Линклар

So‘x bo‘yicha Karimov indamadi, Atambayev indadi


O‘zbekiston rasmiylari So‘xdagi chegara mojarosi xususida rasmiy pozitsiya bildirish u yoqda tursin, voqea yuz berganini inkor qilmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari So‘xdagi chegara mojarosi xususida rasmiy pozitsiya bildirish u yoqda tursin, voqea yuz berganini inkor qilmoqda.

Qariyb 60 ming kishi yashaydigan 352 kvadrat kilometrli hududi bir haftadan beri qamalda yashar ekan, bu haqda O‘zbekiston rasmiylari hanuzgacha na lom dedi, na mim. O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining (MXX) o‘tgan dushanba kungi yagona bayonoti ham xizmatning bir mas‘ul xodimi tomonidan o‘tgan haftada inkor etilgan edi. Bayonotda So‘x tumanidagi bo‘hron uchun Qirg‘iziston chegarachilari ayblangan edi.So‘x bo‘hroni yuzasidan fikr bildirishi mumkin bo‘lgan holatda ham O‘zbekiston rahbari bu masalaga teginmadi. Ayni paytda Qirg‘iziston rahbari o‘z pozitsiyasini ochiqladi.


Karimov indamadi...


So‘x bo‘hroni boshlanganidan 6 kun o‘tib, 11 yanvar kuni O‘zA axborot agentligi Islom Karimovning “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 21 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi” matnini e‘lon qildi.

Agar matnning mana bu ikki abzatsini So‘xga “qulog‘idan tortib yopishtirmasangiz”, prezident yechimini kutib yotgan muammoga alohida to‘xtalgan emas.

“Mintaqamizda tashqi kuchlar o‘rtasidagi manfaatlar kurashining kuchayib borayotgani vaziyatni yanada chigallashtirmoqda.

Chegaraga yaqin hududlarda buzg‘unchi to‘dalar va qo‘poruvchi-terrorchi guruhlarning faollashuvi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, siyosiy va millatlararo ziddiyatlarning keskinlashib borayotgani oqibatida harbiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan jiddiy tahdid va xatarlar paydo bo‘lmoqda.

Sarhadlarimizga bevosita yaqin hududlarda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgani, birinchi navbatda, yuqorida zikr etilgan xavf-xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta‘minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etmoqda”, deyilgan prezidentning harbiylarga tabrigida.

“Co‘x to‘g‘risidagi gaplarning hammasi bo‘hton. U yerda hech narsa bo‘lgani yo‘q!”

Bu gapni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining amaldor a‘zolaridan biridan eshitdik.

So‘x to‘g‘risidagi savolimizga javoban eshitganingiz gapni aytgach, u “Farg‘onada qarindosh-urug‘larim bor, agar biron voqea bo‘lguday bo‘lsa, ular menga aytgan bo‘lardi”, deb qo‘shib qo‘ydi.


...Atambayev indadi


So‘x intsidenti Qirg‘izistonda o‘ta keng, mamlakat hukumatiyu Mudofaa kengashida, parlamentida, jamoatchilik orasida, va albatta, matbuotda muhokama qilinmoqda. Shaharlarda jafo chekkani aytilayotgan qishloqlar aholisiga yordamlar uyushtirilmoqda. Parlament raisi shaxsan botkenga borib aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Prezident Atambayev esa, 14 yanvar kuni So‘x bo‘yicha bayonot berar ekan, jumladan bunday dedi:

- Sobiq vazirlardan biri biz So‘x masalasini 2006 yiliyoq yechib qo‘ygan bo‘lar edik, deb o‘tiribdi. Uning masalani qay yo‘sinda hal qilmoqchi bo‘lganini bilamiz. So‘xni qo‘shqo‘llab topshirib qo‘ymoqchi bo‘lgan edi-da u. Bunday qarorning bizga keragi yo‘q. Qirg‘izistonning manfaatlaridan kelib chiqish lozim, dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Qirg‘iziston rahbari fikricha, chegara bilan bog‘liq masalalarda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik kerak.


Nima bo‘lgan edi?


5 yanvar kuni Qirg‘iziston chegarachilari ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgani aytilayotgan hududga simyog‘ochlar o‘rnata boshlaganiga So‘x anklavidagi Xushyor qishlog‘i aholisi norozilik bildirgan edi.

6 yanvar kuni bu norozilik qirg‘iz chegarachilarini o‘q uzishga majbur qilgan va har ikki tomondan odamlar garovga olingan katta janjalga aylandi.

7 yanvar kuni janjalning keskin fazasi to‘xtatilgan.

O‘shandan beri So‘x anklavi qamal holatida. Qirg‘iziston rasmiylari ko‘rilgan moddiy zarar to‘lanmagunicha yo‘llarni ochmasligi to‘g‘risida bayonot bergan.
XS
SM
MD
LG