Линклар

logo-print
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Takayong‘oq qishlog‘idan Ozodlikka bog‘langan tinglovchi qalin qor yog‘ib, qishloqqa eltuvchi yo‘llar yopilgani, aholi tuman markazidan uzilib, chiroqsiz uylarida yo‘l ochilishini kutib o‘tirganidan so‘zladi.

Takayong‘oq qishlog‘ining ismini oshkor qilmayotganimiz yashovchisiga ko‘ra, kuni kecha yoqqan qalin qor bois O‘zbekistonning Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegaraoldi hududida joylashgan bu qishloqqa tutashgan yo‘llar yopilib qolgan.

- Hozir asosiy muammo yo‘l bo‘lib qoldi. Qor tozalaydigan mashina yo‘q, MChS degan xizmat yo‘q biz taraflarda. Shu uch kungacha yo‘l yopilib qoladi shunaqa qor tushganda, deydi Ozodlikning "Erkin mikrofon"iga bog‘langan takayong‘oqlik tinglovchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning aksar viloyatlarida kuzatilgani kabi Takayong‘oqda ham chiroq yo‘q.

- Qishloqda bizda gaz yo‘g‘u, chiroqni ham hohlaganda berishadi, hohlaganda uzishadi. Lekin har oyligimizdan, pensiyadan chiroq uchun so‘rab o‘tirmasdan haq urib qoladi, deya nolidi bu suhbatdosh.

Takayong‘oq qishlog‘ida jami 80 ta xonadon bor va unda 500 atrofida aholi istiqomat qiladi. Qishloq bolalariga bitta maktab ochilgan.

- 120 tacha o‘quvchi bor. Maktab ham qishda yaxshi isimaydi. Otopleniyaning oxirgi trubalariga borib, suv sovib ketadi, xonalaram soviydi, dedi Ozodlik tinglovchisi.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida joylashgan Takayong‘oq kabi kichkina qishloqlarga davlat tomonidan yo‘lga qo‘yilgan jamoat transporti qatnovi to‘xtab qolganiga ko‘p bo‘lgan.

Xususan, Takayong‘oqqa shu kunlarda aholi o‘z avtomobillarida qatnaydi. Qalin qor tushadigan qish kunlarida esa faqatgina "Jip" yoki "Niva" rusumidagi avtomobillar bilan qishloqqa borish mumkin.

Ozodlikka bog‘langan tinglovchiga ko‘ra, tog‘liklar og‘ir sharoit bois ham qish g‘amini kuzda yeydi, ya‘ni qishlik yemakni kuzdayoq toqqa tashib oladi.

Quyida "Erkin mikrofon"ga bog‘langan takayong‘oqlik tinglovchi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG