Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:19

Tovon to‘lash vazifasi so‘xliklarning o‘ziga yuklatildi (yangilandi)


So‘xdagi bir-biridan mustaqil bir necha manbadan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mahalliy aholi va qirg‘izistonliklar o‘rtasida o‘tgan hafta boshida sodir bo‘lgan intsident davomida zarar ko‘rgani aytilayotgan qirg‘izistonliklarga to‘lanadigan tovon puli mahalliy aholi va tadbirkorlardan yig‘iladigan bo‘ldi.


Uch manbadan olingan bir xil ma‘lumot


-Har bir tadbirkorga ikki milliondan soliq solindi, dedi tumanning chegaraga yaqin Chashma qishlog‘ida yashaydigan Mansur.

Bu ma‘lumotni oilasi So‘x markazida yashovchi, o‘zi shu kunda Novosibirsk shahrida ishlayotgan Mo‘minjondan ham eshitdik.

-So‘x bilan hozirgina gaplashdim. Xonadonma-xonadon yurib, pul yig‘ish kerakligini aytishibdi. Oddiy aholidan ozroq, tadbirkorlardan ko‘proq yig‘armishlar, dedi Mo‘minjon.

Ravonda yashaydigan tadbirkorning aytishicha, uni 15 yanvar kuni mahalliy hokimiyatga chaqirishgan va qirg‘izistonliklarga to‘lash uchun undan 1000 AQSh dollari talab qilishgan.

Tadbirkor ismini oshkor etmasligimizni va ovozini eshittirmasligimizni so‘radi.

Bu norasmiy ma‘lumotlar yuzasidan So‘x tumani yoki Farg‘ona viloyat hokimliklaridan biron sharh olishning imkoni bo‘lmadi.


O‘zbekiston Qirg‘izistonga 25 ming dollar va 3 ta mashina berdi


Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nurjigit Qodirbekovning 15 yanvar kungi bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘izistonga yetkazilgan moddiy zarar uchun tovon to‘lashni boshlagan.

Botken viloyati ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni qirg‘izistonliklarga “So‘x chegarasidagi intsident davomida buzib tashlangan va yondirib yuborilgan avtomobillar uchun” 14 yanvar kuni tovon to‘lay boshlagan va 15 yanvar ertalabgacha to‘langan tovonning miqdori 25,4 ming dollarni tashkil qilgan.

Bundan tashqari Botken viloyati aholisiga uchta: “Xonda”, “Audi” va “Mersedes” avtomashinalari qaytarilgan.


“Tovon pulini So‘x hokimi shaxsan topshirdi”


Botken viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Bolot Murzaliyev Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiriga bunday dedi:

-Kecha, 14 yanvar kunduz soat 12 dan boshlab oqshom 6 gacha 7 kishiga yetkazilgan zarar qoplandi. O‘zbekistonning So‘x tumani hokimi keldi. Yetkazilgan zarar ko‘lamiga qarab 800 dollardan 10 ming dollargacha tovon to‘lashdi. Tovon pulini So‘x hokimi bilan qishloqlar oqsoqollari olib kelib to‘lamoqda. Pulni qayerdan olishganini men bilmayman, dedi Botken viloyati militsiyasi boshlig‘i.

Botken viloyat hokimligidan olingan ma‘lumotga tayanib, AKI-press agentligining xabar qilishicha, intsident paytida zarar yetkazilgan avtomashinalar soni aniq emas. “Taxminan 15 tadan ko‘proq mashinaga zarar yetgan”, degan hokimlik rasymiysi Adibek Nabiyev.

Xabar qilinishicha, tovon puli va avtomashinalar Botken viloyatining Chorbog‘ qishlog‘iga yaqin joydagi chegarada topshirilmoqda.


Nima bo‘lgan edi


5 yanvar kuni Qirg‘iziston chegarachilari ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turganytilayotgan hududga simyog‘ochlar o‘rnata boshlaganiga So‘x anklavidagi Xushyor qishlog‘i aholisi norozilik bildirgan edi.

6 yanvar kuni bu norozilik qirg‘iz chegarachilarini o‘q uzishga majbur qilgan va har ikki tomondan odamlar garovga olingan katta janjalga aylandi.

7 yanvar kuni janjalning keskin fazasi to‘xtatilgan.

O‘shandan beri So‘x anklavi qamal holatida. Qirg‘iziston rasmiylari ko‘rilgan moddiy zarar to‘lanmagunicha yo‘llarni ochmasligi to‘g‘risida bayonot bergan.
XS
SM
MD
LG