Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:56

"O‘zdunrobita" bankrotlik to‘g‘risida sudga ariza berdi


Rossiyadagi MTS mobil aloqa shirkatining O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi Toshkent shahar Xo‘jalik sudiga bankrotlik to‘g‘risida ariza topshirganini shirkat matbuot xizmati Ozodlikka tasdiqladi.

Toshkent shahar Xo‘jalik sudining noyabr oyida chiqargan qaroriga ko‘ra, "O‘zdunrobita" shirkati o‘z zimmasiga yuklatilgan 600 million dollarlik moliyaviy da‘volarni sakkiz oy muddat ichida to‘lab bitirishi kerak edi.

15 yanvar kuni sud tomonidan belgilangan jarimaning navbatdagi qismi to‘lanishi lozim bo‘lgan, ammo shirkatning O‘zbekistondagi hisob raqamida pul qolmagani bois¸ bu talabni bajara olmagan.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, agar qarzdor o‘z majburiyatlarini bajara olmasa, bankrotlik to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi va sud bu masalada besh kun ichida qaror chiqarishi lozim.

MTS shirkatiga yaqin manbalarning Rossiya matbuotiga bildirishicha, "O‘zdunrobita" hisob raqamida pul tugaganidan so‘ng sud belgilangan moliyaviy da‘voni qondirish maqsadida kompaniyaning operatorlik qurilmalarini musodara qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

MTSga egalik qiluvchi "Sistema" kompaniyasining asosiy xo‘jayini Vladimir Yevtushenkov o‘tgan oy so‘nggida Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari va diplomatik doiralari darajasida MTSning O‘zbekiston bozoriga qaytishi borasida faol muzokaralar borayotgani haqida bayonot bergan edi.

- Bir xatoni ikki marta takrorlamaslik uchun biz bu qaytishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga harakat qilamiz, bu bir necha oylik ish, degan edi o‘z bayonotida Yevtushenkov jumladan.

Bu muzokaralar haqida matbuotga xabar sizdirgan "Sistema" korporatsiyasidagi manbalar, kompaniya "O‘zdunrobita"ga yozilgan to‘lovlar miqdorini kamaytirishga urinayotgani haqida ma‘lum qilgandi. "O‘zdunrobita"ning 16 yanvar kuni o‘zini bankrot deb e‘lon qilishi bu muzokaralarning samara bermagani ifodasi bo‘lishi mumkin.

"Metropolь" investitsion-moliyaviy kompaniyasi yetakchi tahlilchisi Yevgeniy Golosnoyga ko‘ra, bankrotlik to‘g‘risidagi ariza MTSning O‘zbekistonga qaytmaslikka tayyorligini mamlakat hukumatiga bildiruvchi jiddiy signaldir.

Boshqa tomondan, kuzatuvchilarga ko‘ra, MTSning Markaziy Osiyoda ishlash bo‘yicha boy va murakkab tajribasidan kelib chiqib, "O‘zdunrobita" uskunalarining musodara qilinishi yoki sotilishi ushbu voqealar rivojidagi so‘nggi nuqta bo‘lmasligi ham mumkin. Zotan, MTS 2010 yilda Turkmanistondagi faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan, biroq 2012 yilning yozida faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha Turkmaniston hukumati bilan kelishuvga erishgan edi.
XS
SM
MD
LG