Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:28

Freedom House: O‘zbekiston yana "yomonlarning yomoni"


Sobiq Sovet respublikalari siyosiy va ijtimoiy jihatdan dunyodagi eng repressiv davlatlar maqomini qo‘lga kiritdi. Freedom House – Ozodlik Uyi tashkilotining 2013 yil uchun “Dunyodagi erkinlik” hisobotida (“Freedom in the World”) Boltiqbo‘yi mamlakatlarini hisobga olmaganda, qolgan respublikalar shu paytgacha Yaqin Sharq mintaqasiga xos bo‘lgnan maqomga loyiq deb topildi.

Markazi AQShda joylashgan Freedom House tashkiloti chorshanba kuni e‘lon qilgan “Dunyodagi erkinlik” hisobitida 2012 yil davomida 195 mamlakatdagi fuqaroviy huquqlar va siyosiy erkinliklarga oid vaziyatni o‘rganib, sobiq ittifoq mamlakatlari eng repressiv mintaqaga aylanmoqda, degan xulosani berdi.

Freedom House tashkiloti vitse-prezidenti Arch Paddington, Ozodlik bilan suhbatda, Boltiqbo‘yi mamlakatlarini hisobga olmaganda, post-sovet mintaqasi siyosiy va ijtimoiy repressiyalar borasida, an‘anaga ko‘ra, eng yomon hisoblanib kelgan Yaqin Sharqdan o‘tib ketgani ilk bor kuzatilayotganini aytadi.

- Yevroosiyoda bunga oid jarayonlar, ayniqsa, siyosiy huquqlarga doir ko‘rsatkichlar eng yomon ekanini ko‘rish mumkin. Vaziyat Yaqin Sharqdan ham yomonroqdir va bu yangilik, deydi Freedom House vakili.

Hisobotga ilova qilingan mamlakatlar ro‘yxati alfavitga ko‘ra qo‘yilgan, lekin uchta toifaga bo‘lingan. Bular erkin, qisman erkin va erkin bo‘lmagan mamlakatlar toifasidir.

O‘zbekiston bu safar ham Turkmaniston, Zimbabve, Shimoliy Koreya, Suriya va Sudan kabi mamlkatlar bilan bir qatorga – erkin bo‘lmagan mamlakatlar toifasiga qo‘yilgan va eng repressiv davlatlardan biri deb topilgan.

Bunda O‘zbekistondagi vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmaganini qayd etishgan 16 yanvar kuni ochiqlangan hisobot mualliflari.

O‘zbekiston, deydi Freedom House vitse prezidenti, yana “yomonlarning yomoni” bo‘lib qoldi.

- Markaziy Osiyo siyosiy va ijtimoiy erkinliklar vaziyati dunyodagi eng yomon bo‘lgan mintaqalardan hisoblanadi. O‘zbekiston va Turkmaniston esa, biz “yomonlarning yomoni” deb ataydigan mamlakatlar toifasida qolmoqda, deydi Arch Paddington.

Markaziy Osiyo mintaqasida Tojikiston va Qozog‘istonda siyosiy va fuqaroviy erkinliklarga oid vaziyat O‘zbekistondagidan birmuncha yaxshiroq, deb baholangan. Mintaqa mamlakatlaridan faqatgina Qirg‘izston siyosiy va ijtimoiy jihatdan qisman erkin mamlakatlar toifasiga qo‘shilgan.

O‘zbekiston Turkmaniston bilan bir qatorda dunyoning eng yopiq va repressiv davlatlari hisoblanib kelgan Suriya, Somali, Shimoliy Koreya va Zimbabve kabi mamlakatlardan ham repressivroq, deb tasniflangan hisobotda.

Paddington qisman erkin mamlakatlar toifasiga kirib qolgan sobiq ittifoq davlatlarining ba‘zilari hsiobga olinmaganda, Yevroosiyo ulkan repressiv mintaqaga aylanib borayotganidan tashvish bildiradi.

- Yevroosiyo mintaqasida vaziyat biroz yaxshilangan Gruziya, Armaniston va Moldova erkin bo‘lmagan mamlakatlarning ulkan dengizidagi sanoqli yorqin nuqtalar bo‘lib qolmoqda, deydi Arch Paddington.

Hisobotda “Rossiyada temir mushtning qaytishi”, deb tasniflangan jarayon butun mintaqadagi vaziyatga ta‘sir qilgani qayd etiladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yili jaomat namoyishlari, fuqaroviy jamiyat faoliyati hamda matbuot va internetda erkin fikr bildirishga cheklovlar qo‘yib “erkin jamiyatlar qadriyatlariga oyoq qo‘ydi”, deyiladi hisobotda.

Shuningdek Freedom House tadqiqotchilari Qozog‘iston hukumati 2011 yilgi Janao‘zendagi qonli voqealardan keyin 2012 yil davomida muxolifat va mustaqil matbuotga nisbatan bosimlarni kuchaytirgani qayd etiladi.

So‘nggi yetti yildan beri e‘lon qilinayotgan hisobotlarda siyosiy va ijtimoiy erkinliklarga doir vaziyat yomonlashayotgan mamlakatlar, yaxshilanayotganlaridan ko‘proq ekani kuzatilmoqda. Bu yilgi hisobotda 16 mamlkatda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargani, 28 mamlakatda esa yomonlashgani qayd etilgan. Shu bilan birga erkin mamlakatlar toifasidagi davlatlar soni biroz ko‘payib 90tani tashkil qilgan.
XS
SM
MD
LG