Линклар

logo-print
Toshkentda to‘rt nafar dindor qo‘lga olingan. Ular diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etishda ayblanayotgani aytilmoqda.

Toshkentlik to‘rt nafar dindor 26-29 dekabr kunlari oralig‘ida hibsga olingani haqida Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi 9 yanvar kuni ma‘lum qildi.

Tashkilot rahbari Sur‘at Ikromovning Ozodlikka aytishicha, Toshkentning Shayxontohur va Olmazor tumanlarida yashovchi 44 yoshdagi Abdurashid Xorunov, Shuhrat Tojiboyev, Ahmadjon Karimov va 33 yoshdagi Bobur Karimovlarning uylariga fuqarolik kiyimidagi militsiya xodimlari ertalab, bostirib kirgan va tintuv o‘tkazgan.

Tintuvdan so‘ng ular Ichki ishlar vazirligining tergov izolyatoriga olib ketilgan.

Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhiga ko‘ra, Bobur Karimovning uyida “tintuv o‘tkazish haqidagi qaror”da taqiqlangan diniy adabiyotlar topilgani qayd qilingan.

Bobur Karimovning yaqinlari bilan suhbatlashgan Sur‘at Ikromovga ko‘ra, tintuv paytida topilgan diniy adabiyotlar uning akasiga tegishli bo‘lgan va qonunga ko‘ra taqiqlanmagan hisoblanadi.

- Tintuvda diniy materiallar, diniy kitoblar, broshyuralarni olib ketishgan. Lekin ularning uyidagilar, ona-otasining aytishi bo‘yicha, bular mutlaqo unga qarashli emas. Ularning hammasi magazinlarda sotiladigan, taqiqlanmagan kitoblar bo‘lgan. Qur‘on va boshqa kitoblar. Bu Boburniki emas, akasiniki. Toshkent Islom universitetini bitirgan Bahrom ismli akasiniki bo‘lgan.

Huquq faolining aytishicha, Bobur Karimov 2010 yil avgust va 2011 yil yanvar oylarida "uydirma ma‘muriy qonunbuzarlik" ayblovlari bilan ikki marotaba 15 kunga hibsga olingan.

Qo‘lga olingan toshkentliklarning to‘rttalasiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244-moddasi 2-primi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bo‘yicha ayblanayotgani aytilmoqda.

Sur‘at Ikromov qo‘lga olingan dindorlar aynan qanday taqiqlangan guruh tuzgani tergov jarayoni tugaganidan keyin aniq bo‘lishini aytdi.

- Tergov tugaganidan keyin, ayblov xulosasining o‘zida yozilgan bo‘ladi, masalan, qaysi taqiqlangan tashkilotga a‘zo bo‘lgani yoki unda ishtirok etgani. Xulosa bizani qo‘limizga tushganidan keyin biz ayblov haqida aniq gap ayta olamiz.

Sur‘at Ikromovga ko‘ra, organ xodimlari tomonidan tahdid bo‘lgani bois Ahmadjon Karimovning yaqinlari uning hibsga olinishi haqida huquq himoyachilari bilan so‘zlashishdan bosh tortgan.

Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Ichki ishlar vazirligi tergov izolyatorida saqlanayotgani aytilayotgan Abdurashid Xorunov, Shuhrat Tojiboyevning yaqinlari bilan ham muloqot o‘rnatish yo‘llarini izlayotganini aytdi.

Sur‘at Ikromovga ko‘ra, o‘tgan yil O‘zbekistonda diniy motivlarda ayblangan 70-80 nafar fuqaro qamoqqa tashlangan.
XS
SM
MD
LG