Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:27

"Tashabbus-2012" ko‘rik-tanlovi g‘olibi amnistiya bilan jazodan ozod qilindi


Xolisxon Boboyeva "Tashabbus — 2012" ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘lgan edi.
Xolisxon Boboyeva "Tashabbus — 2012" ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘lgan edi.
O‘tgan yilning kuzida hibsga olingan Xolisxon Boboyeva amnistiyaga ko‘ra ozod qilindi. "Tashabbus - 2012" ko‘rik-tanlovi g‘olibi, jizzaxlik tadbirkor ayol qariyb uch oy Jizzaxdagi tergov izolyatorida saqlandi. Prezidentning qizi Gulnora Karimova o‘tkazgan tadbirlarda faol qatnashgan Xolisxon Boboyeva iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan edi.

Jizzaxlik tadbirkor ayol Xolisxon Boboyeva o‘tgan yilning kuzida hibsga olingan edi, deydi jizzaxlik inson huquqi faoli Mamirjon Azimov:

- Men o‘sha ayol bilan birga ishlagan bir odam bilan gaplashdim. Xolisxon viloyatda “Yil ayoli” degan unvon ham olgandi, pillachilik bilan shug‘ullangan, atlas va adras to‘qib chiqaradigan kichik korxona ham ochgan edi, Gulnora Karimova bilan aloqasi yaxshi edi, dedi. O‘tgan yilning oktyabr oyida Jizzax shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan qamoqqa olingan ekan,- deydi Mamirjon Azimov.

Inson huquqlari faoliga ko‘ra, Xolisxon Boboyeva iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan:

- Korxonasi bilan bog‘liq qanday ayblov qo‘yilganini bilmaymanu, lekin uni yaxshi bilgan manbalarning aytishlaricha, o‘tgan yilning bahorida u qaysidir bir firma bilan shartnoma tuzib, arzon narxda ko‘chat olib kelib, viloyat korxona va tashkilotlariga qimmat narxda o‘tkazgan, Gulnora Karimova bilan yaqinman deb ko‘p g‘ayriqonuniy ishlarni qilgan, deb aytishyapti,- deydi Mamirjon Azimov.

O‘tgan yilning oktyabrida paxta mavsumi paytida "xalqni paxta terish majburiyatiga qarshi isyonga chiqarishga uringanlikda" ayblanib, 15 sutkalik qamoq jazosiga hukm qilingan jizzaxlik huquq faoli O‘ktam Pardayevning aytishicha, qamoqqa olinganida Xolisxon Boboyevani Jizzax shahar ichki ishlar bo‘limining tergov izolyatorida ko‘rgan:

- Men izolyatorda yotganimda har kuni toza havoga aylantirgani olib chiqishardi. Xolisxon opani o‘sha yerda ko‘rgandim, uni ham aylantirgani olib chiqishar edi,- deydi O‘ktam Pardayev.

9 yanvar kuni O‘ktam Pardayev Ozodlik iltimosi bilan Xolisxon Boboyeva rahbarlik qilgan “Ko‘hinur-Jizzax” ipakchilik korxonasiga borib keldi. Uning aytishicha, korxona xodimlari Xolisxon Boboyeva hibsdan ozod etilganini tasdiqlashgan:

- O‘sha yerdagi tanish odamlar bilan gaplashdim. Ularning aytishicha, Xolisxon Boboyevaning sudi bo‘lib o‘tgan va u amnistiya bo‘yicha hibsdan ozod etilgan,- deydi O‘ktam Pardayev.

Ozodlik muxbiri Jizzax viloyat sudi bilan bog‘lanib, Xolisxon Boboyevaga qanday ayblovlar qo‘yilgani to‘g‘risida so‘radi. Biroq, o‘zini tanishtirmagan sudyalardan biri telefon orqali hech qanday ma‘lumot berilmasligini aytdi.

Xolisxon Boboyeva O‘zbekiston prezidenti Islom Karimova va uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova nazariga tushgan, viloyatdagi faol tadbirkorlardan biri bo‘lgan.

Asli andijonlik Xolisxon Boboyeva 120 kishi ishlaydigan ipakchilik korxonasi tashkil qilgan, 2007 yilda shahar chetidagi bir tashlandiq imoratni Xitoy texnologiyasi asosida shifer ishlab chiqarish korxonasiga moslashtirgani aytiladi.

Xolisxon Boboyeva "Tashabbus — 2012" ko‘rik-tanlovida mamlakatning "Eng yaxshi tadbirkori" unvoniga sazovor bo‘lib, prezident sovrini — "Spark" yengil avtomashinasi bilan taqdirlangan.

Uning Gulnora Karimova rahbarlik qiladigan “Fond Forum” tadbirlarida faol ishtirok etgani aytiladi.

Gulnora Karimova uyushtirgan Art Week Style san‘at haftaligida qatnashgan rossiyalik taniqli teleboshlovchi Andrey Malaxov o‘zining "StarHit" jurnalida Xolisxon Boboyeva nomini tilga oladi:

“Men Toshkentdagi xayriya tadbirlaridan birida sobiq kasbdoshim Shahnoza G‘aniyeva bilan birga bo‘ldim. U menga Gulnora Karimovaning hamfikrlari ko‘p ekanligini aytdi. Masalan, ulardan biri xususiy to‘qimachilik korxonalaridan birining direktori Xolisxon Boboyeva rangli jurnaldagi fotosessiya uchun 12 million so‘m berdi. U bu bilan yaxshi ishchilaridan birini rag‘batlantirmoqchi ekanligini menga aytdi. Darvoqe, bu yil Xolisxon eng yaxshi tadbirkor ayol degan prezident unvonini olibdi”, deb yozadi Andrey Malaxov o‘zining "StarHit" jurnalida.

Ozodlik Xolisxon Boboyevaning qaysi ayblovlar bilan hibsga olingani haqidagi surishtiruvlarini davom ettiradi.
XS
SM
MD
LG