Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 07:41

O‘zbekistonliklarning 10 foizigina uyini Internetga ulagan


Jahon bo‘ylab uydan turib, Internetdan foydalanish 30 foizga ko‘paygan, lekin shu bilan birga, Gallup tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, aksar mamlakatlarda har o‘n kishidan bir kishi uyidan jahon tarmog‘iga kirish imkoni borligini tan olgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning ham 10 foizi uylariga Internet ulanganinini aytgan. Gallup so‘rovi 2011 yilga doir bo‘lib, 148 mamlakatga oid ma‘lumotga asoslangan.


O‘zbekiston yana ro‘yxat ostida


Jahonning yetakchi tadqiqot markazi Gallup 2011 yilda o‘tkazgan so‘rov natijalarini bir yil davomida tahlil qilib, 14 yanvar kuni e‘lon qildi. Gallup so‘rov ishtirokchilaridan bitta – “Uyingizda Internetga chiqish imkoni bormi?” degan savolga javob berishni so‘ragan.

Dushanba kuni ochiqlangan hisobotga ilova qilingan ro‘yxatda mamlakatlar uch guruhga bo‘lingan: 80 foizdan ko‘proq aholisi uylari Internetga ulangan mamlakatlar, 50 foizdan ortiqroq aholisining uyida Interneti bor mamlakatlar va uyida Interneti borlar 50 foizgacha bo‘lgan mamlakatlar.

Gallup markazining hisob-kitobiga ko‘ra, jahon aholisining 32 foizi 2011 yilda uylaridan Internetga chiqish imkoni borligini aytgan. Bu esa 2010 yilga solishtirganda 3 foiz, 2009 yilga solishtirganda 8 foizga ko‘proqdir. Lekin ayni paytda aksar mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 10 foizdan kamroqni tashkil qilgani Gallup mutaxassislarining ko‘pchilik Internetdan foydalanishga qurbi yetmaydi, degan xulosasiga sabab bo‘lgan.

Gallup so‘rovida o‘zbekistonliklarning ham 10 foizigina uylarida Interneti borligini aytgani bois O‘zbekiston uchinchi toifa guruhga qo‘yilgan. Ya‘ni Gallup tadqiqot markazi taxminlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning 3 millioni uylari Internetga ulanganini aytgan.

Toshkentdagi “Uzinfokom” kompyuter va informatsion texnologiyalarni rivojlantirish va joriy qilish markazi hisob-kitoblari ham Gallup raqamlariga taxminan to‘g‘ri keladi. Markazning ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassisiga ko‘ra, uylari Internetga ulangan o‘zbekistonliklar soni 4 milliondan kamroqni tashkil qiladi. Lekin, uning aytishicha, mobil aloqa vositasida jahon tarmog‘iga kirayotganlarlar ham inobatga olinsa, O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni 9 milliondan oshadi.

- Internet foydalanuvchilari umumiy soni 1 iyul 2012 yilda 9,1 million kishini tashkil etgan. Ulardan 5,2 millioni mobil internet foydalanuvchilari hisoblanadi,- deydi mutaxassis.


Svet bo‘lmasa, Internet qayerdan?


Gallup kuzatuvlariga ko‘ra, dunyoning iqtisodlari eng qudratli va aholilari katta bo‘lgan mamlakatlarda uylarini Internetga ulab olganlar soni yuqori bo‘lishi tendentsiyasi bor. Masalan, iqtisodi eng yirik va nufusi bo‘yicha ham dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan Qo‘shma Shtatlarda katta yoshdagi 80 foiz aholi uyida Interneti borligini aytgan. Lekin AQSh bu ro‘yxatda 23 o‘rinni egallagan. Ro‘yxatning birinchi pog‘onasiga qo‘yilgan Shvetsiyada katta yoshdagilarning 93 foizi uylarida Interneti borligini aytgan. Bu esa, Internetdan foydalanish birinchi navbatda aholining ijtimoiy va iqtisodiy farovonligi bilan bog‘liq, degan xulosaga asos bo‘la oladi.

Xususan, O‘zbekistonning sobiq ittifoq davlatlari orasida nufusi ancha kichik, Belarus (50 foiz) yoki Qozog‘istondan (33 foiz) ancha orta ekani ham qiziqarli.

“Uzinfokom” markazi mutaxassisining aytishicha, O‘zbekistonda uyga Internet tushirish bir oyda kamida 50 ming so‘mga tushadi.

- Menda 256 kilobaytlik tezlik bilan 50 ming to‘layman,- deydi mutaxassis.

Qiyin iqtisodiy sharoitlarda har qanday o‘zbekistonlik ham tirikchiligidan 50 ming so‘m orttirib, Internetga ishlata olishi dargumon.

Lekin uylari jahon tarmog‘iga ulangan o‘zbeksitonliklarning ko‘paymayotgani boshqa sabablari ham bor. Samarqanddagi qishloqlardan birida istiqomat qiluvchi 26 yoshli Maftuna buni yaxshi biladi.

- O‘zbekistonda birinchidan Internet umuman yaxshi emas. Internet umuman ishlamaydi. Mening qishlog‘imda Internet tugul, svet bo‘lmagandan keyin qanday Internet bo‘lishi mumkin?- deydi Maftuna.


Sudandan ham ortda


O‘zbekiston hukumati, shaxsan prezident Islom Karimov yoshlarning Internetdan foydalanishini rag‘batlantirish lozimligini gapirib kelsa-da, mutaxassislar bu sohada jiddiy muammolarni hal etish bo‘iycha siyosiy iroda yo‘qligini aytishadi.

Mustaqil Internet resurslariga qo‘yilgan to‘siqlar matbuot erkinligi bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilib kelinadi. Jumladan, Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti O‘zbekiston prezidentini “Internet dushmanlari” ro‘yxatiga qo‘shgan.

O‘tgan hafta Internet tarmog‘ini tashhis etish bilan shug‘ullanadigan Ookla shirkati dunyo davlatlaridagi Internet tezligiga oid e‘lon qilgan hisobotida O‘zbekistonni 180 mamlakat orasida 166-o‘ringa qo‘ydi. Mutaxassislar O‘zbekiston hukumati Internet tezligini maxsus nazorat qiladi, degan fikrlarni ilgari surishmoqda.

Bundan tashqari O‘zbekistonda Internet kafelarida o‘quvchilar qanday saytlarga kirishini nazorat qilish uchun maktab o‘qituvchilari navbatchilik qilayotgani ham bu sohadagi muammolar jiddiyligiga chizgi bo‘lishi mumkin.

Gallup so‘roviga ko‘ra, uylari Internetga ulangan fuqarolar soni bo‘yicha O‘zbekiston Zimbabve, Eron, Falastin, Mongoliya, Iroq, Suriya, Sudan kabi mamlakatlardan ham ortda qolmoqda.
XS
SM
MD
LG