Линклар

Qo‘l telefonining o‘g‘irlanishi ortidan chiqqan yuz kishilik mushtlashuv oqibatida kamida 20 odam tan jarohati olgani aytilmoqda. Ma‘lumotlarga ko‘ra, xitoyliklar qirg‘iz fuqarolarini garovga olgan va militsiya xodimlarini kaltaklagan.So‘nggi ma‘lumotlarga qaraganda, hozirgi paytda mushtlashuvda qatnashgan xitoyliklarning 7 nafari, qirg‘izistonliklarning 5 nafari kasalxonaga yotqizilgan. Kasalxonaga tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan 20 kishining 5 nafari militsiya xodimlaridir.

O‘sh viloyat militsiyasining ma‘lum qilishicha, voqea O‘zgan tumani Qurshob qishlog‘ida 8 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Bu yerda “Datqa –Kemin” elektr tarmog‘i qurilishida ishlayotgan xitoyliklardan biri qo‘l telefonini yo‘qotib qo‘ygan. U va uning hamkasblari qurshoblik Muratali Sasikovni telefonni o‘g‘irlaganlikda gumonlab garovga olgan va o‘z yotoqlari bo‘lgan “Astan-Ata” qahvaxonasiga olib kirib kaltaklagan.

Muratalining otasi Kamal Sasikov voqea qanday boshlanganini aytib berdi:

- Kechki soat olti yarimlarda o‘g‘lim telefon qildi. “Xitoylar meni yotoqxonasiga olib kirib ketib, qo‘yib yuborishmayapti”, deb aytdi. Voqea joyiga borsam xitoylarning hammasi mast, qo‘llarida armaturalarni ushlab turishibdi. Ular meni, xotinimni, yana bir ayolni va 2-3 ta militsiya xodimini garovga olib, qattiq kaltaklashdi. Hammamizning boshimiz yorildi, mening qo‘lim sindi, -dedi Kamal Sasikov.



Xitoyliklar mahalliy aholi va militsiya xodimlarini garovga olib kaltaklayotgani to‘g‘risidagi xabar tez orada qishloqqa yoyilib ketdi. Shundan so‘ng mahalliy aholi vakillaridan yuzga yaqin odam xitoyliklarning yotoqxonasiga bostirib kirgan va ularni kaltaklagan. Mushtlash natijasida xitoyliklar yotoqxona sifatida foydalanib kelgan “Astan-Ata” qahvaxonasi vayron etilgan.

- Tungi soat to‘qqiz yarim - o‘nlarda maxsus xizmat odamlari, bu yerga yig‘ilgan qirg‘izlar “Astan-Ata” qahvaxonasiga bostirib kirib bizni qutqarib olishdi, -dedi Kamal Sasikov.



Axborot agentliklari tarqatgan xabarlarga qaraganda, mushtlashuvdan so‘ng 19 xitoylik va 9 qirg‘izistonlik, jami 28 odam kasalxonaga murojaat qilgan. 24.kg axborot agentligiga ko‘ra, 2 xitoylik kasalxonaning reanimatsiya bo‘limida og‘ir ahvolda yotibdi. Biroq bu ma‘lumot rasman tasdiqlanmagan.

- Xitoyliklardan 7 kishi, mahalliy aholi vakillaridan 4 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Shuningdek, militsiya xodimlaridan 5 kishi ham shifokorlarga murojaat qilgan, -dedi O‘zgan tumani hokimi Attokur Tajibayev.

Qurshobliklar Xitoy ishchilari o‘z qishloqlariga joylashtirilganidan beri o‘z noroziliklarini bildirib keladilar. Qishloq aholisiga ko‘ra, xitoyliklar xojatxonadan foydalanmaydi. Ariqlardagi suvlarni bulg‘aydi. Mahalliy aholining bu boradagi ogohlantiruvlariga esa xitoyliklar ahamiyat bermaydi.



- O‘zinglarni shunday tutsanglar qishloqliklar bilan urushib qolasizlar, deb ko‘p marta xitoyliklarni ogohlantirganmiz. Bunday mushtlashuv bir kuni bo‘lishi kerak edi. Mana, bo‘ldi ham, -dedi qurshoblik Manap Qoshuyev.

O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Talantbek Shatmanovning aytishicha, Qurshobdagi mushtlashuv bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Uning aytishicha, qirg‘izistonliklarni gavroga olib kaltaklagan xitoyliklar ham, ularni kaltaklab, qahvaxonani vayron qilgan qirg‘izistonliklar ham jinoiy javobgarlikka tortiladi.
XS
SM
MD
LG