yaqin aloqasi borligi aytiladi.


Garvardda o‘qimagan magnat


Dairbekov nomidan yozilgan xatda Gulnora Karimova haqida berilgan ma‘lumotda uning O‘zbekistonda O‘zdunrobita, Bilayn, bir nechta Internet provayderi, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Zeromaks shirkati, Kerdit Standart banki, Quvasoydagi Kvarts zavodi, Quvasoy va Bekoboddagi tsement zavodlari, Coca Cola shirkati va yana qator yirik biznes ob‘ektlarini nazorat qilishi aytiladi.

Talgat Dairbekov va Sarkan Elden o'rtasidagi yozishmadan parcha.

Talgat Dairbekov va Sarkan Elden o'rtasidagi yozishmadan parcha.

Shuningdek, Dairbekov Gulnora Karimova “Garvard universitetini bitirigani aytiladi, lekin ba‘zi manbalarga ko‘ra, bu yolg‘on gapdir”, deb yozadi.

2007 yil 24 martga doir imeyl xatida Sarkan Elden “Gulnora Karimovaning telekom sohasidagi vakili janob Behzod (MTS-O‘zbekiston shirkati sobiq bosh direktori Behzod Ahmedov nazarda tutilmoqda-tahr.) qanday qilib birgalikda ishlashimiz mumkinligini muhokama qilgani meni Toshkentga taklif qildi”, deb yozadi.

Bundan tashqari xatda “prezidentning ikkinchi qizi Lola Karimova ham biz bilan uchrashish istagini bildirmoqda”, deya yozilgan.


Zits-vakil Behzod Ahmedov


Shvetsiya sudiga taqdim qilingan yozishmalardan ba‘zilari TeliaSonera bilan oldi-berdida Gulnora Karimova nomidan harakat qilgani aytilayotgan MTS-O‘zbekiston shirkati sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovga doirdir. Bu xatlarda Behzod Ahmedov O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan litsenziya borasida kelishib qo‘ygani yoziladi.

2012 yil 19 aprelga doir xatda esa, Behzod Ahmedov Coscom shirkati aktsiyalarining so‘nggi 6 ofizi uchun TeliaSoneradan “avval kelishilgan” 75 million AQSh dollari o‘rniga 85 million dollar talab qiladi. Bu maktub yozilishidan bir necha oy o‘tib, Behzod Ahmedov iyun oyi boshlarida O‘zbekistonni tark etgan edi. Yarim yildan beri qayerdaligi noma‘lum qolayotgan Behzlod Ahmedovni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi moliyaviy jinoyatlarda ayblab, Interpol orqali qidiruvga bergan.

Shvetsiya prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbari Gunnar Stetler sudga taqdim qilgan bu yozishmalar TeliaSonera O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun Gulnora Karimova bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilganiga aniq ishora qiladi.

Stetler bu hujjatlarga bergan izohida, O‘zbekistonda mobil aloqa litsenziyasi bilan hukumat shug‘ullanishi, TeliaSonera esa hukumat bilan muzokara qilish o‘rniga, Behzod Ahmedov bilan ish olib borgani shirkatning O‘zbekistondagi faoliyati shubhalarni tug‘dirishini qayd etadi.

Stetlerning Ozodlikka aytishicha, TeliaSonera shirkati ijrochi xodimlari o‘rtasida 2007 yilda qilingan imeyl yozishmalarini sudga taqdim qilishdan maqsad "O‘zbekistonda TeliaSonera shirkatiga Coscom mobil operatorini sotgan Takilant firmasiga tegishli 1,5 milliard shved kronasiga (230 million AQSh dollari) teng mablag‘ni musodara qilish qaroriga erishishdir". Shvetsiya appelyatsiya sudi bu masalani 9 yanvar kuni ko‘rib chiqadi.


TeliaSonera bergan ma‘lumotlar haqiqatdan yiroq


Janob Stetler Ozodlik muxbirining bu yozishmalar TeliaSonera bilan Gulnora Karimova o‘rtasida oldi-berdi bo‘lganini ko‘rsatadi, tergov jarayonida bu masalaga ham e‘tibor qaratilmoqdami, degan savoliga bunday javob berdi.

- Bu masala sudda bayon qilinadi. Lekin men hozircha, sudga yozma tarzda taqdim qilingan ma‘lumotlar xususida matbuotga intervьyu bermayman. Sizga faqat bir narsani aytishim mumkin, imeyl yozishmalaridan TeliaSonera shu paytgacha taqdim qilgan ma‘lumotlar haqiqatdan yiroq ekanini xulosa qilish mumkin, deya ta‘kidladi Shvetsiya prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi rahbari Gunnar Stetler.

Katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga tegishli TeliaSonera shirkati O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun prezident Islom Karimovga yaqin shaxslar, xususan Gulnora Karimovaga 320 million dollar pora berganiga oid ayblovlar ilk bor o‘tgan yilning sentyabr oyida Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi namoyish qilgan “TeliaSonera – o‘zbek ishi” nomli hujjatli filmda ilgari surildi.

O‘tgan oyda shved jurnalistlari “TeliaSonera va Diktatorning qizi” nomli navbatdagi surishtiruv reportajini efirga berdi.

Shvetsiya prokraturasi bu ish bo‘yicha olib borayotgan tergovda Gulnora Karimovaga yaqin aloqasi borligi aytiladigan O‘zbekistonning uch fuqarosi Behzod Ahmedov, Gayane Avakyan va Alisher Ergashevlar gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda.

Bundan tashqari Shveytsariyada ham bu ishga bevosita aloqasi bo‘lgan pul yuvish va pora olish jinoyat bo‘yicha tergov ketmoqda. Shveytsariyadagi jinoyat ishida ham bu uch shaxs ayblanuvchi hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG