Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:21

Blog: Toshkentda “oshiqlar uchun xilvat maskan” ochildi


Avvalgilarga o‘xshamas


Gapni, tomdan tarasha tushgandek oshiqlardan boshlaganimizga chandon hayron bo‘lgandirsiz. Aslida, “oshiqlar uchun xilvat maskan” deb ataganimizning layli-majnunlarga ko‘p-da daxli yo‘q. Hikoyamiz insonni emas, kitobni ma‘shuq tutganlar haqida!

O‘tgan yilning adog‘ida Toshkentda “Book cafe” ishga tushdi. “Ochilgan bo‘lsa, ochilgandir, megapolisda xudoning bergan kuni kafe-restoranlardan necha o‘ntasi ochilib, yana allaqanchasi kasodga uchraydi!” deyishga oshiqmang.

“Book cafe”ning avvalgilarga o‘xshamas jihati bor: bu yerda ham qorin to‘yg‘izasiz, ham mazaxo‘rak bo‘lib... kitob o‘qiysiz. Ikkisida birda!

Kecha deng, ko‘zim bilan ko‘rish uchun bordim o‘sha kafega. “Bahor” restoranining shundoq biqinidagi qo‘g‘irchoqdek imorat. Ostona hatlashingiz bilan kitobning ko‘ngilni qitiqlovchi totli isini tuyasiz. Unga basma-bas xushxo‘r taomning ishtahani qo‘zg‘ovchi bo‘yi gup etib dimog‘ingizga uriladi…

Kutubxona-qahvaxonaning ko‘rkam javonlariga jozibali muqovalarga o‘rangan ofatijon kitoblar terib tashlangan. Bari “meni ol, meni ol!” deb turibdi. Daf‘atan go‘zal qizlar majlisiga tushib qolgandek kalovlanasiz.


Uzumini yeng, bog‘ini so‘ramang!


Har yer-har yerda oromkursi qo‘yilgan. Bir paytda 25-30 chog‘li mehmon bemalol sig‘ib ketadi.

– Nima buyurtma berasiz? – so‘raydi oyoq-qo‘li yengil xodim tavoze bilan.

Eskidan qolgan gap: avval taom, ba‘daz kalom! Mayli, kitob tanlashdan oldin ul-bul yegulik buyurtma qila qolay.

Taomnomaga ko‘z yugurtiraman, ochig‘i, qahvaxonadagi narx-navo universitet tuprog‘ini yalab yurgan talabaning qornini og‘ritishi mumkin: choy – 3000 so‘m, pitsa – 7000 so‘m, kokteyl – 8000 so‘m, kofe – 5000 so‘mdan 11500 so‘mgacha (lekin, qahvaxona egalarining hafsalasiga qoyil, birgina kofening yigirmadan oshiq turini sanadim!).

Hartugul, “Falon ming so‘mlik yeysiz, keyin kitob o‘qiysiz” degan qoida yo‘q ekan. Hamyondan yelvizak o‘tib turgan bo‘lsa, bir piyola choy yo bir finjon qahvaga olib, kitobxo‘rlikka qanoat qilish mumkin.


Choshgohligi uchunmi, odam siyrak


– Hozir odam selgigan payt, kechga yaqin gavjumlashadi, – deydi xizmatchi yigit o‘yimni uqqanday.

– Kimning xayoliga keldi? Tesha tegmagan g‘oya bo‘pti, – deya uni suhbatga tortaman.

– Uzumini yeng, bog‘ini so‘ramang. Bir xususiy mulkdor ochdi. O‘zbekistonda bunaqasi yo‘q! Bilmadim, Qozog‘istonni aytmasa, Markaziy Osiyoda ham mijozga kitobu taom taklif qiladigan birinchi kafe bo‘lsak kerak, – deydi u andak g‘urur bilan.

– Qozog‘istonni yolchitib kezmaganman, bo‘lsa bordir, – deyman sekingina.


Stiv Jobsning bozori chaqqon…


Baraka topishsin, har xil ta‘bdagi odamlarga mos kitoblarni jamlashibdi o‘ziyam! Rable, Shekspir, Dostoyevskiy, Turgenev, Tolstoy singari klassiklar asarlaridan – qo‘lingizga “qaynar xumcha”ni shartta tutqazish shahdidagi Napoleon Hill, Deyl Karnegi kabi vallomatlarning tep-tekin maslahatlarigacha!

iPad, Kindle kabi yangi zamon yaratiqlari bosma kitobni tarix mulkiga aylantirish uchun zo‘r berib chiranyapti. Mantiqan olganda, bugunning noshirlari ixtirochilarni mahkamaga berishi kerak, nonini yarimta qilgani uchun-da.

Paradoksni qarangki, qo‘lma-qo‘l o‘qilayotgan kitoblarning aksari bosma kitoblarga “go‘r qazigan” o‘sha ixtirochilar haqida. Otangni o‘ldirganga onangni ber! Kutubxona-qahvaxonada birgina Stiv Jobs haqida talay nomli kitoblar qalashtirib tashlangan.

Kamtargina bo‘lsa-da, o‘zbekcha kitoblar javoni ham bor ekan. Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov, Tohir Malik, Xurshid Do‘stmuhammad, Muhammad Yusuf asarlariga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf risolalariga ko‘zim tushdi. Lekin ruscha adabiyotlarga solishtirganda, o‘zbekcha kitoblar cho‘g‘i kam. O‘zbekcha adabiyotlarni ham ko‘paytirish kerakmi, deyman.


Tanbur ovozini karnay shovqini bosadi


Qahvaxonada qayerdaligini paqqos unutib, muk tushib kitob o‘qiyotgan bibliofil ham bor, javondagi javohirlarga qiyo boqishga xushi yo‘q xo‘randa ham! Nafas rostlashga bosh suqqan tasodifiy o‘tkinchi ham bor, biznes rejasini muhokama qilishga kirgan xiyla ovro‘palashgan ishbilarmon ham! Kafe o‘z nomi bilan kafe-da.

Shaharning shovqin-curonini unutib, endigina O‘ZGA olamga sayohatga chog‘langan paytingiz yoningizdagi kimdir uyali telefonda baland ovozda gaplashib, g‘oyibona diydorlashuvning qoq beliga tepadi. Tanburning ovozini karnay shovqini bosib ketganidek! Kutubxona-qahvaxonada telefonda gaplashishni taqiqlab qo‘yish kerak, shekilli.

...Kafe egasi kim bo‘lsa ham, biznes va ma‘rifatni omuxta qilganiga ofarin.

“Anoyi bo‘lmang, puldor har doim, avvalo, foydani ko‘zlaydi!” deysizmi? To‘g‘ri, to‘g‘ri aytasiz.

Lekin... hatto bitta kitobni tugatmaganlar markabu mansabdan tanglik sezmayotgan bir zamonda ham ziyo tarqataman, ham aqcha ishlamayman degan ekan, qandini ursin! Kiroyi ishbilgilik mana bunday bo‘pti!
XS
SM
MD
LG