Линклар

logo-print
O‘zbeklarning milliy taomi hisoblangan osh pishirish san‘ati bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan respublika musobaqasida samarqandlik Abdumannon Nusratov g‘olib bo‘ldi. Abdumannon osh pishirish san‘atini samarqandlik mashhur oshpaz bobosi Ahmadjon hojidan o‘rganganini aytadi.

Yangi yilning birinchi haftasida TV Markaz telekanali o‘tkazgan “Oshga marhamat-2” loyihasida O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan kelgan 32 nafar oshpaz ishtirok etdi.

Uch bosqichda o‘tgan musobaqada Samarqand shahrining Bog‘imaydon mahallasida istiqomat qiladigan 36 yoshli oshpaz Abdumannon Nusratov birinchi o‘rinni elalladi. U palovxonto‘ra pishirish bo‘yicha O‘zbekiston chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi.

“Osh pishirish men uchun faqat kasb emas, bundan mazza qilaman, shuning uchun ham konkursdagi katta oshpazlar oldida sira hayajonlanmadim”, deydi Ozodlik bilan suhbatda Abdumannon Nusratov:

- Birinchi bosqichda samarqandcha choyxona osh qildim. Ikkinchi bosqichda, samarqandcha to‘y oshi qildim. Uchinchi bosqichda esa kenja guruchdan toshkentcha choyxona oshi pishirdim. O‘nta jyuri a‘zosiga ham men pishirgan osh ma‘qul keldi,- deydi oshpaz.

Abdumannonning aytishicha, u osh pishirish san‘atini Samarqand shahrida mashhur oshpaz bo‘lgan bobosi Ahmadjon oshpazdan o‘rgangan:

- 12-13 yoshimdan bobom yonida yurib, osh pishirishni o‘rgana boshladim. Maktabda ham yaxshi o‘qiganim yo‘q. Asosiy vaqtim shogirdlikda o‘tgan,- deydi Abdumannon.

Oshpazning aytishicha, u bir vaqtning o‘zida shogirdi bilan 8 ta doshqozonda osh pishira oladi:

- Masalan, har bir qozonga 60 kilodan guruch ketadi. To‘ylarda 8-9tagacha qozon qo‘yib osh qilgan kunlarim ham bo‘lgan. Albatta shogirdim yordam bergan. Bilasizmi osh pishirishning gashti borda, ayniqsa oshxo‘rlar maqtab qo‘ysa bormi, oshpazga bundan ortiq siylov yo‘q,- deydi Abdumannon.

O‘zbekiston viloyatlarida osh turli xil usullarda pishiriladi. Oshpaz Abdumannon fikricha, har bir viloyatda pishiriladigan osh turlari o‘sha yerning iqlimiga mos tarzda paydo bo‘lgan:

- Har bir viloyatning o‘ziga xos iqlimi bor. Masalan vodiyliklar oshda dumba yog‘ini va qalampirni ko‘p ishlatishadi, samarqandliklar esa dumba yog‘ini ko‘tarmaydi va zig‘ir yog‘i ko‘proq ishlatiladi. Toshkentda yana o‘ziga xos, oshga ko‘p masalliq va ziravorlar soladi. Buxoroda esa “oshi sofiy” deydi. Ular hamma narsani pishirib olib, oxirid yog‘ solishadi. Shunday har bir viloyatning o‘ziga xos udumi bor. lekin men uchun eng zo‘r osh bu samarqandcha palov,- dedi Abdumannon Nusratov.

Oshpaz suhbat so‘ngida osh pishirish bo‘yicha xalqaro musobaqalar o‘tkaziladigan bo‘lsa, unda qatnashish istagi borligini bildirdi.

O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov o‘tgan yili rekord hajmdagi guruchdan umumiy og‘irligi 5 tonna bo‘lgan palov pishirib, "Ginnes"ning rekordlar kitobiga kirish rejasi borligini bildirgan edi.

Ginnes" xalqaro qo‘mitasidan javob kutayotgan Akbar Umarov, 5 tonnalik oshni damlash uchun aylanasi 7 metr, chuqurligi 80 sm bo‘lgan qozon zanglamaydigan po‘latdan yasalgani haqida Ozodlikka aytgan edi.

XS
SM
MD
LG